Oygul Bekjon: "Dadamni dahlizning ikki tarafiga tizilgan qo‘riqchilar tayoqlar bilan urishgan"

Image caption Oygul Bekjon (chapdan birinchi) oila davrasida

Muhammad Bekjon qamoqxonada eng uzoq muddat ushlab turilgan jurnalistdir.

"Erk" muxolifat gazetasining muharriri Toshkentdagi 1999 yil fevral portlashlariga aloqadorlikda gumon qilinib Ukrainadagi xonadonidan o‘g‘irlab ketilgan va O‘zbekistonda sud qilingan. "Erk" partiyasining raisi Muhammad Solihning ukasi bo‘lgan janob Bekjon o‘zbek qamoqxonalarida qattiq qiynoqlarga solinganini yaqinlariga so‘zlab bergan. Human Rights Watch tashkilotining o‘zbek siyosiy mahbuslari yuz tutayotgan "misli ko‘rilmagan qiynoqlar" borasidagi hisoboti chop etilishi bilan bir vaqtda BBC Muhammad Bekjonning hozirda AQShda yashayotgan to‘ng‘ich qizi Oygul Bekjon bilan suhbatlashdi.

Oygul Bekjon: Dadamni hibsga olishgan paytda biz Ukrainada istiqomat qilardik, chunki dadam u yerda hayotimiz xavfsiz bo‘ladi deb o‘ylagan. Onam O‘zbekistonda sodir etilgan hodisalardan so‘ng biz g‘arbga chiqib ketishimiz kerak deb o‘ylayotganiga qaramay, dadam "men qonunga xilof hech narsa qilmaganman, aybim yo‘q" deya Ukraina uni O‘zbekistonga jo‘nata olmasligiga ishonib yurgan. Biz o‘sha kunlari Kiyevdan Luganskga, onamning ota-onalarinikiga ketgandik. Ketishimizni poylab turgan O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari, nazarimda, aynan shu fursatdan foydalanib, kvartiramizga bostirib kirishgan. Kvartiramizda dadam hamda siyosatga umuman aloqasi bo‘lmagan bir tanishining boshlariga qop kiydirib, ikkalasini o‘g‘irlashgan. Biz faqat ikki kundan keyin onamning qarindoshlaridan biri "Telefon qilaverib Muhammadni hech topolmayapman", deb aytganidan so‘ngina xavotir ola boshladik. Huddi shu tarzda Yusuf Ro‘zimorodovni ham xavfsizlik zobitlari olib ketishgan.

BBC: Otangiz Ukraina rasmiylari tomonidan deportatsiya qilingan, shundaymi?

Oygul Bekjon: Ha, xuddi shunday, bu shu qadar tez va mahfiy tarzda sodir bo‘lganki, to biz bilib olib, uch kundan keyin yetib kelgunimizcha, dadamiz yo‘q bo‘lgan. Biz Ukrainaning Rux partiyasiga murojaat qildik, lekin bizga Qrim tatarlari lideri Mustafo Jemilev ko‘p yordam bergan. Biz ularning yordami bilan xalqaro advokatni yolladik, keyinchalik biz dadam bilan Ro‘zimurodovni ikki kun ichidayoq boshlariga qop kiydirib xususiy samolyotga o‘tqizib olib chiqishganini bilib qolganmiz.

BBC: Otangizni hibsga olishlari ko‘z oldingizda ro‘y bermaganiga qaramay, o‘zingiz va singillaringizga ruhan ta‘sir qilgandir. Bu haqida gapirib berolasizmi?

Oygul Bekjon: Ha, albatta. Men qizlardan eng kattasi bo‘lganim, hamda onam ruhiy dastakka muhtoj bo‘lgani uchun kvartiramizga yetib kelgandim. Kvartiramiz qurshovga olingan edi. Biz kurash belgilarini ko‘rdik, hamma narsa siniq, butun mebel parchalangan, bundan tashqari bizning shaxsiy, oilaviy rasmlarimizni olib ketishgan. Biz o‘z ko‘zimizga ishonmadik. Qanday qilib bu sodir bo‘lishi mumkinligiga ishonish qiyin bo‘lgan. Uyimizda hech zarur bo‘lmagan jismoniy kuch, zo‘ravonlik ishlatilganini tasavvur qilishimiz qiyin edi. Kichkina edik, Inoyat endi to‘rt yoshga to‘lgan edi, biz bu voqealarni undan yashirishga xarakat qilganmiz boshida. Biroq katta bo‘lgani sayin, bizdan takror-takror so‘raganida, biz hammamiz qattiq yig‘lab gapirib berganmiz. Hammamiz ora-orada depressiya, tushkunlikka tushdik. O‘sha paytda ukrain nashri "Politika" nashriga biz bergan intervyu va suratlarimizni ko‘rganingizda, boshimizga qanday kulfatlar tushganini tushungan bo‘lardingiz. Onam sakson yoshli kampirga o‘xshab qolgandi. O‘sha suratlarda yig‘laganimdan ko‘zim qirtayib qolganini ko‘rishingiz mumkin. Biz hammamiz shok holatiga tushib qolgandik.

