O‘zbek futboliga boykot vaziyatni o‘zgartiradimi?

O‘zbekistondagi ommaviy sport saytlaridan biri stadion.uz o‘zbek futbolini bir necha soat davomida boykot qildi.

Stadionchilar Inchonda o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistoniga yutqazib chorak finalga chiqolmaganidan so‘ng shunday qarorga kelishdi.

27 sentyabr kuni e‘lon qilingan maqolada so‘nggi yillarda o‘zbek futbolida keskin pasayish boshlangani aytiladi.

"Terma jamoalarimizning xalqaro o‘yinlardagi natijalari yomonlashib bormoqda. O‘smirlarimiz JChga chiqa olmadi, terma jamoamiz Osiyo O‘yinlarida nimchorak finaldan nariga o‘ta olmadi", - deyiladi maqolada.

web sayt tahririyati bularning barchasiga milliy chempionat sababchi ekanligini ta‘kidlaydi.

Chempionatda kelishilgan o‘yinlar avj olgani aytiladi.

"Kelishilgan o‘yinlar, totalizatorga o‘yinlarni tikish kundan-kunga avj olib bormoqda. Hammayoq "teatr". Ayniqsa, mavsumning so‘ngida bu holat juda ham avj oladi. Medallar uchun kurashayotgan va Oliy ligada qolishni istagan jamoalar tavakkal qilishni, mardlarcha kurashishni istashmaydi. Kelishadi, sotib oladi, kerak bo‘lsa hakamlar bilan "ishlaydi".

Sport sayti kelishilgan o‘yinlarga bir necha misollarni keltiradi.

Yetarli asoslar bo‘lsa-da, O‘zbekiston futbol federatsiyasi va Professional futbol ligasi ushbu holatlar bo‘yicha jiddiy chora ko‘rmagan.

Stadionchilar vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmaguncha o‘zbek futboliga oid yangiliklarni web sahifada yoritmaslik orqali o‘zbek futboliga boykot e‘lon qilishini bildirgan.

Shuningdek, futbol mutasaddilari bilan jurnalistlarning uchrashuvini talab qilgan.

Ushbu boykot ijtimoiy tarmoqlardagi futbol muxlislari tomonidan iliq kutib olingan.

Biroq boykot matni saytda chop etilishidan bir necha soat o‘tib sayt tahririyati tomonidan olib tashlandi.

Sayt ijodkorlari maqola murojaat-xat shaklida O‘zPFL va O‘FFga taqdim qilinganini va o‘zbek futboli rahbarlaridan sport jurnalistlari bilan uchrashuv tashkil qilish so‘ralganini yozdi.

"Shu bois, ayrim jihatlarni inobatga olgan holda, bugun e‘lon qilingan norozilik maqolamizni vaqtinchalik saytdan olib turishga qaror qildik", - deyiladi keyingi chop etilgan xabarda.

Biroq sayt xodimlari "teatrlashtirilgan sahna"larni o‘z saytlarida yoritmaslik yoki targ‘ib qilmaslik qarorida qolganini. Tanqidiy va kelishilgan o‘yinlarni fosh qilishda esa davom etishini ma‘lum qilgan.

Osiyo o‘yinlarida terma jamoaning muvafaqqiyatsizligiga bir tomon muxlislar bosh murabbiy Mirjalol Qosimovni ayblagan.

Ikkinchi tomon esa, ayb ichki chempionatni xarob ahvolga solib qo‘ygan rabariyatda ekanligini bildirgan.

Foydalanuvchilar jurnalistlarni ochiq gapirmaslikda ayblab, federatsiya prezidenti Mirabror Usmonovning iste‘fosini matbuot orqali so‘rash kerakligini ta‘kidlashgan.

"Mirabror Usmonovdan yoki Qosimovdan so‘ranglar unda "qachon joyingizni bo‘shatasiz", deb. Nega so‘ramaysizlar?", -deydi San‘at Sharipov.

O‘zbekiston matbuot erkinligi cheklangan jamiyat deya ko‘riladi. Boykot to‘g‘risidagi maqolaning olib tashlanganligiga turli bosimlardan xavotir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Stadion.uz saytiga bir kunda o‘rtacha 35-40 ming muxlis tashrif buyuradi.

Maqola chop qilingan kuni sayt bir muddat ochilmay qolgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02