Toshkentda Rossiya va Eron g‘alaba gashtini surishdi

Image copyright iawf

Bu ikki mamlakat vakillari umumjamoa hisobida sport kurashi bo‘yicha O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan bu yilgi jahon chempionatining oltin medallarini qo‘lga kiritishdi. Ayollar bahslarida esa, eng yaxshi natijani Yaponiya jamoasi qayd etdi.

Rossiyalik kurashchilar chempionatning dastlab bo‘lib o‘tgan erkin kurash bahslarida 5 oltin va bir bronza medali bilan hammadan ko‘p (62) ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lishgandi.

Eron jamoasi esa, Toshkentdagi birinchilikka yakun yasab bergan yunon-rum kurashi bellashuvlarida bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medali olib, ja‘mi 42 ochko bilan qolgan barcha raqiblarini ortda qoldirib ketdi.

Yunon-rum kurashi bahslarida rossiyalik kurashchilar umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallashdi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, eronlik kurashchi Hamid Sorian O‘zbekiston poytaxtida kecha yakshanba kuni poyoniga yetgan jahon chempionatida o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.

Hamid Sorian 59 kg vazn toifasida oltinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritib, yunon-rum kurashi tarixida oltin medallari soni bo‘yicha rossiyalik afsonaviy kurashchi Aleksandr Karelindan keyin ikkinchi eng ko‘p sovrindor kurashchiga aylandi.

Aleksandr Karelin yunon-rum kurashi bo‘yicha 9 karra jahon chempioni sanaladi.

Image copyright AFP

Toshkent mezbonlik qilganiga qaramay, saflarida nomdor kurashchilari oz bo‘lmagan O‘zbekiston jamoasi erkin va yunon-rum kurashi musobaqalarini bittadan bronza medali bilan yakunladi.

O‘zbekistonlik erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonov 79 kg vazn toifasida jamoasi hisobiga ilk medalni keltirgan bo‘lsa, ikki karra Osiyo chempioni Elmurod Tasmurodov 59 kg vazn toifasida yunon-rum kurashi bahslarida sovrinli uchinchi o‘rinni egalladi.

Ayollar kurashi bahslarida esa, to‘rtta oltin va bitta bronza medalini qo‘lga kiritgan Yaponiya jamoasi eng yaxshi natija qayd etdi.

Bu yaqin yillar ichidagi eng yirigi bo‘lishi kutilgan Toshkentdagi jahon chempionatida dunyoning 90 dan ortiq davlatidan 800 dan ziyod kurashchining ishtirok etishi aytilgandi.

Bir haftalik turnir davomida kurashchilar 24 vazn toifasida uch xil kurash turi bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib borishdi.

Birinchilik ishtirokchilari orasida o‘nlab amaldagi va sobiq jahon chempionlari ham bor edi.

Image copyright iawf

Rasman 8 sentyabr kuni start olgan Toshkentdagi sport kurashi bo‘yicha jahon chempionati 14 sentyabr kuni o‘z poyoniga yetdi.

Jahon birinchiligi mudhish Ebola xastaligi g‘arbiy Afrikani o‘z zabtiga olgan bir paytga to‘g‘ri kelgani bilan ham xalqaro ommaviy-axborot vositalarining e‘tiborini o‘ziga tortdi.

O‘zbekiston tomonining tavsiyasi bilan FILA g‘arbiy afrikalik to‘qqiz kurashchining jahon chempionatida ishtirok etishlariga izn bermagani ayon bo‘ldi.

Bundan tashqari, rasmiy xabarlarda bu mudhish xastalik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini g‘arbiy Afrikaning olti davlati vakillarining Toshkentga safarini cheklashga ham majbur qilgani aytildi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, aynan O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan yillik kongressi chog‘ida Xalqaro Kurash Federatsiyasini bundan buyog‘iga Butunjahon Kurash Ittifoqi (UWW), deb atashga ham kelishib olindi.

Nenad Lalovich esa, kongress ishtirokchilari tomonidan yana bir bor uning rahbari etib saylandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02