Alisher Usmonov "VKontakte" ning yagona sohibiga aylandi

Image copyright AFP

Xabarlarga ko‘ra, asli o‘zbekistonlik milliarderga tegishli Mail.ru Group internet-xolding shirkati Rossiyadagi eng ommabop ijtimoiy muloqot tarmog‘ining so‘nggi hissalarini ham qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Shirkatning shu hafta boshida e‘lon qilishicha, "VKontakte"ning United Capital Partners jamg‘armasi ixtiyorida bo‘lgan 48.01 foiz hissasini sotib olgan.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, so‘nggi xaridi Alisher Usmonovning internet-xolding shirkatiga 1.47 milliard dollarga tushgan.

Ungacha ham Mail.ru Group ushbu ijtimoiy muloqot tarmog‘ining eng yirik hissadori bo‘lgan.

"VKontakte"ning 51.99 foiz hissasi Alisher Usmonov nazorati ostidagi internet-xolding shirkatiga tegishli bo‘lgan.

2006 yilda ishga tushirilgan "VKontakte" hanuz Rossiyadagi eng ommabop ijtimoiy tarmoqligicha qolmoqda.

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirga kelib undan 53 millionga yaqin odam foydalanadi.

Bu – Rossiyada ikkinchi ommabop bo‘lgan "Odnoklassniki" foydalanuvchilaridan 10 millionga ko‘p degani.

Deylik, joriy paytda "Odnoklassniki" Rossiyada - 42.6 mln, "Moy Mir" - 30,6 mln va Facebook - 25,4 mln foydalanuvchisiga ega.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Alisher Usmonov "Odnoklassniki" va "Moy Mir" ijtimoiy muloqot tarmoqlariga ham egalik qiladi.

Mahkama mojarosi

Image copyright Getty Images

Ilya Sherbovichning United Capital Partners jamg‘armasi o‘tgan yil bahor oyida "VKontakte" ning ilk sarmoyachilaridan uning 48 foiz hissalarini sotib olgani aytiladi.

Ammo ushbu ijtimoiy muloqot tarmog‘i asoschisi Pavel Durov ushbu oldi-sotdini noqonuniy, deb hisoblaydi.

Uning iddao qilishicha, mavjud kelishuvga muvofiq, "VKontakte" hissalari sotuvchilari o‘z hissalarini eng avvalo amaldagi hissadorlarga taklif etishlari shart bo‘lgan.

Ammo o‘shanda jamg‘arma vakillari ijtimoiy muloqot tarmog‘i hissalarini emas, ularga egalik qilgan ofshor shirkatlarini sotib olishganini aytishadi.

Shu yilning aprel oyida Mail.ru Group ga tegishli Bullion Development Limited ofshor shirkati United Capital Partners ustidan London Arbitraj mahkamasiga murojaat qiladi.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, seshanba kungi oldi-sotdi ortidan, United Capital Partners, Mail.ru va Pavel Durov zudlik bilan mahkama bilan bog‘liq barcha mashmashalarga yakun yasashga kelishib olishgan.

"Rossiyada boylarning boyi"

Image copyright AFP

Shu yil boshida AQShda chop etiluvchi nufuzli Forbes jurnali Alisher Usmonovni Rossiyada boylarning boyi, deb topgandi.

Forbes janob Usmonovning boyligini $18.6 milliard dollar, deb baholagandi.

Shuncha boyligi bilan Alisher Usmonov dunyo milliarderlari orasida 40-o‘rinni egallagandi.

Buning ortidan, Sunday Times nashri ham asli o‘zbekistonlik milliarderni Britaniyaning ikkita eng boy odamidan bittasi, deb topgandi.

London tashqarisidagi Sarrey tumanida yashovchi 60 yoshli tadbirkor "Arsenal" futbol klubining 30 foiz hissalari va Rossiyaning "Metalloinvest" temir ishlab chiqarish shirkatiga egalik qiladi.

O‘tgan yili Amerikaning yana bir obro‘li "Blumberg Markets" jurnali Alisher Usmonovni dunyo biznesidagi eng ta‘sirli 50 shaxs ro‘yxatiga ham kiritgandi.

Biznes

Image copyright RIA Novosti

Janob Usmonov so‘nggi yillarda asosan tog‘-kon sanoatidan ko‘p foyda ko‘rayotgan bo‘lsa ham, internet va mobil shirkatlariga katta pul kiritmoqda.

Uning Apple, Twitter, Facebook, Mail.ru, LinkedIn, Groupon, Zynga, AirBnB, ZocDoc, Klarna, Alibaba va 360buy shirkatlariga ham sarmoya yotqizgani aytiladi.

Yaqinda asli o‘zbekistonlik milliarderning o‘z ixtiyorida bo‘lgan Facebook va Apple hissalarini sotgani xabar qilingandi.

Janob Usmonov o‘z biznes imperiyasini plastik paketlar ishlab chiqarish bilan boshlagan.

Namangan viloyatining Chust shahrida prokuror oilasida tug‘ilgan milliarder hozir neft magnati Jey Pol Gettining Sarreydagi sobiq saroyi Satton Pleys va London shimolidagi 48 million funtlik uyga egalik qilishi aytiladi.

2007 yilda Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Gardian" nashri bilan elektron pochta orqali suhbatda janob Usmonov O‘zbekiston yo boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini bayon qilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02