Afg‘oniston: Ahmadzay prezidentlikka qasamyod qildi

Image copyright Getty
Image caption Ashraf G‘ani Ahmadzay mamlakat konstitutsiyasiga roiya qilishga va‘da berdi

Kobuldagi prezident saroyida bo‘lib o‘tgan marosimda Ashraf G‘ani Ahmadzay Afg‘onistonning yangi prezidenti sifatida qasamyod qildi.

Qasamyod marosimi prezidentlikka nomzodlar orasida olti oy davom etgan bahslarga yakun yasaydi.

Qo‘shma Shtatlar vositachiligida erishilgan kelishuvga muvofiq, janob G‘ani prezidentlik va uning saylovdagi raqibi Abdulloh Abdulloh ijroiy hokimiyat rahbari vazifasini zimmalariga oladi.

Tolibon ikki nomzod erishgan bitimni "Qo‘shma Shtatlar tashkillashtirgan riyokorlik" deya baholagan.

Ammo yuzlab davlat arboblari va xorijiy mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan marosimda gapirgan janob G‘ani bitimni "ulkan yutuq" deya olqishladi.

Ashraf G‘ani Ahmadzay mamlakat konstitutsiyasiga to‘la rioya qilishga qasamyod qildi.

U saylovni "hokimiyatning ilk demokratik almashinuvi" deya baholadi va saylovdagi raqibi Abdulloh Abdulloh haqida iliq so‘zlarni aytdi.

Ijroiy hokimiyat rahbari sifatida ish boshlayotgan janob Abdulloh esa prezident bilan "yaxshiroq kelajak uchun o‘zaro ishonch va mas‘uliyat bilan" ishlashini aytdi.

Qasamyod marosimini ochib bergan prezident Homid Karzay yangi hukumatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Kobuldagi BBC muxbirlariga ko‘ra, Kobulda xavfsizlik choralari nihoyatda kuchaytirilgan, do‘konlar yopilgan va ko‘chalarda oz sonli insonlarni ko‘rish mumkin.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02