O‘zbekistondan xavf aridimi?

Image copyright AP

Xorij qo‘shinlari yana ikki yilgacha Afg‘oniston tuprog‘ida qoladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, bu xabar O‘zbekiston uchun juda ham muhim.

Bunga esa, bugun seshanba kuni rasmiy Kobul va Vashington o‘rtasida imzolangan muhim xavfsizlik kelishuvi asos beradi.

Yangi imzolangan bitimga muvofiq, Afg‘onistonda 2016 yil oxiriga qadar 10.000 ga yaqin xorijiy askar va ularning qator harbiy bazalari qoladi.

Amerika va Afg‘oniston bu xususda o‘tgan yil oxirida kelishib olishgandi.

Ammo, hozirda sobiq prezident Homid Karzayning qator e‘tirozlari sabab, uing imzolanishi shu kunga qadar ortga surib kelinayotgandi.

Bu esa, O‘zbekiston doxil barcha mintaqa davlatlarining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lmay qolmagandi.

Chunki mazkur holat Afg‘onistonda bundan buyog‘iga xorijiy ittifoq qo‘shinlari qolish-qolmasligi masalasini butkul savol ostiga qo‘ygandi.

Amerika tomoni, yangi xavfsizlik kelishuvi imzolanmas ekan, bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan, afg‘on tuprog‘ida birorta ham chet el harbiysi qolmasligi bilan jiddiy tahdid qilib kelayotgandi.

Ustiga ustak, ularning bu kabi po‘pisalari afg‘on mojarosi haliyam o‘z yechimini topmagan bir manzarada yangragandi:

Afg‘onistondagi isyonchi guruhlarni butkul mahv etishda G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlarining o‘tgan 13 yillik sa‘y-harakatlari ish bermagan.

Ular bilan sulhu madoraga erishish yo‘lidagi barcha urinishlar esa, shu paytgacha besamar yakunlangan.

Hozirga kelib, Afg‘onistonda Tolibon harakati va uning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati kabi yana qator boshqa isyonchi guruhlar ham qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan.

Image copyright AP

Shundoqqina biqinlarida vujudga kelgan bu kabi vaziyat oxirgi yillarda rasmiy Toshkentning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston yana fuqarolar urushi gidobiga botishi, ekstremistik guruhlar va bangivor moddalar uyasiga aylanishidan xavotirda.

Rasmiy Toshkent bu xususdagi bayonotlarini, hatto, Birlashgan Millatlarning Assambleyasi qadar, eng yuqori minbarlardan turib ham izhor etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning shaxsan o‘zi ham, hatto, so‘nggi oylarga qadar Afg‘onistonda xorijiy ittifoq qo‘shinlarining qolishi juda muhim ekanini alohida ta‘kidlab kelayotgandi.

O‘zbekiston rahbari shu yil may oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti chog‘ida qo‘shni Afg‘onistondagi voqealarning rivoji xorijiy ittifoq qo‘shinlarining bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham qolishlarini taqozo etishini oshkora bayon qilgandi.

Uning bu kabi so‘zlari, boshqa tomondan, Afg‘onistonda prezidentlik saylovlari inqirozga yuz tutgan va qudratga yangi afg‘on rahbarining qachon kelishi noma‘lum bo‘lgan bir vaziyatda yangragandi.

Rasmiy Vashington bilan muhim xavfsizlik shartnomasi esa, olti oylik saylov bo‘hroni ortidan kecha dushanba kuni Afg‘onistonda yangi prezident qasamyodga keltirilishidan kun o‘tib imzolandi.

Mintaqaviy tahlilchilar ham u yerda jang qilayotgan o‘zbekzabon isyonchi guruhlar sabab, Afg‘onistonda bo‘layotgan mojarolar unga bevosita chegaradosh O‘zbekistondagi barqarorlikka ta‘sir qilishi potentsiali mavjudligini alohida ta‘kidlashadi.

Ular, bir tomondan, mavjud vaziyat O‘zbekistondagi mavjud tuzumning mustahkamlanishiga xizmat qilgan bo‘lsa, boshqa tomondan, xavotirga solmay qo‘ymaganini ham e‘tirof etishadi.

Image copyright GETTY IMAGES

Tahlilchilarga ko‘ra, xuddi shu bois ham, yangi imzolangan bitim qisqa muddatga bo‘lsa-da, O‘zbekiston hokimiyati doiralari va jamiyatini tinchlantirish effektiga ega.

Ular o‘tgan 13 yil badalida 100 mingdan ortiq xorijiy qo‘shin afg‘on mojarosini bir yoqli qilolmagan bir sharoitda qolajak bir necha ming sondagisi nimani eplashi savoliga diqqat qilisharkan, buyog‘iga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda ish olib borilishi mumkin, deb taxmin etishmoqda.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, hozir siyosiy doiralarda afg‘on mojarosining yechimi borasida ham harbiy, ham muzokaralar va ham Tolibonni Afg‘oniston xalqining taqdiri uchun mas‘ul siyosiy kucha aylantirishga oid tasavvurlar mavjud.

Lekin, shunda ham, tahlilchilar toliblar va kelasi ikki-uch yil ichida Afg‘onistondagi vaziyat qay tomonga qarab o‘zgarishi xususida oldindan hech narsani aytib bo‘lmasligini alohida urg‘ulashadi.

Ular, xuddi shu o‘rinda, Afg‘onistonda toliblarga moyil bo‘lgan ijtimoiy qatlam azal-azaldan mavjudligi, ya‘ni etnik pashtun qavmining muayyan foizi doimo ular tarafida bo‘lib qolaverishiga diqqat qilishadi.

Xavfsizlik bitimi muddatining 2016 yildan uyog‘iga ham uzaytirilishi masalasiga kelganda esa, mintaqaviy tahlilchilar G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari ham, Afg‘oniston hukumati ham vaziyatga qarab ish qilishini ta‘kidlashadi.

Image copyright AFP

Ular vaziyat chigallashib, toliblar, Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat"ga o‘xshash jihodchi va islomiy jangari guruhlar faollashib, ular o‘rtasidagi uzviylik kuchayadigan bo‘lsa, har ikki tomon ham o‘zining mavqeini boshqattan ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishini aytishadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, globallashgan dunyoda xavfsizlikni bo‘lib bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda Afg‘oniston masalasiga bir necha bor to‘xtalib o‘tgan prezident Karimov, hatto, eng qudratli davlatlar bo‘lmaydimi, hozir dunyoda hech kim afg‘on mojarosining ertangi yechimi nima bo‘lishini bilmasligi, mavjud vaziyat o‘zlarini jiddiy tashvishga solayotganini ham ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston tomoni so‘nggi yillarda afg‘on mojarosining yechimida harbiy tanlov ish bermasligi va faqat tinchlik muzokaralari yakuniy yo‘l bo‘lishini urg‘ulab keladi.

Kuni-kecha qudratga kelgan yangi afg‘on hukumati ham eng avvalo Tolibon harakati bilan sulhu madoraga borish istagida ekanini oshkora bayon etdi.

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar esa, yillarki, afg‘on tuprog‘ida biror bir xorijiy askar qolar ekan, umuman muzokaralarga bormasligini aytib keladi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02