Shotlandiya mustaqillikka "Yo‘q" dedi

Image copyright EPA

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, payshanba kungi mustaqillik referendumi salbiy natija bilan tugagan.

Shotlandiya Buyuk Britaniya tarkibida qolish uchun ovoz bergan.

Shotlandiya Birinchi Vaziri Aleks Salmond mag‘lubiyatlarini tan olgan.

Ammo o‘zlariga ko‘proq qudrat berilishiga chaqirgan.

Hozirgina olingan xabarlarga ko‘ra, janob Salmond endi Shotlandiya Milliy Partiyasi rahbarligidan ketmoqchi.

Keyinchalik esa, Birinchi Vazirlikdan ham iste‘fo bermoqchi.

Aynan u Shotlandiyani mustaqil qilish sa‘y-harakatlariga boshchilik qilgandi.

So‘nggi ma‘lumotlarga tayanilsa, aksariyat shotlandiyaliklar mustaqillikni rad etishgan.

Shu paytgacha 32 saylov markazidan 31 tasidagi ovozlar sanab bo‘lingan.

Shotlandiya Buyuk Britaniya tarkibida qolishi mahalliy vaqt bilan tonggi 05:15 dayoq ma‘lum bo‘lgandi.

Bunga 26 saylov markazida berilgan ovoz natijalarining o‘ziyoq dalolat qilgandi:

BBC: Shotlandiya mustaqillikni tanlamaydi

Image copyright BBC World Service

Hozirgacha imkonli bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanilsa, 1.914.187 kishi mustaqillik referendumida "Yo‘q", deb javob bergan.

1.539.920 shotlandiyalik esa, mustaqillik g‘oyasini yoqlagan.

Bu kabi natija ortidan, Shotlandiya Birinchi Vaziri birdamlikka chaqirgan.

Janob Aleks Salmond ittifoqchi partiyalarni o‘zlariga ko‘proq vakolat berishga da‘vat qilgan.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron referendum natijasidan qoniqish hosil qilgan.

Image copyright AP

U Buyuk Britaniya yaxlit qolishidan mamnun ekanini izhor etgan.

U ham barcha tomonlarni milliy birdamlikka chaqirgan.

Janob Kameronga ko‘ra, endi Vestminsterdagi har uch yirik partiya o‘z va‘dalarining ustidan chiqishadi.

Shotlandiya parlamentiga ko‘proq vakolat berishadi.

Britaniya Bosh vazirining aytishicha, "bergan va‘dalarini to‘lig‘icha ado etishadi".

Unga ko‘ra, bu xususda noyabr oyida yakuniy to‘xtamga kelinadi va yanvar oyida lozim qonunchiliklar ham qabul qilinadi.

Janob Kameronning tan olishicha, Shotlandiyadan tashqari, Angliya, Uels va Shimoliy Irlandiya ham o‘z ichki siyosatlarini hal qilishda kattaroq vakolatga ega bo‘lishlari shart.

Yo‘q natijasi ortidan:

Image copyright EPA

Funt sterling yevroga nisbatan o‘tgan ikki yil badalida kuzatilmagan miqdorda qimmatlagan.

AQSh dollari ham Britaniya milliy pul birligiga nisbatan sezilarli darajada qadrsizlangan.

Shotlandiya Qirollik Banki ("Royal Bank of Scotland") Bosh idorasini Shotlandiyadan ko‘chirmaslikka qaror qilgan.

Mustaqillik referendumi 55% "Yo‘q" va 45% "Ha", degan javob bilan yakunlangan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02