"Suv urushga ham, tinchlikka ham sabab bo‘lishi mumkin"

Image copyright none

Farg‘ona vodiysida suv mojarosi yuzasidan kuchayib borayotgan tanglikni yumshatishning yo‘li bor: Buning uchun Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston suv va elektr energiyasidan bir-birlariga bosim o‘tkazish quroli sifatida foydalanmasliklari lozim.

Buning o‘rniga, bu uch qo‘shni davlat asosiy e‘tiborlarini mavjud muammoga birato‘lasiga barham berish umidida kamida ikki tomonlama kelishuvlarga erishishga qaratishlari kerak.

Bunday tavsiya bilan Xalqaro Inqiroz Guruhini o‘zining "Markaziy Osiyodagi suv bosimi" nomli yangi hisobotida chiqqan.

Ammo, guruhning Markaziy Osiyo bo‘yicha loyihasi rahbari Deyrdre Taynanning aytishicha, "korruptsiya, yashirin manfaatlar va har uch davlatning bir-birlariga yon bermaslik mavqei mavjud muammoga o‘zaro maqbul yechim topishga to‘sqinlik qiladi".

Unga ko‘ra, buning o‘rniga, qishloq xo‘jaligi va energetika sohasini hamkorlikda isloh qilishga asosiy e‘tiborlarini qaratishsa, bu - har uch davlat uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Lekin, Xalqaro Inqiroz Guruhi yuqori martabali vakilining aytishicha, bu - mintaqa davlatlari liderlarining o‘z mavqe‘larini keskin o‘zgartirishlarini taqozo etadi.

Image copyright AP

Guruh, o‘z o‘rnida, Markaziy Osiyoda suv nega muammoga aylanayotgani yuzasidan o‘z tahlili tafsilotlariga to‘xtaladi.

"Mintaqaning ikki davlati: Qirg‘iziston va Tojikistonda suv keragidan ortiq. Qolgan uch davlat esa, Markaziy Osiyodagi ikki yirik chegaralarosha daryo: Amudaryo va Sirdaryodan keragicha suv olishmayotganini ta‘kidlashadi. Xuddi shu bois, ayniqsa, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda tanglik kuchayib bormoqda", - deya xulosa qiladi Xalqaro Inqiroz guruhi.

O‘tgan yil esa, AQSh Milliy Josuslik Kengashi 2030 yilga borib, suv zaxiralari Markaziy Osiyoda ham ichkiyu tashqi nizolarning eng asosiy omiliga aylanishi mumkinligi bilan ogohlantirgandi.

Kengash o‘zining yillik hisobotida o‘sha paytga borib, suv zaxiralari mintaqa davlatlari uchun qolgan barcha foydali qazilmalardan ko‘ra ham muhimroq ahamiyat kasb etishini ta‘kidlagandi.

Unda aytilishicha, "Suv manbalari yuzasidan asosiy tanglik kamari Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo orqali shimoliy Xitoygacha boradi".

AQSh Milliy Josuslik Kengashi hisob-kitoblarga qaralsa, ushbu mintaqalarda suv zaxiralari yuzasidan tanglikning kelib chiqishi uchun suv ta‘minoti yiliga kishi boshiga 1.700 kubometrdan pastga tushib ketishining o‘zi kifoya qiladi.

Ularga ko‘ra, bu gal shunga o‘xshash mojarolar vujudga kelgan taqdirda, aksariyat holatlarda ularning tinch yo‘l bilan yakun topishiga yetaklagan o‘tmish tajribasi ham ish bermasligi mumkin.

"Markaziy Osiyodagi suv bosimi"

Image copyright none

Xalqaro Inqiroz Guruhining yangi hisobotida aytilishicha, 2000 yildan buyon Markaziy Osiyo aholisi qariyb 10 millionga ortgan.

Shundoq ham kam bo‘lgan hosildor yerlar esa, haddan ziyod foydalanish va qishloq xo‘jaligini yuritishning eskicha usullari sabab, o‘lib bormoqda.

Keng ildiz otgan korruptsiya, mavjud infratuzilmalarning suv isrof bo‘lishining oldini olishga yaroqsizligi va iqlim o‘zgarishi mintaqa uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Chunki iqtisodiyot zaiflashib bormoqda, bundan tashqari, mintaqada millatchilik kuchaymoqda, chegara mojarolari bo‘y ko‘rsatmoqda. Bularning barchasi natijasida mintaqadagi suv muammosiga o‘zaro maqbul yechim topish ham qiyinlashib bormoqda, deya xulosa qilinadi yangi hisobotda.

