Xushtorini o‘ldirgan sportchi aybdor deb topildi

Image copyright AFP

Pretoriya mahkamasi janubiy afrikalik taniqli yuguruvchi Oskar Pistoriusni ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirishda aybdor, degan xulosaga keldi.

Bu xususdagi mahkama hukmi 13 oktyabr kuni e‘lon qilinadi.

Nogiron sportchining o‘zi esa, ungacha tovon puli evaziga ozodlikka chiqarildi.

Ikki oyog‘i amputatsiya qilingan Oskar Pistorius 2012 yilgi London Yozgi Paralimpiya O‘yinlarining oltin medali sohibi sanaladi.

Avvalboshda sportchiga o‘z xushtori Riva Stinkampni qasdan o‘ldirish aybi qo‘yilgandi.

Image copyright AFP

Ammo, bugun hakam Tokozile Masipaning e‘lon qilishicha, mahkama jarayonida bu kabi ayblov o‘z isbotini topmagan.

Juma kungi mahkama jarayonida hakam Pistoriusni mashina derazasidan o‘q uzishda aybdor, deb topgan.

Bundan tashqari, odamlar bilan to‘la restoranga qarata o‘t ochish bilan yana qonunni buzganligini aytgan.

Image copyright Getty

Ammo sportchidan o‘z uyida noqonuniy ravishda o‘q-dori saqlash aybi olib tashlangan.

Janubiy Afrika prokuraturasi mahkama hukmidan hafsalasi pir bo‘lganligini bildirgan.

Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi esa, Oskar Pistoriusning sport musobaqalarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligini aytgan.

U sport ishqibozlari orasida "Tig‘ ustida yuguruvchi" nomi bilan ham mashhur.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02