Karimov Tojik xalqiga umid baxsh etdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright Tajik President Press Office
Image caption Islom Karimov va Imomali Rahmon do‘stona uchrashuv o‘tkazishdi

"Qo‘shnilarim televizorda Islom Karimovning kecha Imomali Rahmon bilan quchoqlashib ko‘rishganini ko‘rib, xursand bo‘lib ketishibdi".

"Ular mening oldimga kelib, endi O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz yaxshilanadimi, o‘rtadagi qiyinchilik va muammolar hal bo‘ladimi, viza tizimi bekor bo‘lib, bordi-keldi ochiladimi, deb so‘rashmoqda".

BBCning dushanbelik muxbiri Mardon Muhammad O‘zbekiston prezidentining o‘tgan 6 yil davomida ilk bora Tojikistonga kelgani o‘z hamyurtlari orasida ana shunday umid va xursandchilik bilan qarshilayotganini aytadi.

Muxbirimizga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida Tojikiston matbuotida O‘zbekistonni tanqid qiladigan chiqishlar keskin kamaygan.

Islom Karimov Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Tojikistonga borgan.

Tojikiston hukumati ham bu tashrifga alohida e‘tibor qaratib, mehmonlar sharafiga tashkil etilgan kontsertda aynan o‘zbekcha musiqa va raqs namoyish etdi hamda zaldagi yirik ekrandan Toshkent manzaralarini ko‘rsatib turdi.

"Mustahzod" ashulasi - ham o‘zbeklar va ham tojiklarning milliy mumtoz san‘at asari. Lekin mezbon Tojikiston aynan o‘zbekcha "Mustahzod"ni namoyish etdi.

Raqqosalar ham Farg‘ona beqasamida sahnaga chiqdilar.

Bu o‘zbek va tojik xalqlarining qanchalik yaqinligini ko‘rsatuvchi san‘at asari va Tojikistonning o‘z qo‘shnisi O‘zbekistonga nisbatan do‘stona ishorasi, deb ham izohlanmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02