Orol dengizidan nima qoldi?

Image copyright none

AQShning NASA fazo agentligi Orol dengizidan sun‘iy yo‘ldosh orqali olingan yangi suratlarni chop qilgan.

NASAning Earth Observatory saytidagi fotosuratlarda Janubiy Orol dengizining sharqiy qismi to‘liq qurib qolgani aks etadi. Mazkur holat tarixda ilk bor kuzatilayotgan dahshatli tasvirlar sifatida ta‘riflanmoqda.

NASA tadqiqotchilariga ko‘ra, 2009-2014 yillar o‘rtasida suv sathi yog‘ingarchilik miqdoriga qarab o‘zgarib turgan. Joriy yil ob-havoning quruq kelishi Janubiy Orolning sharqiy qismi butunlay qurib qolishiga sabab bo‘lgan.

Londondagi Ochiq jamiyat institutidan Alisher Ilhomov Orol dengizi bilan bog‘liq so‘nggi holat ortidagi sabablarni hamon o‘zgarmay qolayotgan iqtisodiy siyosat bilan bog‘laydi.

"Asosiy sabablaridan biri bu Orolga kelib quyiladigan ikki yirik Amudaryo va Sirdaryo suvlarini qishloq xo‘jaligi uchun ishlatilishidir. Bu daryolar suvidan bir necha davlatlar istefoda etadi. O‘zbekiston asosiy iste‘molchi va bugungi kunda agrar bir davlatdir. Sho‘rolar davrida ham qishloq xo‘jaligigi asoslangan iqtisod bugun ham o‘zgargani yo‘q deyarli... Qaytaga bugunga kelib qishloqda yashaydigan aholi soni ortdi. Dunyoning boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarida esa buning aksi, ya‘ni qishloqda yashaydiganlar soni kamayib shaharlardagi aholi ortib boradi. Aksariyat ro‘zg‘or tebratish uchun qishloq xo‘jaligi bilan band. Eng ko‘p suv talab qiladigani esa, hamon paxta bo‘lib qolmoqda. Paxta o‘stirishni esa hukumat talab qiladi. Agar fermerlarda deylik tanlov bo‘lganida edi, ular, albatta, suvni hisobga olishar va o‘zlari uchun manfaatli ekinlar o‘stirishgan bo‘lar edi", deydi Alisher Ilhomov.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida joylashgan Orol dengizining bugungi holati dunyodagi eng yomon ekologik halokatlardan biri deya baho topgan.

Bir paytlar dunyodagi eng yirik dengizlardan biri sanalgan Orol 1960 yillardagi Sovet Ittifoqi olib borgan suvni taqsimlash siyosati qurboni bo‘lgan. Dengiz yillar davomida shiddatli sur‘atda o‘z qirg‘oqlaridan chekina borgan, ammo uning katta qismi butkul qurib bitgani ilk bor kuzatilmoqda.

Bungacha Orolbo‘yi davlatlari dengizni saqlab qolish uchun muayyan sa‘y-harakatlarga qo‘l urishdi. Xususan, O‘zbekistonda ham jamg‘armalar tashkil qilindi, xalqaro tashkilotlar yordamlar ajratdi. Biroq, pullar behuda sarflandi, degan iddaolar ham yangradi. Kuzatuvchilar esa, Orolning bugungi ahvoli faqat moliyaviy imkoniyatlarga bog‘liq emasligini aytishadi.

"Menimcha, bunaqa masalalarda qishloq xo‘jaligi isloh qilinmagani asosiy muammodir. Har yili umuman strategik bir reja ishlanmaydi, real bo‘lmagan talablar qo‘yiladi. O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati noto‘g‘ri, sanoat rivojlanmagan, hamma narsa xom ashyoga asoslanganicha qolmoqda. Umuman, ochiq va erkin biznesga imkon yo‘q, poraxo‘rlik esa hamma sohada bor. Aynan shuning uchun ham, iqtisod qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq, bu esa albatta suvga talabni ozaytirmaydi. O‘zgarishlar juda oz", deydi Alisher Ilhomov

Qozog‘iston Orol dengizining o‘ziga qarashli shimoliy qismini O‘zbekiston tarafidagi janubiy havzadan ajratib to‘g‘on qurgan va buning ortidan dengiz ikki qismga - Kichik va Katta Orolga ajralib qolgandi. Hozir Qozog‘iston tarafidan Kichik Orolni kengaytirish ishlari to‘xtamagan va ayni urinishlar bois shimoliy qismdagi suv sathi 42 metrgacha ko‘tarilgan. O‘zbekiston tarafi ham shu yo‘l bilan Orolni asrab qolishi mumkin edimi?

"Menimcha, ha. Albatta, men bu borada mutaxassis emasman. Ammo, Qozog‘iston anchayin samarali bir yo‘l tutdi. Boshqa tomondan Qozog‘iston hukumati faqatgina qishloq xo‘jaligini rivojlantiraman deb urinmadi, erkinroq iqtisodga yo‘l ochib berdi va biznesga hukumat aralashishini kamaytirdi. O‘zbekistonda esa bunday qilinmadi", deydi Alisher Ilhomov.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02