BBC: Siz mahkama jarayonini Ukrainadan kuzatgansizlar, onangiz sudda xozir bo‘lish uchun O‘zbekistonga safar qilganmi?

Oygul Bekjon: Onam keyinroq safar qilgan. Chunki bu juda xavfli bo‘lgan. Bizga noma‘lum shaxslardan telegrammalar kelib turardi. Ikki haftadan keyin biz bilan AQSh elchixonasi muloqot boshlagan. Chunki yangiliklarda "to‘rt o‘zbek terroristi" qo‘lga tushgani borasida xabar tarqatilgandi. Amerika diplomatlaridan tashqari biz bilan Xalqaro Amnistiya, Hyuman Rayts Uotch tashkilotlari bog‘lanishgan. Biz ular bilan yaqin hamkorlik olib borgandik, chunki dadamni qutqarish uchun bir narsa qilish mumkinligiga juda ishonganmiz. Bor kuchimizni sarflaganmiz.

BBC: Onangiz Nina Bekjonova O‘zbekistonga mahkamadan keyin faqat uch yildan keyin birinchi marta safar qilgan, shundaymi?

Oygul Bekjon: Ha, biz dadamiz qayerda ekanini ancha vaqtgacha bilmagandik. Hamma narsa maxfiy o‘tgan. Faqat norasmiy manbalardan bizga xabar kelib turardi. Ya‘ni kimdir qayerdadir dadamning ishini ko‘rganini gapirgani bizga yetkazilardi. Biz bir yildan keyin Amerikaga chiqib ketdik. Bizning tashqariga chiqib ketishimizga na Ukraina na Rossiya ruxsat bergan. Ukraina, ehtimol, o‘zbek hukumati bilan kelishib olib, shunday yo‘l tutgan. Amerikaga ketishimizdan oldin yosh singillarimni "otasining ruxsati yo‘q" deya bahona qilib, ularning chiqib ketishlariga ruxsat bermaganlar. Lekin biz otamiz qayerda ekanligini hatto bilmagandik!

BBC: Qamoqxonada otangizni kim borib ko‘rgan, faqat onangizmi yoki sizlarga ham ruxsat berilganmidi?

Oygul Bekjon: Faqat onam. Bizga ruxsat berishmagan, va bu xavfli bo‘lgan. Onam ataylab Ukraina fuqaroligidan chiqib ketmagan, o‘zbek rasmiylarida unga O‘zbekistonga kirishga ruxsat bermaslikka bahona bo‘lmasligi uchun. Dadamni ko‘rish uchun imkoniyatni yo‘qotmaslik maqsadida Amerika pasportini olmagan. Men amerika fuqaroligini olganimdan keyin, necha bor murojaat qilganimga qaramay, menga O‘zbekistonga kirish vizasini berishmagan. O‘n besh yil ichida bolalardan birortasi otasini ko‘rmagan. Biz faqat onam orqali kichik bir qog‘ozda yozilgan xatlarimizni berib yuboramiz, biroq ularning xammasi ham yetkazilmasa kerak. Xatlarimizda umuman siyosat xaqida lom-mim demasligimiz kerak, hattoki, Amerikada bo‘layotgan hodisalar haqida ham yozmasligimiz kerak. Bunday xatlar o‘tmasligini biz bilamiz. Menga har gal viza rad etiladi, lekin O‘zbekistonda o‘z otasini ko‘rishni farzand uchun taqiqlab qo‘yish haqida qonun yo‘q-ku.

BBC: Onangiz dadangizni oxirgi marta qachon qo‘rishga muvafaq bo‘lgan va dadangizning holatini qanday ta‘riflagan?

Oygul Bekjon: Ikki yil oldin, bahorda ko‘rganlar. Onamning aytishicha, dadam umuman tanib bo‘lmaydigan holatda. Juda ham ozib ketgan edi. Bo‘yi 183 santimetrli gavdali odam hali "sag‘al semiribdi" deb aytishganida vazni 60 kilo bo‘lgan. Tasavvur qiling... Onamning aytishicha, u shu darajada ozib ketganki, suyagi qolgan, xolos. Nazoratchilar unga to‘yib ovqat yeyishiga izn bermaganlar. Uni ataylab och tutishadi. Qiynoqlar oqibatida paylari uzilib ketgan va o‘z joyiga tushmagan. Tergov paytida kaltaklardan oyog‘i sinib, bir vaqt falaj holatda bo‘lgan, hanuz bir oyog‘i yaxshi ishlamaydi.

BBC: Bu tafsilotlarni qayerdan bilib olgansizlar? Muhammad Bekjon o‘zi gapirib berganmi?