Ammo, Xalqaro Inqiroz Guruhiga ko‘ra, mintaqa liderlari mavjud jiddiy muammolarning birortasi yuzasidan hamkorlikka borishga moyildek ko‘rishmaydi.

Aksincha, ularning orasida o‘zaro ishonchsizlik kuchayib bormoqda, deydi tashkilot.

Image copyright Reuters

"Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar, yillarki, o‘ta sovuqligicha qolmoqda. Karimov bilan barobarida vazirlari ham ko‘proq ogohlantiruvchi ruhdagi bayonotlar bilan chiqishga moyil. Agar, mintaqa davlatlari o‘zlarining tor doiradagi shaxsiy manfaatlari bilan o‘ralashib qolishsa, ularga ko‘mak berish uchun Rossiya, Ovro‘po Ittifoqi va AQSh kabi xalqaro hamkorlarining qo‘llaridan ham deyarli hech narsa kelmaydi", - deydi guruh.

Guruh ekspertlari, o‘z o‘rnida, donorlar ko‘magi bilan mintaqada suv ta‘minotini yaxshilashga qaratilgan ayrim mahalliy sa‘y-harakatlar ish bergani ham e‘tirof etishsa-da, korruptsiya yanada yirikroq loyihalar ijrosini bir tiyinga chiqargani ham alohida ta‘kidlashadi.

Ammo, shunda ham, Xalqaro Inqiroz Guruhi suv muammosi Markaziy Osiyoda tinchlikka xizmat qilishi ehtimolini nazardan soqit etmaydi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, suv va elektr energiyasining adolatli taqsimoti va ayirboshi barcha tomonlarga sezilarli foyda keltirmay qolmaydi.

Mintaqadagi mavjud suv muammosining yechilishi chegaraosha nizolarni yumshatish va hatto, butkul hal etishga yordam beradi.

Suv ta‘minoti bilan bog‘liq infratuzilmaning yaxshilanishi mintaqadagi tinchlik va siyosiy barqarorlik uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi, Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodini yuksaltirib, taraqqiyotiga xizmat qilishi mumkin, deya xulosa qiladi Xalqaro Inqiroz Guruhi.

Vaziyat urushgacha boradimi?

Image copyright AFP

Mahalliy tahlilchilar ham suv zaxiralari yuzasidan ayrim Markaziy Osiyo davlatlari orasida allaqachon kelishmovchiliklarning mavjudligi, aholi sonining ortishi va energiya mahsulotlariga bo‘lgan talabning kuchayishi mavjud nizolarni yanada olovlantirishi ehtimolini inkor etishmaydi.

Ammo, ayrim siyosiy tahlilchilarning aytishlaricha, mintaqa davlatlari suv ustidan qurolli urushlar tanlovigacha borishmaydi.

Ularga ko‘ra, mavjud suv muammosining yechimlari haqida faqat Markaziy Osiyoda yaqin yillarda kutilayotgan o‘zgarishlardan keyingina so‘z yuritish mumkin bo‘ladi.

Yaqinda Londonda nashr etiluvchi nufuzli "Ekonomist" haftaligi ham suv ustidan bo‘layotgan aytishuvlar Markaziy Osiyodagi shundoq ham qaltis vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkinligini bashorat qilgandi.

Haftalikka ko‘ra, mavjud vaziyat Nato mulozimlarini tashvishga solmay qo‘ymagan.

Chunki mintaqadagi uch davlat Afg‘onistondagi xalqaro ittifoq kuchlarining ta‘minotida muhim o‘rin tutishadi va Natoning Afg‘onistondan ortga safarbarligida ham katta rol o‘ynashlari kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, Qozog‘istonga qilgan so‘nggi safarlaridan birida Tojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib, "vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi ehtimol", - deya ogohlantirgandi.

O‘zbekiston rahbarining bu bayonoti esa, mintaqadagi ayrim davlatlar tomonidan xavotir bilan ham qarshi olingandi.

Rasmiy Toshkent, yillarki, "chegaralarosha daryolar masalasida mintaqa davlatlari jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq tutishi lozim"ligini ta‘kidlab keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02