Inchon: O‘zbekiston chorak finalga chiqolmadi

Image copyright AP

Milliy terma jamoa pley-off uchrashuvini so‘nggi daqiqalarda Saudiya Arabistoniga boy berdi.

O‘yin 2:3 hisobi bilan yakunlandi. O‘zbekiston ortga qaytadigan bo‘ldi.

Yana bir chorak finalchini aniqlab bergan o‘yinda hisobni 17-daqiqada Saudiya Arabistoni ochdi.

Ammo 1-bo‘limning qo‘shimcha daqiqalarida Jamshid Iskandarov hisobni tenglashtirdi.

53-daqiqada Bobur Yo‘ldoshev tomonidan kiritilgan avtogol saudiyaliklarga qo‘l keldi.

Ular 1:2 hisobida oldinga chiqib olishdi.

Oradan 18 daqiqa o‘tib, Vohid Shodiyev hisobni 2:2 ga yetkazdi.

Shundan so‘ng ham O‘zbekistonda hisobni o‘z foydalariga hal qilishning bir emas, bir nechta yaxshi imkoniyati bo‘ldi.

Ammo qo‘shimcha daqiqada saudiyaliklar tomonidan kiritilgan yagona to‘p uchrashuv taqdirini hal qildi.

Shunday qilib, O‘zbekiston uyga, Saudiya Arabistoni chorak finalga yo‘l oladigan bo‘ldi.

Tarixcha o‘rnida

Image copyright AFP

O‘zbekiston kabi Osiyo O‘yinlarining pley-off bosqichiga chiqqan Qirg‘iziston va Tojikiston ham nimchorak finaldan pastga qulashdi.

Qirg‘iziston kecha payshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvini Iordaniyaga 0:2 hisobida boy berdi.

Tojikiston esa, biroz avval poyoniga yetgan o‘yinda Iroqqa 2:4 hisobida yengildi.

Shu paytgacha Yaponiya, Iroq, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya va Tailand chorak finalga chiqishgandi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston pley-off bosqichiga "B" guruhi peshqadami sifatida yo‘l olgandi.

Milliy terma jamoa Gong-Kong bilan durang qayd etib, Bangladesh va Afg‘onistonni yirik hisobda mag‘lub etgandi.

O‘zbekiston ilk va hozircha so‘nggi bor 1994 yilda Osiyo O‘yinlari g‘olibi bo‘lgan.

Mazkur musobaqada milliy terma jamoalar tarkibi asosan 23 yoshli futbolchilardan iborat bo‘lishi taqozo etiladi.

Mavjud tartib-qoidalarga muvofiq, ularga faqat yoshi 23da yuqori uch nafar futbolchini o‘z saflariga olishga ruxsat etiladi.

Inchon

Image copyright Reuters

XVII Yozgi Osiyo O‘yinlari 14 sentyabr kuni Janubiy Koreyaning Incheon shahrida rasman ochilgan va 4 oktyabr kuni o‘z poyoniga yetadi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bu yilgi O‘yinlarda O‘zbekiston sharafini 296 nafar sportchi sportning 32 turi bo‘yicha himoya etmoqda.

O‘yinlarning yettinchi kuniga kelib, O‘zbekiston hisobidagi medallarning soni 12 taga yetgan.

Shundan 4 tasi kumush va qolgan sakkiztasi bronzadir.

Medallar jadvalida esa, O‘zbekiston joriy paytda 18-o‘rinda bormoqda.

Inchondagi Osiyo O‘yinlarida mintaqa davlatlari orasidan Qozog‘iston eng yaxshi natija qayd etib turibdi.

Qozog‘iston shu paytgacha 8 ta oltin, 9 ta kumush va 17 ta bronza medali qo‘lga kiritgan.

Medallar jadvalida esa, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari orasidan faqat Turkmaniston bitta kumush medali olishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02