Oygul Bekjon: Bilasizmi, dadam shunday odamki, o‘z muammolari xaqida gapirishdan qochadi. Biroq bir necha yil o‘tgach, olti yil muqaddam, onam dadamni ko‘rgani borganlarida, ozgina gapirib bergan, juda oz, shikoyat qilmasdan. Dadamning aytishicha, Jasliqdan keyin u "tirik koridor" qiynog‘idan o‘tgan. Bu degani, qamoqxona nazoratchilari qo‘llarida tayoqlar bilan ikki safga tizilib, oradan o‘tayotgan mahbusni tayoqlar bilan rosa kaltaklashadi. Dadam buning natijasida qonga botib, beton polida to‘rt kun yotgan. Shundoq ko‘tarib polga tashlashgan va qamab qo‘yishgan. Dadam, badanlari qon, o‘ng tomoni falaj holatda, harakat qilolmay, yotganlarini gapirib bergan. Suvsiz, ovqatsiz necha kun o‘tganini bilmagan, Lekin to‘rt-besh kun o‘tgan bo‘lsa kerak. U o‘lishga tayyor bo‘lganini aytib bergan. Biroq, bir payt, qayerdandir kuch jamlab, narida turgan temir tovoqqa sudralib yetib, tovoqdan bir tomchi suvdan ichganidan keyin, o‘sha ongda yashab ketishini anglab olganini gapirib bergan. Dadamning boshiga shunday musibatlar tushganki, sog‘lig‘i juda yomonlashgan, chunki endi sil kasalligidan ham aziyat chekadi. Bundan tashqari, grijasi tushgan va jigari ham kasal. Rostini aytsam, onam dadam hanuz tirik ekaniga hayron. Shu darajagacha ozgani, holdan toygan va tinkasi qurigan ahvolda ekanini eshitib ko‘p yig‘laymiz.

BBC: 2012 yili siz otangiz qamoqxona muddati tugaganiga sal qolganida, uni kutib olish uchun tayyorgarlik ko‘rgan ekansizlar, lekin u ozod etilmadi. Buning sabablarini tushuntirib berishganmi sizga?

Oygul Bekjon: Onam 2011 yilning dekabrida Toshkentga safar qilgan, dadamni 2012 yili yanvar-fevralida ozodlikka chiqarishlari kerak edi. Shuning uchun u yerda uch oy o‘tkazgan. Dadamning ukasi ham Xorazmga uni olib kelgani uchun borgan. Unga "uyga qayting, biz o‘zimiz uni yetkazib beramiz" deb ishontirib qo‘yishgan. Biroq hech narsa bo‘lmagan, bir hafta o‘tgan, ikkinchi hafta o‘tgan, dadamdan darak yo‘q. Muddat vaqti ham kelib qoldi, baribir hech darak yo‘q. Onam deyarli har kuni GUINga borib, ariza qoldirib kelgan. Ular onamni uyga qaytarib, biz pochta orqali xabar beramiz deb aytishgan. Biroq hech qanday xat yeki yozma hujjat hech kimdan kelmadi. Onamning O‘zbekistonda bo‘lishini, har kuni GUInga borishini bilib turib, hech kim biror xabar yetkazmagan. Ular maxfiy mahkama o‘tkazishgani biz keyin Amerika elchixonasidan bilib qolganmiz. Onam mart oyigacha u yerda intizor bo‘lib, xech narsa bilishga muvafaq bo‘lolmagan. Mahkama dadamni qamoqhona qoidalarini buzganlikda ayblab, besh yilga muddatni cho‘zdirdi. Bu dadamga ruhan katta zarba bo‘ldi. Onam esa mazkur uch oy davomida uni ko‘rishga ruxsat ololmagan. Shu bilan ketishga majbur bo‘lib, faqat bir yildan keyin dadamni ko‘rgan. Ko‘rganlaridan keyin uch kun to‘xtamay yig‘lagan.

BBC: Otangizning qamoqxona muddati qo‘shimcha besh yilga cho‘zdirilgani sizlarga ham kutilmagan zarba bo‘lgandir?

Oygul Bekjon: Bir so‘z bilan butun holatimizni ta‘riflab bo‘lmaydi. Biz shunday intiqib kutgan edik, hujjatlarni tayyorlab, kiyim-kechak sotib olib qamoqxonaga yuborgandik, kompyuter sotib oldik, chunki dadamning darhol hamma bilan aloqada bo‘lishlarini istagandik. Hamda o‘z holiga kelishlari uchun tibbiy muolajalarni rejalashtirib, ozodlikka chiqishlari bilan tibbiy protsedularalar boshlashlarini o‘ylab, hammasini tashkil qilganmiz. Butun rejalarimiz zoye ketdi. "Turmadan o‘zimiz olib kelamiz" degan so‘zlarni eshitib, qattiq umid qilgandik. Biz ichimizda o‘ylagandikki "O‘zbekistondagi xalqaro tashkilotlarga yaxshi tanilgani uchun dadamni sal-pal insoniy bir holatga keltirib, keyin qo‘yib yuborishadi" deb ishongandik. Afsuski, bunday bo‘lmadi...

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer