Kurdlar g‘alayoni ortidan Turkiya chegarani yopib qo‘ydi

Image copyright REUTERS

Ikki kun davomida 130 ming kurd qochqinlari Suriyadan Turkiyaga qochib o‘tishi ortidan Turkiya o‘zining ba‘zi chegaralarini yopib qo‘ygan.

Yakshanba kuni turk xavfsizlik kuchlari qochqinlarni qo‘llab-quvvatlab norozilik namoyishiga chiqqan kurdlar bilan to‘qnashdi.

Ba‘zi namoyishchilar xavfsizlik kuchlariga tosh otganlar, askarlar esa ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va suv purkagichlarni qo‘llashgan. Jiddiy jarohat haqida xabar yo‘q.

Xabarlarga ko‘ra, ba‘zi namoyishchilar Islomiy Davlatga qarshi jang qilish uchun Suriyaga o‘tishga uringan bo‘lganlar.

Turkiyadan mustaqillik uchun o‘n yillab kurashib kelgan va man etilgan Kurdiston Ishchilar Partiyasi (PKK) jangari guruhi kurdlarni Suriyada IDga qarshi jang qilishga undagan.

Qochqinlarning ko‘pchiligi jangarilar tahdidi ostida qolayotgan Kobane shahridandir.

ID o‘tgan bir necha oy ichida Iroq va Suriyadagi ko‘p hududlarni egallab olgan.

Oxirgi oqimdan avval ham Turkiyada bir milliondan ortiq suriyalik qochqinlar bor edi. Ular uch yil avval Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga qarshi g‘alayon boshlanganda Turkiyaga qochib o‘tganlar.

Yangi qochqinlarga mezbonlik qilishga qiynalayotgan Turkiya ularning ba‘zilarini odamlar bilan to‘lib ketgan maktablarga joylashtirayapti.

Juma kuni Turkiya Ayn al-Arab nomi bilan tanilgan Kobane shahridan qochayotgan suriyaliklar uchun chegaraning 30 chaqirimlik qismini ochgandi.

Biroq, BMTga ko‘ra, dushanba kuni to‘qqizta o‘tish nuqtasidan faqat ikkitasi ochiq qolmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer