BMT: Ukrainada o‘lganlar soni 3500dan oshdi

Image copyright AP

Ukraina sharqidagi qurolli mojaroda o‘lganlar soni 3500 odamdan oshgan. Bu haqida BMT bosh kotibining inson huquqlari bo‘yicha yordamchisi Ivan Shimonovich bildirgan. Mazkur ko‘rsatkich MH17 parvozi qurbonlarini ham o‘z ichiga oladi.

Jenevada BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashi majlisida chiqish qila turib janob Shimonovich aprel oyidan beri halok bo‘lganlar soni hozirda 3543 ekanini aytdi.

Ayni damda, uning aytishicha, mazkur chamalashlar hozirda qurbonlar borasida mavjud bo‘lgan ishonchli ma‘lumotga asoslangan, biroq mojaro qurbonlarining asl ko‘rsatkichi bundan ancha yuqoriroqdir.

Ikki hafta avval janob Shimonovich qurbonlar soni 3000 kishi ekanini aytgandi. Bu ko‘rsatkich harbiy to‘qnashuvlarning ishtirokchilari va tinch aholi vakillarini ham o‘z ichiga oladi.

Image copyright AFP

Dushanba kuni ukrain harbiylari o‘z og‘ir qurollarini mamlakat sharqidagi urush chizig‘idan 15 chaqirimga ortga qaytarishga tayyorlanayotganlarini aytgandilar.

Ukraina sharqida ikki tomon o‘rtasida bufer hududini o‘rnatish va og‘ir artilleriyani ortga qaytarishga Minskda 20 sentyabrda imzolangan memorandumda kelishilgan.

Shuningdek, bu memorandumga binoan, Ukraina hududidan barcha xorijiy yollanma jangchilar chiqib ketishlari kerak.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02