"Dunyoda eng baxtsiz Suriya va Afg‘oniston"

Bu kabi xulosaga Gallup and Healthways tadqiqot markazi kelgan.

Markaz jahondagi eng baxtiyor davlat, deb Panamani topgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa, baxtlilik bobida Turkmanistonning oldiga tushadigani yo‘q ekan.

Gallup and Healthways tadqiqot markazining so‘rovi dunyoning 135 davlatida olib borilgan.

So‘rov doirasida ishtirokchi mamlakatlardagi besh jihat:

1. Moliyaviy barqarorlik

2. O‘zaro munosabatlar

3. Ijtimoiy himoya

4. Salomatlik

5. Odamlardagi yashashdan maqsad

tuyg‘usiga e‘tibor qaratilgan.

O‘tgan yili olib borilgan 133.000 so‘rov natijasini bir yerga jamlab, yakuniy xulosa chiqarilgan.

Unga muvofiq, aksariyat ko‘rsatkichlar bo‘yicha Panama dunyodagi eng baxtiyor mamlakat bo‘lib chiqqan.

Ayon bo‘lishicha, bunga odamlaridagi tabiatan nekbinlik, nisbatan siyosiy barqarorlik va taraqqiy etib borayotgan iqtisodi asos bergan.

Lekin, shunda ham, Panama aholisining qanchalar o‘ziga to‘qligi bobida yaxshi natija ko‘rsatmagan.

Yuqori beshlikni esa, Kosta Rika, Daniya, Avstriya va Braziliya to‘ldirishgan.

Qudratli AQSh esa, jamg‘argan umumiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha, hatto, yuqori o‘nlikka kirolmagan: 12-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan.

Gallup and Healthways, o‘z o‘rnida, Suriya va Afg‘onistonni dunyoning eng baxtsiz davlatlari, deb topgan.

Agar, tadqiqot natijalariga tayanilsa, bu davlatlar baxtiyorlikning kamida uch jihati bo‘yicha 1 foiz ham natija qayd etisholmagan.

Markaz bu ikki davlat aholisi urushlardan ado bo‘lgan, kelajagiga ishonchi yo‘q, degan xulosaga kelgan.

"Baxtsizlar"ning yuqori o‘nligiga, bu ikkovlondan tashqari, yana Haiti, Kongo Demokratik Respublikasi, Chad, Madagaskar, Uganda, Benin, Xorvatiya va Gurjiston kirgan.

Agar, eng so‘nggida qisqacha xulosa qilinsa, baxtiyorlik bobida Lotin Amerikasi, baxtsizlik masalasida esa, Afrika qit‘asi vakillari oldiga tushadigani topilmabdi.

Markaziy Osiyoga kelganda:

Baxtiyorlik bobida eng yaxshi natijani 135 davlat orasidan 38-o‘rin bilan Turkmaniston qayd etgan.

Iqtisodi ancha farovon bo‘lgan Qozog‘iston esa, ro‘yxatda 46-o‘rinni egallagan Qirg‘izistondan 23 pog‘ona pastda kelgan.

Yangi so‘rovda mintaqa davlatlari orasidan 88-o‘rin bilan qo‘shni Tojikiston eng yomon natijani qayd etgan bo‘lsa, yangi so‘rovda O‘zbekiston haqida so‘z bormaydi.

Rossiya esa, baxtiyorlik bobida shuncha davlat orasidan o‘rtacha(62-o‘rin) natija ko‘rsatgan.

Xuddi shu manzarada Ukraina (116-o‘rin) ro‘yxatda eng quyi o‘rinlardan birini egallagan.

Image copyright AP

Ammo Gallup omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2012 yilda olib borilgan so‘rov O‘zbekistonda o‘zini baxtli hisoblovchi insonlarning soni "baxtsizman", deganlaridan bir necha o‘n barobar ko‘p ekaniga dalolat qilgandi.

Ya‘ni, so‘rov O‘zbekistonda "baxtlilar"ning soni 65 foizni tashkil etgan bir paytda, "baxtsizlari" bor-yo‘g‘i 2 foiz ekanini ko‘rsatgandi.

Bu o‘shanda sobiq MDH davlatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich, deya e‘tirof etilgandi.

Bundan kelib chiqib, sotsiologlar baxtlilik darajasi - u yoki bu xalqning madaniy o‘ziga xosligiga bog‘liq, degan xulosaga ham kelishgandi.

Ular xuddi o‘sha yili shuncha tadqiqotlari ortidan ham, odamlarni nima baxtli qilishini anglab yetmaganliklarini ham tan olishgandi.

Sotsiologlarga ko‘ra, milliy o‘ziga xosliklar, mahalliy ijtimoiy sharoit va milliy ruhiyat bu kabi standart savollarning javoblariga judayam katta ta‘sir ko‘rsatadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02