Ukraina: Bo‘lginchilar mustaqillik uchun kurashni davom ettirmoqchilar

Image copyright EPA

Ukraina sharqidagi isyonchilarning nufuzli rahbarlaridan birining BBCga aytishicha, o‘z-o‘zini boshqarish borasidagi yangi qonun ularni mustaqillik talabidan voz kechishga ko‘ndira olmaydi.

Andrey Purginning aytishicha, isyonchilar Ukrainadagi markaziy hukumat bilan qandaydir siyosiy aloqa o‘rnatish ilinjida emaslar va federal yo boshqa siyosiy kelishuvga rozi bo‘lmaydilar.

Lekin, u ukrain parlamenti vakillarining Rossiyaparast isyonchilarni avf etish va ularga o‘z-o‘zini boshqarish vakolatini berish harakatlarida "ijobiy" jihatlar borligini aytdi.

Uning aytishicha, bu ijobiy jihatlar o‘zaro muloqotda qo‘l kelishi mumkin, biroq, isyonchilar "rus dunyosi"ga erishish niyatlaridan kechmaydilar.

Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi bo‘lginchilarga mustaqil hokimiyat vakolatini beruvchi yangi qonunni ba‘zi ukrain deputatlari "taslim bo‘lish" deya qoralashgan.

Image copyright AFP
Image caption Ukraina sharqida o‘n minglab odamlar uylarini tashlab qochganlar

5 sentyabrda erishilgan otashkesim bo‘lginchilar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida oylab davom etgan qonli ziddiyatni to‘xtatdi. O‘tgan 12 kun ichida onda-sonda yuz berib turgan otishmalar hisobga olinmasa, otashkesimga bo‘ysunilmoqda.

O‘zini Donetsk Xalq Respublikasi deb atagan hududning bosh vaziri muovini janob Purginga ko‘ra, Ukraina parlamentining yangi qonuni amalda "muzokaralar stoliga taklif"dir.

"Birinchi ijobiy jihati shuki, bizni endi terrorchi deya tasvirlashmayapti. Ikkinchidan, bu qonunga ko‘ra, biz tashqi siyosat va iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish huquqiga egamiz", - dedi u.

Janob Purginga ko‘ra, Ukraina parlamenti Ukraina uchun qonunlarga ovoz beradi, isyonchilarda esa "o‘z qonunlarini ishlab chiqaruvchi oliy kengash mavjud".

U, shuningdek, Ovro‘poni imi-jimida Ukrainadagi rusiyzabon aholini yo‘q qilish niyatida bo‘lishda aybladi.

"Rusiyzabon fuqarolarning huquqlari uchun minglab odamlar jon berdi. Ular rus dunyosining bir qismi bo‘lish huquqi, rus bo‘lish huquqi uchun jon berdilar. Ukraina Ovro‘poning eng chirigan, qashshoq va poraxo‘r mamlakati", - dedi u.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer