NATO Ukrainaga qurol jo‘natmoqdami?

Image copyright AFP
Image caption Ukrainlar Rossiyadan o‘zlarini himoya qilish uchun NATOga umid ko‘zini tikishmoqda

"NATO davlatlari Ukraianaga qurol-yarog‘ yuborishni boshlashdi" - deb bayonot berdi Ukraina Mudofaa vaziri Valeriy Geletey.

Ammo u aynan qaysi davlatlar qanday qurollar berishayotgani haqida tafsilotlarni oshkor etgani yo‘q.

Bu kabi bayonotlarni oldinroq NATOga a‘zo besh davlat, xususan, AQSh ham rad etgandi.

Ayni damda, Kiyev oliy harbiy muloizmiga ko‘ra, uning davlatini faqat NATOgina Rossiyadan himoya qila oladi.

G‘arb va Kiyev vakillari Rossiyani Ukraina ichki ishlariga aralashish, bu yerdagi rossiyaparast jangarilarni qo‘llab-quvvatlash hamda Ukraina hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish kabi amallarda ayblashadi.

Ammo Moskva vakillariga binoan, ular Ukrainaga hech hachon qo‘shin yuborishmagan, u yerdagi rossiyaparast jangarilarga yordam ko‘rsatishmagan va o‘tgan aprel oyidan beri Donetsk hamda Luganskda davom etayotgan janglarga Kremlning aloqasi yo‘q.

Sharqiy Ukrainada qariyb yarim yildan beri davom etayotgan nizolarda 2600 nafardan ziyod inson halok bo‘ldi.

Joriy oy boshida e‘lon qilingan otashkesim esa to‘la samara bermayapti va zo‘ravonlik hamda hujumlar hamon uchrab turibdi.

Qurol kelishuvi

Image copyright AP
Image caption Valeriy Geleteyga ko‘ra, NATO davlatlari Ukrainaga qurol-aslaha jo‘natishni boshlashgan

Ukraina Mudofaa vazirining aytishicha, shu oy Uelsda o‘tgan NATO sammitida qurol-aslaha yetkazish borasida kelishuvga erishilgan.

"Biz aynan qaysi davlat bilan bu borada kelishuvga borganimizni oshkor eta olmayman" - dedi Valeriy Geletey - "Ammo mazkur qurollarni bizga jo‘natishganini rasman tasdiqlay olaman".

Janob Geleteyga ko‘ra, NATO qurollari yordamida ular Rossiya prezidenti Vladimir Putinni "to‘xtatishni" istashadi.

Valeriy Geletey janoblariga muvofiq, kelajakda Ukraina yadroviy qurollari arsenalini qayta tiklash sa‘y-harakatlari ham e‘tibordan soqit qilinmaydi.

NATO rasmiylarining urg‘ulashicha, ular ittifoqqa a‘zo bo‘lmagan Ukraina kabi davlatga halokatli qurol-aslaha jo‘natishmaydi.

Ayni damda, NATOga a‘zo biron davlat o‘z tashabbusi bilan Kiyevga qurol-aslahadan yordam berishi ham mumkinligini ham inkor etishmadi.

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk o‘zining so‘nggi bayonotida "Rossiya mening mamlakatimni yo‘q qilmoqchi" deb aytgan.

Unga ko‘ra, sharqiy Ukrainadagi mojaroda "asosiy tajovuzkor" bu - Rossiya.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02