Gulnoraning voizi: "Shveytsariyada o‘zini himoya qilishga izn berilsin"

Gulnora Karimovadan olingani ishonilgan oxirgi suratlarda qo‘riqchilar O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizining yo‘lini to‘sib, yurishga izn bermayotgani namoyon bo‘ladi. Bu suratlar Gulnora Karimova hibsda saqlanayotgan uyida olingani ishoniladi.

Suratlarning ikkisida Karimova xonim qo‘riqchilar bilan aftidan aytishayotgani, ular esa bevosita uning qo‘lidan ushlab turganlari aks etgan.

Bir vaqtlar otasi Islom Karimovning me‘rosxo‘ri deb ko‘rilgan, hamda yirik biznes imperiyasiga ega bo‘lgan Karimova xonim o‘tgan oy ommaga qilgan audio-murojaatida o‘zi va 16 yoshli qizi Iymon "itlardan battar" ahvolda ushlab turilganlari va tibbiy yordamga muhtoj ekanliklarini aytgan.

Gulnora Karimovadan olinayotgan ma‘lumotlarni Londonda joylashgan "Deyvidson, Rayan, Dor" ('Davidson, Ryan, Dore') piar shirkati tarqatmoqda. Shirkatning asoschilaridan biri Loksli Rayan (Locksley Ryan) Karimova xonimning voizi sifatida amal qilayapti.

Janob Rayan BBC o‘zbek xizmati bilan suhbatda Karimova xonim qismatiga xalqaro e‘tiborni qaratish va huquq ustivorligini ta‘minlash uchun ish olib borayotganini aytdi. BBC avvalo undan aynan kim uni yollaganini so‘radi.

Rayan: Bizni uch oy avval yollashdi. Bizni Gulnoraning oilasi va do‘stlari yollashdi. Xalqaro miqyosda.

BBC: Demak, ularning ichida Gulnora Karimovaning Londondagi o‘g‘li Islom ham bo‘lsa kerak?

Rayan: Sizni ajablantirmasa kerak, men bu jarayondagi shaxslarni ochiqlab o‘tirmayman.

BBC: Gulnoraning voizi sifatida uning o‘y-fikrlari va uning ahvoli haqidagi ma‘lumotni ommaga yetkazishingiz kerak. U bilan bevosita bog‘lanish imkoni bormi sizda?

Rayan: U bilan bog‘lanishning qator yo‘llari bor bizda. O‘zingizga ma‘lum bo‘lsa kerak, bu juda ham mushkul. Lekin, bundan tashqari, sizga biron tafsilotni bera olmayman.

BBC: Gulnora Karimovadan audio, video va mana bugun suratlar olinmoqda. Bu oxirgi suratlar sizga kelib tushdimi va siz ularni ommaga tarqatayapsizmi?

Rayan: Bizni xavotirga soladigan joyi shuki, masalan video va audio tasmalarni olganimizdan keyin, Gulnoraning uyidagi barcha xizmatkorlar boshqa joylarga ko‘chirildi. Biz onda-sonda ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘layapmiz, lekin bu juda qiyin. Ular bizga kelib tushadi va biz ularni tarqatayapmiz.

BBC: Oxirgi suratlardan biz qanday ma‘lumot olishimiz mumkin?

Rayan: Suratlardan ayon bo‘layotgani shuki, u har kuni 24 soat davomida qo‘riqchilar nazorati ostida qolayapti. U hatto toza havodan nafas olish uchun yoki ko‘proq oziq-ovqat so‘rash uchun eshikdan chiqsa, unga mana shunday munosabat qilishayapti.

BBC: Lekin, bu o‘zbek qamoqxonasiga o‘xshamaydi, va u kamerada saqlanmayapti.

Rayan: U o‘zbek qamoqxonasida emas, u uy hibsida. Lekin, boshqalardan mutlaqo ixotalab qo‘yilgan. U faqat o‘zi bilan tutqunlikda qolayotgan qizi va uni taxqirlayotgan qo‘riqchilar bilan muloqot qila oladi, xolos.

BBC: Agar u shunchalar qattiq nazorat ostida qolayotgan bo‘lsa, qanday qilib suratlar tashqariga chiqayapti?

Rayan: Gulnoraning do‘stlari yordam berayapti buni amalga oshirishda. Ularning kimligini men ochiqlay olmayman.

BBC: Gulnora Karimova O‘zbekiston bosh prokuraturasi tomonidan uyushgan jinoiy guruh a‘zosi deya elon qilingan. Biroq, shaxsan unga qarshi jinoiy ish ochilgan yo ochilmaganidan siz xabardormisiz?

Rayan: Muammo shuki, buni hech qachon bila olmaymiz. Biz bilishimizcha, Gulnoraga yaqin bo‘lgan sheriklari harbiy sudga tortilgan va qamalganlar. Buni hech kim bilmay qoldi. Rasmiy ayblov e‘lon qilinmayapti, himoyachilar yollanmayapti va ochiq tarzda mahkama o‘tkazilmayapti. Shuning uchun ham biz juda bir oddiy narsani iltimos qilayapmiz, u ham bo‘lsa, agar u qandaydir noqonuniy ish qilgan bo‘lsa, u ana shu da‘volarga javob bersin. Unga Shveytsariyaga borib, o‘ziga qarshi ayblovlar bo‘yicha sud oldida javob berishga izn berilsin.

BBC: Siz shunga erishmoqchi bo‘layapsizmi?

Rayan: Birinchi qadam sifatida biz, agar Shveytsariya undan qandaydir savollarni so‘rashni istayotgan bo‘lsa, Shveytsariyaning Toshkentdagi elchisini Gulnoraning oldiga yuborilishi va u bilan suhbatlashishini so‘rayapmiz.

BBC: Demak, siz Shveytsariya hukumatidan uning ekstraditsiya etilishini talab qilishini so‘rayapsizmi?

Rayan: Buni hukumatlar hal qiladi. Chunki hozir yuzaga kelgan vaziyat shundayki, unga qarshi har xil iddaolar chiqqan, u esa qamab qo‘yilgan va iddaolarga javob qaytara olmayapti ekan, butun dunyo uni aybdor deb o‘ylayapti. Unga mahkamada ana shu iddaolarga qarshi chiqishga imkoniyat berilsin.

BBC: Siz bu ishlarni insonparvarlik nuqtai nazaridan qilmayotgan bo‘lsangiz kerak, chunki O‘zbekiston qamoqxonalarida Gulnora Karimovadan ancha yomonroq ahvolda yotgan odamlar ko‘p. Sizning xizmatlaringiz pulli bo‘lsa kerak?

Rayan: Ha, bizga pul to‘lashayapti.

BBC: Aniq miqdorni ochiqlashingizni kutmaymiz, lekin piar xizmatlaringiz arzon bo‘lmasa kerak?

Rayan: Bu haqida gapirib o‘tirmayman. Biz kichik shirkatmiz, biz vazifaga qarab to‘lovni belgilaymiz va u Londondagi boshqa shirkatlarniki bilan raqobatbardosh.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer