"Islomiy Davlat" jangarilari soni aniq bo‘ldi

Image copyright AP

Amerika Josuslik Xizmatining yangi hisob-kitoblariga tayanilsa, bu mutaassib jihodiy guruh Iroq va Suriyada ja‘mi 31.000 jangarisiga ega.

Bu esa, avval xayol qilinganidan uch barobariga ko‘p deganidir.

Yangi raqamlar Amerika Josuslik Xizmatining o‘tgan to‘rt oy ichida qo‘lga kiritgan ma‘lumotlariga asoslanadi.

"Islomiy Davlat" o‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi katta hududlarni bosib olgan.

Yaqinda o‘z nazorati ostidagi mintaqalarda islomiy xalifat e‘lon qilgan.

Qator g‘arblik jurnalist va yordam xodimlarini asirga olgan.

AQSh havo hujumlariga javoban, ikki amerikalik jurnalistning boshini tanasidan judo qilgan.

Iroqdagi sunniy bo‘lmagan musulmonlar va boshqa din vakillarini qatag‘on qilishni boshlagan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri guruhga qarshi kurashda bizga qo‘shiling deb, kecha payshanba kuni YaQin Sharq davlatlariga safarini boshlagan.

Dastlabki taxminlar

Image copyright AFP

Agar, matbuot voizining so‘zlariga tayanilsa, AQSh Josuslik Xizmati "Islomiy Davlat" guruhi jangarilarining sonini dastlab 10.000 ga yaqin, deb taxmin qilgan.

Matbuot voiziga ko‘ra, yangi raqamlar guruh a‘zolari soni keskin ortgani, ular katta muvaffaqiyatlarga erishib, o‘z xalifaliklarini e‘lon qilgan iyun oyidan buyon ko‘plab yangi jangarilarni yollashga muvaffaq bo‘lishganini ko‘rsatadi.

Yangi ma‘lumotlar AQSh Prezidenti Barak Obama mamlakatining "Islomiy Davlat"ni yakson etishga qaratilgan harbiy rejasini ochiqlashi ortidan o‘rtaga chiqmoqda.

Prezident Obama yangi rejasi doirasida ilk bor Suriyada ham havo hujumlari uyushtirishga ruxsat bergan.

"Islomiy Davlat" o‘tgan yaqin oylar ichida tayanch nuqtasi bo‘lgan sharqiy Suriya qolib, Iroqdagi ko‘plab shaharlar, harbiy bazalar va qurol-yarog‘ omborlarini qo‘lga kiritgan.

AQSh allaqachon guruhning Iroqdagi mavqe‘lariga qarshi 150 dan ortiq havo hujumi uyushtirgan.

Iroq hukumati va Kurd kuchlariga ko‘mak berishlari uchun yuzlab harbiy maslahatchilarini ham yuborgan.

Yangi Bosh qo‘mondon

Image copyright AFP

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, "Islomiy Davlat"ga qarshi xalqaro harbiy amaliyotlarga AQSh Dengiz piyoda qo‘shinlarining iste‘fodagi generali Jon Allen boshchilik qiladi.

General Allen harbiy amaliyotlarning moliyaviy va moddiy-texnik ta‘minoti bilan shug‘ullanadi.

Shaxsiy tarkibni tayyorlaydi va kolatsiya a‘zolaridan kimning qancha qurol-yarog‘ yetkazib berishini belgilaydi.

AQSh generali bu masalada katta tajribaga ega: U bundan avval Iroq va Afg‘onistonda xuddi shu ish bilan shug‘ullangan.

2006 yilda Iroqdagi "Al-Qoida" tarmog‘iga qarshi harbiy amaliyotlarni uyushtirishga bosh-qosh bo‘lgan.

Bugunga kelib, Saudiya Arabistoni doxil 10 arab davlati "Islomiy Davlat"ga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishgan.

Hozir Turkiyada bo‘lgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri endi rasmiy Anqaraning ham bu xususdagi dastagini qo‘lga kiritmoqchi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Turkiya Natoga a‘zo davlat siftida hamkorlikka oid hujjatga imzo chekishdan bo‘yin tortgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bunga "Islomiy Davlat" guruhi ellikka yaqin turk fuqarosini asirda ushlab turgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Tutqundagi Turkiya fuqarolari orasida diplomatlarning ham borligi aytiladi.

Ammo AQSh Davlat kotibi ko‘proq hamkorlik ilinjida endi bu xususda Turkiya hukumatiga murojaat qilmoqchi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02