12.09.14 - 19.09.14: Biz bir hafta oldin bilganu bilmagan narsalar

BBC O‘zbek Xizmati bu ro‘yxatga, balki, bir hafta burun umuman sizning xayolingizga kelmagan 10 ta g‘aroyib xabarni kiritdi.

Ular bilan tanishib, o‘zingizni bir sinab boqing-chi! Siz shunday ekanini bilarmidingiz?:

Image copyright Getty

Banan nega oyog‘ingizni bunchalar toyitishi sababini o‘rgangan yaponiyalik olimlar hajviy Nobel mukofotiga loyiq, deb topilishgan. Bu mukofot avval kuldirib, keyin yig‘latgan hodisalarning tagiga yetgan insonlarga beriladi.

Image copyright BBC World Service

Janubiy Afrikaning Keyptaun shahrida hamjinsbozlar ham foydalanishi mumkin bo‘lgan masjid ochilgan. Uning asoschisi bo‘lgan mahalliy musulmon akademigiga ko‘ra, ayollarga ham eshiklari ochiq bo‘lgan masjid islomiy radikalizmning oldini olishga yordam beradi.

Image copyright PA

Tez orada Britaniyaning Liverpul shahrida afsonaviy "Bitlz" guruhi ijrosidagi qo‘shiq qahramonlaridan biri Eleanora Rigbi sharafiga haykal ochilarkan. Agar, buning nimasi qiziq ekan desangiz, butunboshli haykal 1.000.000.000 funt sterlingga teng miqdordagi yaroqsiz qog‘oz pullardan yasalgan.

Image copyright BBC World Service

Bir necha oylik taqiqdan so‘ng, Florida ma‘muriyati yana olifta o‘spirinchalarga ko‘cha-kuyda shimlarini yarmigacha tushirib yurishlariga izn beribdi. Yaqindagina hammaga o‘zining ichkiyimini ko‘z-ko‘z qilib yurgan yigitchalar qamoq jazosiga ham yuz tutishlari mumkin edi.

Polshaning Gdansk shahrida qariyb chorak asr deganda Shekspir teatri ochilarkan. Bittagina shaharchaga buncha hashamatning nima keragi bor, dersiz...Mas‘ullarga ko‘ra, buning tarixiy sabablari bor: Hali buyuk yozuvchi tiriklik paytidayoq uning asarlari Gdanskda sahnalashtirilgan ekan.

Image copyright BBC World Service

Mayamilik 82 yoshli otaxon esa, yarim asr deganda o‘zining sevimli "E-Type Jaguar" rusumidagi sport mashinasi bilan topishibdi. U kishi 1968 yilda uyi tashqarisidan o‘g‘irlab ketilgan mashinasining qayta topilishini "g‘irt mo‘‘jizaning o‘zi", demoqda.

Image copyright BBC World Service

Nufuzli "Pyu" omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot natijalaridan ma‘lum bo‘lishicha, amerikalik ota-onalar o‘z bolalariga eng avvalo mas‘uliyat, keyin qattiq mehnat, so‘ngra diniy e‘tiqod va oxirida o‘zgalarga g‘amxo‘rlik hissini singdirishga urinisharkan.

Image copyright BBC World Service

Farrell Uilyamsning "Happy" qo‘shig‘iga baxtiyorlarcha yo‘rg‘alashgani uchun olti nafar eronlik bir yillik qamoq jazosi va 91 darra kaltakka hukm etilishibdi. Bu haqda ularning himoyachilari aytishmoqda.

Quyoshdan quvvat oluvchi qozon, teri to‘qimalarini tasvirga tushiruvchi bio-printer, nogironlarning qadlarini tik tutuvchi aravacha va arilarni tekshirib ko‘ruvchi uskuna bu yilgi "James Dyson Awards" mukofotini qo‘lga kiritibdi.

Image copyright BBC World Service

Hamkorlikda olib borilgan xalqaro tadqiqotlar esa, qotillik shimpanzelarning qonida borligini ko‘rsatibdi. Bundan xulosaga kelish uchun 30 olim uzoq yillar davomida shimpanzelarning 18 ta to‘dasi xulq-atvorini o‘rganishipti.

O‘tayotgan hafta nazarga tutilganda, siz bu ro‘yxatga yana qanday g‘aroyib faktlarni qo‘shgan bo‘lardingiz?

Fikrlaringizni bizga yo‘llashni unutmang.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02