Ukraina: bo‘lginchi mintaqalarga o‘z-o‘zini boshqarish huquqi berildi

Image copyright AP
Image caption Rada rossiyaparast isyonchilarga amnistiya ham taklif etdi

Ukraina parlamenti bo‘lginchi sharqiy mintaqalarga vaqtinchalik o‘z-o‘zini boshqarish huquqini beruvchi qonunni qabul qildi.

Qonundan maqsad ushbu mintaqalardagi isyonchilikka barham berishdir.

Rada deputatlari shuningdek, Prezident Poroshenkoning o‘zini "Donbass Xalq Respublikalari" deb atagan tuzilmalar tarafdorlariga amnistiya qo‘llash haqidagi taklifini ham ma‘qullashgan.

Unga muvofiq, isyonchilar bir oy ichida hech kimni garovda ushlab turmagan yoki ozod etganlari, o‘qotar qurollar, harbiy texnika va portlovchi moddalarni davlatga ixtiyoriy ravishda topshirganlari va davlat hamda o‘z-o‘zini boshqarish idoralarini egallab turmaganlari taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar.

Qonunda aytilishicha, shu yilning 17 iyulida Donetsk viloyatida "Malayziya havo yo‘llari"ga qarashli MN17 uchog‘ining urib tushirilishiga aloqador va aviahalokat yuzasidan tekshiruvga to‘sqinlik qilgan shaxslarga nisbatan avf qo‘lanilmaydi.

"Mustaqillik emas"

Image copyright Getty

Avvalroq Prezident Poroshenko ukrain parlamentidan Donbass mintaqasining maxsus maqomi haqidagi qonunni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

Unga ko‘ra, bu 5 sentyabr kuni Minskda erishilgan Ukraina sharqidagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim.

Janob Poroshenko Minskda bitimida "hech qanday ajralib chiqish" haqida so‘z bormasligini ta‘kidlagan.

"Hujjat butun Donbass hududi, jumladan, hozirda jangarilar vaqtinchalik nazorat qilayotgan hududda ham Ukraina suverenitetining qayta tiklanishi va saqlanishini nazarda tutadi. Bu hudud Ukrainaning huquqiy maydoniga qaytadi", - deb aytgan Prezident Poroshenko.

Ayni paytda isyonchilar rahbarlaridan Andrey Purgin Kiyev bilan muzokaralarda "mustaqillik mavqeyi"dan kelib chiqishlarini aytgan.

"Ukraina tomonidan qandaydir qonunlarni qabul qilish Ukrainaning ichki ishi va DXR ga hech qanday aloqasi yo‘q. Biz mustaqil davlatmiz va Ukraina bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalariga umid qilamiz", deya Purginning so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti agentligi.

"Tarixiy kun"

Ayni paytda Ovro‘po parlamenti Ukraina bilan assotsiatsiya bitimini ma‘qullagan.

Bitim ikki tomon o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlashni nazarda tutadi.

Prezident Poroshenko bitimning imzolanishini "tarixiy kun" deb atagan.

Ammo bitimning erkin savdo haqidagi bandi dekabr oyigacha tadbiq etilmaydi.

Bu Ovro‘po Ittifoqining Rossiyaga sezilarli yon berishi deya talqin etilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02