Bosh prokuratura: "G.Karimova ishining Ovro‘podagi tekshiruvga aloqasi yo‘q"

Image caption O‘tgan hafta Gulnora Karimovaning uy qamog‘ida tushirilgani aytilgan rasmlari e‘lon qilingan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Prezidentning to‘ng‘ich qizi va sheriklariga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan xalqaro hamkorlik qilayotganini tasdiqlagan, ammo O‘zbekistondagi tergovning Ovro‘po davlatlarida olib borilayotgan tekshiruvga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Bosh prokuratura 22 sentyabr kuni tarqatgan bayonotda o‘zbek huquq-tartibot idoralari olib borayotgan jinoiy surishtiruvning "mustaqil tabiatga ega" ekani urg‘ulanadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining mahalliy ommaviy axborot vositalarining savollariga javoblari shaklida tarqatilgan bayonotdan, shuningdek, G. Karimovaning taxmin qilingani kabi Prezidentning to‘ng‘ich qizi ekani anglashiladi.

Unda onasi bilan birga uy qamog‘ida ekani ishonilgan Prezidentning nabirasi - Imon Karimovaning ushbu jinoyat ishiga hech qanday aloqasi yo‘qligi ta‘kidlangan.

Bosh prokuratura G. Karimova hamda qizining sog‘ligi yomonlashgani haqidagi xabarlarni ham qisman rad etgan.

"Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, ularning sog‘liklari bilan bog‘liq muammolari yo‘q, har qanday holatda ham bu masala tibbiyot muassasalarining vakolatiga kiradi", - deyiladi Bosh prokuraturaning bayonotida.

Avvalroq Gulnora Karimova hamda uning Britaniyada tahsil olayotgani aytilgan o‘g‘li-kichkina Islom Karimov Imon Karimovaning tibbiy muolajaga muhtojligini aytishgandi.

Bosh prokuratura Imon Karimovaning AQShda tug‘ilgani va yaqinda 16 yoshga to‘lgani va istasa, AQSh pasportini olib, xorijga erkin safar qilishi mumkinligini bildirgan.

Yopiq mahkama

Bayonotda Gulnora Karimovaning ishi alohida ajratib olingani yana bir marta ta‘kidlangan, ammo Karimova xonimga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida ma‘lumot berilmagan.

Bosh prokuratura, shuningdek, G. Karimovaning hozirda qayerda saqlanayotgani va uning jinoyat ishidagi maqomi yuzasidan ham qo‘shimcha ma‘lumot bermagan.

Ayni paytda Bosh prokuratura Karimova xonimning sheriklari sifatida bilingan Madumarov R, Avakyan G hamda Sodiqov N. lar ustidan mahkama jarayonining yopiq va Harbiy Tribunalda bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, "ba‘zi O‘zbekiston fuqarolarining kuch bilan o‘g‘irlab ketilishi va noqonuniy ushlab turilishi" bilan bog‘liq jinoyat ijrochilari harbiylar bo‘lgani va ular "qator harbiy jinoyatlarga yo‘l qo‘yganlari" uchun ushbu jinoyat ishi maxsus mahkama tomonidan ko‘rilgan.

Ammo Bosh prokuraturaning bildirishicha, ayni shaxslar ustidan jinoyat ishining iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq qismi hozirda mahkamaga uzatilgan va umumiy tartibda fuqarolik mahkamasida ko‘rib chiqiladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu jinoyat ishi yuzasidan xalqaro tuzilmalar, jumladan, Interpol liniyasi bo‘yicha hamkorlik qilayotganini bildirgan.

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgan tuzilmalar va unga yaqin shaxslarga nisbatan tergov Ovro‘podagi korruptsiya bilan bog‘liq yirik tekshiruvlar ortidan boshlangan.

Ayrim tahlilchilar o‘zbek huquq-tartibot idoralarining tergovidan maqsad Ovro‘podagi Gulnora Karimova hamda sheriklariga tegishli ekani taxmin qilinayotgan yirik mablag‘larni O‘zbekiston g‘aznasiga qaytarish bo‘lishi mumkin, degan farazlarni ilgari surishgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02