Samarqandda ta‘magirlikda ayblangan militsiyachilar hibsga olindi

Samarqand viloyatida ikki nafar militsiya xodimi hibsga olingan. Paxtachi tumani ichki ishlar bo‘limining bu ikki nafar tergovchisi pora olish va ta‘magirlikda ayblanmoqda. Bu haqda O‘zbekistondagi 12news.uz. va yana bir necha websaytda xabar berilgan.

Qo‘shnilar orasida kelib chiqqan janjal natijasida ulardan biri ikkinchisiga jarohat yetkazgan.

12news.uz. websaytida yozilishicha, tergovchilar avvalboshda qo‘shnisiga jarohat yetkazgan kishiga unga nisbatan qotillikka doir ish qo‘zg‘atishlarini aytishgan. Va undan ishni bosti-bosti qilish uchun 24 million o‘zbek so‘mi olishgan. Bu borada Kattaqo‘rg‘on shahar prokurori Erkin Sharipov bildirgan.

Uning aytishicha tergovchilar shuningdek janjalga guvoh bo‘lib qolgan qo‘shnilardan 13 million so‘m olishgan. Tergovchilar guvohlarni "sizlarga nisbatan ham jinoiy ish ochamiz", deya cho‘chitishgan.

Prokuror Erkin Sharipovning bildirishicha, tergovchilar qo‘rqitish yo‘li bilan ayblanayotgan shaxsning otasiga tegishli "Neksiya" avtomashinasiga ega bo‘lib olishgan.

Prokuror aynan ayblanuvchining otasi tergovchilarning o‘zlari qonunni buzayotganlari borasida huquq-tartibot idoralariga murojaat etgani va shundan so‘ng militsiya xodimlariga nisbatan jinoiy ish ochilganini aytgan.

"Hibsga olingan tergovchilarga nisbatan jinoiy ish ochilgan va tergov ishlari olib borilmoqda", degan Erkin Sharipov.

Mahalliy tahlilchilarning aytishlaricha, O‘zbekistonda militsiya xodimlarining pora olishlari va ta‘magirliklari tez-tez uchraydigan holga aylanib bormoqda. Ko‘p hollarda qo‘rquv natijasida pora bergan odamlar bu borada hech kimga og‘iz ochishmaydi. Chunki keyinchalik ularning o‘zlari yo yaqinlari militsiya tomonidan tazyiqqa uchrashlari mumkinligidan xavotirlanishadi.

"Paxtachidagi hodisada ikki qo‘shni orasidagi janjalda biri bilib-bilmay ikkinchisiga tan jarohati yetkazgan bo‘lishi mumkin. Lekin umuman hech bir aybsiz odamlarni militsiya xodimlari ayblashlari, qamatib yuborish bilan qo‘rqitib, ta‘magirlik qilish hollari oz emas", deydi jizzaxlik fermerlardan biri.

Uning aytishicha kuppa-kunduzi qilinadigan zo‘ravonlik va cho‘ntak shilishlarni ta‘magir militsiya xodimlarining rahbarlari bilishsa-da, ko‘pincha bilmaslikka olishadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer