Pley-off uchun kurash: Afg‘oniston-O‘zbekiston

Image copyright AP

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi hal qiluvchi o‘yinda so‘nggi raqibi Afg‘onistonni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

7-daqiqada Yegor Krimets hisobni ochdi.

42 -daqiqada Vohid Shodiyev hisobni 0:2 ga yetkazdi.

49-daqiqada Farrux Sayfiyev hisobni yanada mustahkamladi.

86-daqiqada Igor Sergeyev hisobni yana bittaga oshirdi.

90+1 daqiqada Vohid Shodiyev yana bir to‘pga mualliflik qildi.

O‘zbekiston endi pley-off bosqichida Saudiya Arabistoniga qarshi to‘p suradi.

"B" guruhining ikkinchi uchrashuvida Bangladesh Gong-Kongni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Uch o‘yindan 6 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Bangladesh O‘zbekiston tushgan guruhdan pley-off bosqichiga chiqqan ikkinchi jamoa bo‘ldi.

Ular keyingi bosqichda "A" guruhi peshqadami Janubiy Koreyaga qarshi to‘p surishadi.

O‘yin tafsilotlari

Image copyright

"B" guruhi saralash bosqich bellashuvlarining yakuniy 3-tur uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 13:00 da boshlandi.

O‘zbekiston 1-bo‘limdayoq raqiblari darvozasini ikki bor aniq nishonga oldi.

Qolgan uch to‘p esa, 2-bo‘limda kiritildi. O‘zbekiston juda hujumkor o‘yin namoyish etdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gong-Kong va Bangladeshga qarshi bundan avvalgi ikki uchrashuvini bir durang va bir g‘alaba bilan yakunlagan.

Jamoa bugungi uchrashuvi arafasida ikki o‘yindan 4 ochko jamg‘argan holda to‘plar nisbatidagi farq bilan o‘z guruhida peshqadamlik qilayotgandi.

Gong-Kong esa, xuddi shu hisobdagi ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turgandi.

Guruhda 3-o‘rinda borayotgan Bangladesh shu paytgacha 3 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ketma-ket ikki bor mag‘lubiyatga uchragan Afg‘oniston hisobida birorta ham ochko yo‘q edi.

Incheondagi Osiyo O‘yinlarining futbol bo‘yicha pley-off bosqich bellashuvlariga o‘z guruhida dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy terma jamoalar chiqishadi.

Image copyright AFP
Image caption Yakuniy tur uchrashuvi arafasida qo‘shni Qirg‘iziston ham pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab turibdi

Kecha 21 sentyabr kuni guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy tur uchrashuvlarini o‘tkazgan "A", "S" va "D" guruhlaridan Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Falastin, Tojikiston, Iroq va Yaponiya allaqachon pley-off bosqichiga yo‘llanmani naqd qilishgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston ilk va hozircha so‘nggi bor 1994 yilda Osiyo O‘yinlari g‘olibi bo‘lgan.

Mazkur musobaqada milliy terma jamoalar tarkibi asosan 23 yoshli futbolchilardan iborat bo‘lishi taqozo etiladi.

Mavjud tartib-qoidalarga muvofiq, ularga faqat yoshi 23da yuqori uch nafar futbolchini o‘z saflariga olishga ruxsat etiladi.

XVII Yozgi Osiyo O‘yinlari 14 sentyabr kuni Janubiy Koreyaning Incheon shahrida rasman ochilgan va 4 oktyabr kuni o‘z poyoniga yetadi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bu yilgi O‘yinlarda O‘zbekiston sharafini 296 nafar sportchi sportning 32 turi bo‘yicha himoya etadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02