Musulmon olimi Janubiy Afrikada o‘ziga xos masjid ochdi

Image copyright BBC World Service

Musulmon olimi Toj Xargining aytishicha, masjid mutaassiblar emas, hurfikrli insonlar uchun mo‘ljallangan.

U o‘lim tahdidi va ayrim mahalliy musulmon jamoalarining keskin tanqidlari ostida o‘z rejasini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayon bo‘lishicha, yangi masjidning eshiklari barcha din vakillari, erkagu ayol va jinsiy ozchiliklar uchun ham ochiq bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, Keyptaun shahridagi bu "Ochiq masjid"da ayollar imomlik ham qila olishadi.

Musulmon akademigining aytishicha, bu kabi masjid kuchayib borayotgan islomiy radikalizmga qarshi turishga yordam beradi.

Image copyright BBC World Service

Oksforddagi Islomiy Ma‘rifat markazining professori bo‘lgan janob Xargining o‘ylashicha, "diniy inqilob qilishning payti yetgan".

"Bundan 20 yil burun Janubiy Afrika tinch inqilobga sahna bo‘lgan va aparteidning o‘rniga demokratik tuzum qudratga kelgandi. Hozir biz din sohasida ham xuddi shu kabi o‘zgarishlarga muhtojmiz", - deydi musulmon olimi BBC bilan suhbatida.

Professor Toj Xargining o‘zi ham asli keyptaunlik.

Uning aytishicha, yangi masjidning eshiklari barcha uchun birdek ochiq bo‘ladi: Undan hamma din vakillari, erkagu ayol va hamjinsbozlar ham birdek foydalana olishadi.

Image copyright BBC World Service

Ayollar imomlik qilish bilan birga, erkaklar bilan bir xonada namoz ham o‘qiy olishadi.

Professorga ko‘ra, ayolning o‘rni, ayrim dindorlar o‘ylaganidek, to‘rt devor ichida bo‘lmasligi kerak.

Ammo Keyptaundagi yirik musulmon jamoasi a‘zolari bu borada umuman boshqacha fikrda.

Ular turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida yangicha masjidni rosa tanqidga tutishgan.

Professorning o‘zini esa, "shakkoklik" va "kofirlik"da ayblashgan.

Image copyright BBC World Service

Bu kabi fikrda bo‘lgan bir guruh musulmonlar esa, yangi masjidning ochilishiga to‘sqinlik ham qilib ko‘rmoqchi bo‘lishgan.

Bunga o‘xshash holatlar ortidan, Janubiy Afrikadagi Islomiy Adliya Kengashi Keyptaundagi "Ochiq" masjidning faoliyatini tekshirmoqchi.

Kengashga ko‘ra, ayrim musulmon jamoalarining yangicha masjid yuzasidan xavotirlarini bee‘tibor qoldirib bo‘lmaydi.

Musulmon olimining BBCga aytishicha esa, "Muhammad Payg‘ambar(s.a.v) davridagidek barchani birdek o‘z bag‘riga sig‘dirgan asl masjidni qayta tiklash istagida bo‘lgan".

"Xotin-qizlarning begonalarning ko‘zlaridan panada bo‘lishlariga oid qarashlar payg‘ambarimiz(s.a.v)dan keyin paydo bo‘lgan va afsuslar bo‘lsin, chuqur o‘rnashib qolgan", - deydi u.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02