Toshkentdan maktublar: "Haqni aytmaslik – xiyonat!"

Image caption Toshkentdagi siyosiy repressiya qurbonlariga o‘rnatilgan yodgorlik majmui

O‘tgan asrning elliginchi yillari boshidan "Xalq dushmani" tamg‘asi bilan qamalib chiqqan shoir Shukrulloning mana bu so‘zlarini diniy – siyosiy mahkumlar eslab turishadi:

"Xaqiqatni aytmaslik, bu – xiyonat!".

"Bizning eng katta gunohimiz – savobni unutib qo‘yishimiz".

Qamoqlarda Shukrulloning "Kafansiz ko‘milganlar", "Tirik ruhlar" romanlarini o‘qimagan diniy – siyosiy tutqunlar kam. Bundan ular ruhiy dalda olishganini sezganman. Men ham buni o‘z vujudimda tuyganman.

Qon ichar tuzum shoirni 30 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

30 yilga!..

Nimaga?

Haqni aytganiga.

Haqni yozganiga.

Shukrulloning ovozini butunlay o‘chirish uchun uni abadiy muzliklar bilan qoplangan olis Sibir taygalariga tashlagan. Endi u 30 yil siyosiy mahkumlar bilan to‘lib-toshgan o‘lim lageri (Norilsk)da ajal va zulm bilan yuzma - yuz olishishga majbur.

30 yil!..

- Har kuni o‘liklarni bir – birlarining ustiga tarashaday qalab qo‘yishardi, - deb eslaydi Shukrullo og‘a, - Stalin repressiyasi o‘n millionlarning yostig‘ini quritdi. Bular:

Aql, ongda yetilgan kishilar edi.

El – yurtga qayishgan kishilar edi.

Haq so‘zni aytgan kishilar edi.

Begunoh kishilar edi.

Hammasi kafansiz ko‘mildi.

Yo‘q!

Image copyright shukrullo
Image caption Atoqli adib Shukrullo yaqinda 93 yoshga to‘ldi

Hammasi yuvuqsiz holda yirtiq – yamoq, kir – chir usti boshlari bilan muz qotgan chuqurlarga tashlandi.

Biz tirik qolganlar esa do‘zaxiy azobni boshimizdan kechirardik:

Ochlik,

Qiynoq,

Tahqir,

O‘lat...

Yana har so‘zida qalbni yaralovchi tuhmat:

"Vatan xoini!"

Odamzod vahshiyligining chegarasi yo‘q. Uning yovuzligi oldida ajdarho ham halvo. Eng yirtqich hayvon ham.

El orasida: "Tangri o‘zi suygan bandasini sinaydi" degan so‘z yuradi. Hadisda ham shunga yaqin gap bor:

"Xayrli va sahovatli ishlar insonni turli falokatlardan asraydi".

Shoir o‘lim lageridan tirik chiqdi. Bu dahshatli to‘fondan omon chiqqanday gap. Men buni el so‘zining chinligi, Tangrining marhamati deb o‘ylayman.

U hozir yuz yoshni qoralayapti. Tangri haq!

Shukrullo og‘a o‘zining haqqa, savobga oid so‘zlarini amalda ham isbotlab keladi. Boshqalarni qo‘ya turaylik. U menga ham o‘z muruvvatini ayamagan:

Birinchi qamalganimda ozodlikka chiqishimga sababchi bo‘lgan.

Ikkinchi marta jahon progressiv kuchlarining yordami va Tangri taoloning inoyati bilan tutqunlikdan qaytganimda, Shukrullo og‘a yuzga kirayotgan bo‘lsa ham uyimga birinchi bo‘lib keldi. Ko‘p mehrli so‘zlar-u o‘gitlar bilan birga menga moddiy ko‘mak ham berdi.

Bu sahiyligini yaqinda ham ko‘rsatdi.

O‘zbek adabiyoti dunyosida men Odil Yoqubni yuksakda ko‘raman.

Rauf Parfiy ham betakror edi.

Shukrullo og‘a bilan har zamon – har zamonda telefonlashib turamiz.

Men To‘marisning (Mo‘‘tabar Tojiboyeva) "Qiynoqlar oroli asirasi" asarini o‘qib tuzatayotganimda, kutilmaganda Shukrullo og‘a sim qoqib qoldi:

"Bir diydor ko‘rishsak, Mamadali".

Asardan ko‘z uzgim kelmagani uchun uni oxiriga yetkazdim. Keyin oqsoqolning Oqtepada joylashgan uyiga bordim.

Boshdan – oyoq oppoq kiyinib olganimgami, uning ko‘ziga yoshroq ko‘rindim shekilli, u:

- 17 yil qamoqda bo‘lganga o‘xshamaysanam, - dedi men bilan quchoqlashib ko‘risharkan, - o‘zingni uncha oldirmabsan. Uning gapi ohangidan ko‘nglimni ko‘tarayotganini tuydim.

Ko‘ngilni ko‘tarish:

Yurakka quvvat beradi,

Qalbni quvontiradi,

Qizg‘in suhbatga turtki bo‘ladi.

Men Shukrullo og‘aning taklifiga binoan to‘rdagi kursiga cho‘qdim. Uning Ukraina surgunlarida bo‘lib qaytgan umr yo‘ldoshi – Munavvara xonim ham men bilan iliq so‘rashdi. 90 yoshni yoqalayotgan, boshidan ne – ne qiyinchiliklarni kechirgan bu munis ayolga men mehr bilan boqib qo‘ydim.

Kelin turli yemoqlarga to‘la dasturxonga bir chinni choynak pamil choy keltirdi. So‘ng qaynona – kelin bizni yolg‘iz qoldirishdi.

Shukrullo og‘a kayfiyatiyaxshi onlarda Cho‘lpon, Usmon Nosir, Rauf Parfi she‘rlarini o‘qishni hush ko‘rardi. Ora – sira o‘zidan ham o‘qirdi. Bu odat uni 96 yoshida ham tark etmaganiga ajablandim va sevindim. U men qamalganimdan 17 yil avval milliyotchi shoirlarning she‘rlarini qanday o‘qigan bo‘lsa, shunday o‘qidi:

Ko‘ngil, sen munchalar, nega

Kishanlar birla do‘stlashding?

Na faryoding, na doding bor,

Nechun sen muncha sustlashding?

Haqorat dilni og‘ritmas,

Tubanlik mangu ketmasmi?

Kishanlar parchalanmasmi?

Qilichlar endi sinmasmi?

Tiriksan, o‘lmagansan,

Sen – da odam, senda insonsen!

Kishan kiyma, bo‘yin egma

Ki, sen ham hur tug‘ilg‘onsen!.

Ko‘limda choy, so‘nggi ikki satrni ichimda takrorladim:

Kishan kiyma, bo‘yin egma

Ki, sen ham hur tug‘ilg‘onsen!

Shoir Usmon Nosirdan o‘qidi:

Itoat et!

Agar sendan

Vatan rozi emas bo‘lsa,

Yoril, chaqmoqqa aylan sen.

Yoril! Mayli tamom o‘lsam!..

Rauf Parfining ham mana bu she‘rini g‘amgin bir ovozda yod aytdi:

Sen menga el bo‘lmasang,

Men senga el bo‘laman.

Qachon bizning elimiz

El degudek el bo‘lar?

Men sen uchun o‘lmasam,

Sen men uchun o‘lmasang

Ko‘z yoshlari sel bo‘lar...

- O‘zimdan ham eshitasanmi, Mamadali?..

- Albatta og‘a.

Axir, menga nega til kerak,

Yana yolg‘on so‘zlash uchunmi?

Nega yurak va aql kerak

Turfa bo‘hton o‘ylash uchunmi?

La‘natlarga botmay dunyoda

Bo‘lay desang haqiqiy inson.

Husn berma, til berma menga,

Vijdon bergil, vijdon ber,

Vijdon!..

(Davomi bor)