19.09.14 - 26.09.14: Biz bir hafta oldin bilganu bilmagan narsalar

BBC O‘zbek Xizmati bu ro‘yxatga, balki, bir hafta burun umuman sizning xayolingizga kelmagan 10 ta g‘aroyib xabarni kiritdi.

Ular bilan tanishib, o‘zingizni bir sinab boqing-chi! Siz shunday ekanini bilarmidingiz?:

Rossiya Xalqaro Fazo Stantsiyasiga ilk ayol fazogirini uchirdi. U - 38 yoshli muhandis Yelena Serova bo‘ladi.

Olimlar esa, ko‘proq karri (hindcha qovurma) yeng, deyishmoqda. Ularga ko‘ra, karri tarkibidagi zarchava miya jarohatlarini o‘z-o‘zidan davolab yuboradi.

Xitoyning Baoji shahri ma‘murlari esa, o‘ziga xos tashabbus bilan chiqishdi. Ular kollejga borish, haydovchilikni o‘rganish va hatto, oila qurish istagida bo‘lganlar ham qon bersin deyishmoqda.

Gumondor malayziyalik bojxonachilarning ishini uncha-muncha kishi qilmasligi aniq: Ular hech kim bizni tanimasin deb, mahkama binosiga boshlarini ichkiyimlariga yashirib kirib kelishibdi.

Amerikalik olimlar antibiotiklarning yangicha turini yaratishibdi. Ularning da‘vo qilishlaricha, yangi ixtirolari bakteriyalarning eng chidamli genlarini ham vayron etishga qodir.

Bunaqasi esa, kamdan-kam odamning xayoliga kelsa kerak: Yoshroq yo‘lovchi o‘ziga joy bermaganidan g‘azabi toshgan xitoylik otaxon ikki soat avtobusning naq ro‘parasida turib olibdi. Na o‘zi siljibdi va na avtobus joyidan jilibdi...

Image copyright SPL

Jahlingiz chiqib, qahru g‘azabingiz toshib turibdimi?... Mojaristonda sizni birpasda "o‘zingizga keltirib qo‘yadigan" maxsus klub ochilibdi: Unda siz ko‘zingiz tushgan narsani urib, sindirishga imkonli bo‘larkansiz.

Ha, shunaqasi ham bo‘ladi: Yunoniston shimolida topilgan va Iskandar Zulqarnayn davriga tegishli ulkan maqbara hukumatga rosa qo‘l kelibdi: odamlar iqtisodiy inqirozdan chalg‘ib, ularning bor dardlari yangi topildiq bo‘lib qolibdi.

Image copyright EPA

Braziliyalik olimlar esa, ajabtovur ishga qo‘l urishibdi: Ular denge gemorragik isitmasiga qarshi kurashish uchun bakteriya yuqtirilgan minglab pashshalarni ishga solishibdi.

Image copyright INFOTRON

AQSh Federal Havo Ma‘muriyati esa, filmlaringizni bemalol tasvirga olavering deb, bir emas, olti televizion va kinoshirkatga o‘z dronlaridan foydalanishga ruxsat beribdi. Albatta tekinga emas...

O‘tayotgan hafta nazarga tutilganda, siz bu ro‘yxatga yana qanday g‘aroyib faktlarni qo‘shgan bo‘lardingiz?

Fikrlaringizni bizga yo‘llashni unutmang.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02