Xitoy: imomni pichoqlagan ikki shaxsga o‘lim jazosi berildi

Image copyright freeasia
Image caption Juma Tohir xitoyparast chiqishlari bilan tanilgani aytiladi

Xitoy davlat matbuotining xabar berishicha, Qashg‘ar jome‘ masjidi imomini o‘ldirgani uchun ikki shaxs o‘limga va yana bir shaxs bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Yakshanba kuni Qashg‘arda mahkama G‘ani Hasan va Nurmahmat Abdulhamid terrorchi guruhni tashkil qilish va qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topib, o‘lim jazosiga hukm etdi, deya xabar beradi "Tyanshan Net" yangiliklar portali.

"Tyanshan Net" xabar berishicha, uchinchi shaxs Atoullo Tursun terror guruhiga a‘zolikda aybdor deb topilib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Xitoy matbuoti aytishicha, Nurmahmat Abdulhamid va uning ikki sherigi 74 yoshli imom, Juma Tohirni 30 iyul kuni bomdod namozidan keyin pichoqlaganlar.

Nurmahmat Abdulhamid hibsga olingani va uning ikki sherigi politsiya tomonidan otib tashlangani xabar qilinadi.

Vashingtonda joylashgan "Ozod Osiyo" radiosining mahalliy rasmiylar va shohidlarga tayanib xabar qilishicha, Juma Tohir chorshanba kuni tongda Qashg‘ardagi "Iydgoh" masjidi tashqarisida qonga belangan holda topilgandi.

Juma Tohir musulmon uyg‘ur guruhlari tomonidan xan xitoylariga sodir etilgan zo‘ravonliklarni tanqid qilib kelgani aytiladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bir yarim gektar yerdan ko‘proq maydonni egallagan "Iydgoh" masjidi 1442 yilda qurilgan qadimiy masjidlardan biri sanaladi.

Hodisa Yorkentdagi qonli to‘qnashuvlardan bir necha kun o‘tib yuz bergan.

"Xitoyparast imom"

"Ozod Osiyo" radioning Qashg‘ar aholisidan iqtibos keltirishicha, o‘ldirilgan imom 2009 yildagi zo‘ravonliklar chog‘ida Xitoy hukumatini himoya qilgani uchun ko‘pchilik uyg‘urlar uni yomon ko‘rishgan.

O‘z nomini oshkor etmagan qashg‘arlik o‘qituvchi "U masjidni kommunistik partiyaning targ‘ibot maktabiga aylantirib olgan edi", - deb aytgan.

Londondagi uyg‘ur faoli Aziz Isoning aytishicha, bu "Iydgoh" masjidi imomiga birinchi suiqasd emas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, masjidning bundan avvalgi ikki imomiga ham suiqasd uyushtirilgan, ulardan biri halok bo‘lgan.

"Xitoy hukumati bu masjid imomlaridan o‘z targ‘ibotlarida foydalangan", - deydi uyg‘ur faoli.

Yorkentdagi hodisalar ortidan Xitoy mintaqada xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Yorkentdagi manba‘lar BBCga ko‘chalarda katta sondagi politsiya va armiya kuchlari joylashtirilganini aytishgan.

2009 yilda Shinjon poytaxti Urumchida uyg‘urlar va Xan xitoylari o‘rtasida yuz bergan ommaviy to‘qnashuvlarda 200ga yaqin kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati Xan xitoylari ekani aytilgan.

Uyg‘ur faollari Xitoy boshqaruviga qarshi norozilik, xususan, diniy va madaniy erkinliklarning cheklanayotgani haqida gapirishadi.

Xitoy esa mintaqa aholisining turmushini yaxshilash uchun yirik sarmoyalar kiritayotganini aytib keladi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02