"Dadam qamoqdan chiqishiga ishonaman"

O‘tgan hafta O‘zbekiston qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarga doir yirik hisobotni e‘lon qilgan Human Rights Watch tashkiloti muxolifatdagi "Erk" partiyasi faoli Muhammad Bekjon taqdiriga alohida e‘tibor qaratgan.

60 yoshli Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalistdir.

U 1999 yil fevralida Toshkentda sodir etilgan portlashlarga aloqadorlikda gumon qilinib, Kiyevdagi uyidan o‘g‘irlab ketilgan.

Muhammad Bekjon mahkamada portlashlarga aloqadorlik haqidagi ayblarni qat‘iyan rad etgan, biroq unga 15 yillik qamoq jazosi berilgan edi.

"Erk" ro‘znomasining bosh muharriri bo‘lgan Muhammad Bekjon o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solihning ukasidir.

Muhammad Bekjon 2012 yil fevralida ozodlikka chiqarilishi kerak edi, ammo muddati tugashiga bir oy qolganida u qamoqxona ma‘muriyatiga bo‘ysunmaslik aybi bilan yana 4 yilu 8 oyga mahkum etilgan.

Qashqadaryo viloyatidagi Koson qamoqxonasida bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida Muhammad Bekjonga qarshi uning uch kameradoshi ko‘rsatma bergan.

Human Rights Watch ning ta‘kidlashicha, bu O‘zbekistonda siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarmaslik uchun qo‘llanadigan usuldir.

O‘zbek siyosiy mahbuslari yuz tutayotgan "misli ko‘rilmagan qiynoqlar" borasidagi hisobot chop etilishi bilan bir vaqtda BBC Muhammad Bekjonning hozirda AQShda yashayotgan to‘ng‘ich qizi Oygul Bekjon bilan suhbatlashgan.

BBC: O‘n besh yil mobaynida dadangizning nomi unutilib ketmasligi uchun siz qanday harakatlar qilgansiz?

Oygul Bekjon: Yillar davomida biz AQSh Davlat Departamenti va O‘zbekistondagi Amerika elchixonasi bilan muloqotda bo‘ldik hamda Xalqaro Amnistiya, Human Rights Watch tashkiloti, Helsinki qo‘mitasi tashabbuslari bilan dadamni qamoqxonadan ozod etish maqsadida harakatlar olib borganmiz. Biz Amerika fuqarolari bo‘lganimiz sabab bevosita Kongress a‘zolariga maktublar yubordik, dadamning nomi yuqori martabali uchrashuvlarda tilga olinishini so‘radik. Ikki ayol senator so‘rovlar qilishgan. 2006 yilda, Islom Karimov AQShga safar qilganida, mazkur senatorlar u bilan yuzma-yuz uchrashuvlarida, undan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dadamning taqdiri haqida so‘rashgan. Karimov g‘azabga kelgan va javob bermagan.

BBC: O‘zbekistondagi mavjud tartib va qonunlar doirasida tegishli idoralarga ham murojaat qilganmisizlar?

Oygul Bekjon: Biz o‘zbek mulozimlarining jig‘iga tegmaslik uchun ko‘pgina harakatlarimizni hech kimga bildirmasdan olib bordik. Lekin bundan badtar bo‘lishi mumkin emasligiga biz 2012 yilda, dadamning qamoqhona muddatini yana besh yilga uzaytirishganidan so‘ng ishonch hosil qildik. Qanday mahfiyona harakat olib bormang, baribir oxir-oqibat bu natija bermaydi. Onamiz O‘zbekistonga borib, mahalliy idoralar orqali qamoqxonadagi shart-sharoitlar masalasini hal qilishga urindi. Biz bu yerdan dadamning O‘zbekistondagi qarindoshlariga pul jo‘natib turamiz, ular esa dadamga kerakli narsalarni posilkada yuborishadi.

BBC: Amerikada, oila davrasida otangizning o‘rnini qanday saqlab turibsizlar?. Tug‘ilgan kunlarni birgalikda nishonlaysizlarmi, misol uchun?

Oygul Bekjon: Ha, to‘rt yil oldin, misol uchun, men dadamning tug‘ilgan kunida o‘g‘il ko‘rdim. Bu dadamning yagona nevarasidir. Tasodif tufayli o‘g‘lim homiladorlik muddatidan o‘tib, dadamning tug‘ilgan kunlarida tug‘ildi. Biz dadamning tug‘ilgan kunida albatta yig‘ilamiz, hamma joyda uning rasmlari... Bilasizmi, butun o‘n besh yilni biz intizorlikda o‘tkazdik. Umid bilan yashash juda og‘ir...

BBC: O‘tgan yili onangiz, BBC bilan suhbatda siyosiy kampaniyalar foyda bermasligini aytgan edi. Nega bunday xulosaga kelgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

Oygul Bekjon: Men o‘ylaymanki, onamning hafsalasi qattiq pir bo‘lgan. Chunki uning aytishicha, butun vaqt davomida birorta, hattoki kichik bir o‘zgarish ham ro‘y bermagan. Kimdir aytgan emish, "oddiy bir jinoyatchi, o‘g‘ri bo‘lganida, biror yo‘l topib, pul to‘labmi, har holda uni allaqachon qamoqxonadan ozod etishardi"... "Dadangga kelganda, barcha harakatlarimiz zoye ketdi", deydi onam. Lekin keyinchalik men onamni "bunday qilish mumkin emas, biz ruhan kuchli bo‘lishimiz shart, harakatlarimizni davom ettirishimiz kerak", deb ishontirdim.

BBC: Ko‘pgina inson huquqlari tashkilotlari, dadangizning qamoqda buncha uzoq muddat qolishini uning akasi Muhammad Solihning faoliyati bilan tushuntirishadi. Siz bu haqda nima deysiz?

Oygul Bekjon: Ha, biz ham shunday o‘ylaymiz. Muhammad Solihning uch ukasi qamaldi, ikki ukasini ozod qilishdi. Lekin ular u qadar jiddiy faoliyat yurgizmaganlar, har holda dadam gazeta muharriri bo‘lgan. Dadam bevosita siyosat bilan shug‘ullangan, maqolalar yozgan. Bundan tashqari dadam bekitmasdan, hammaga o‘z faoliyati borasida ochiq gapirgan. Ya‘ni "men sukut saqlab o‘tirmayman, o‘z ishimni davom ettiraman", deb aytgan. Onam qamoqhonada ham, uchrashuvlar vaqtida dadam bu haqda ochiq gapirganlarida, "iltimos, hech bo‘lmasa bu yerda, ishingiz haqida ko‘p gapirmang" deb so‘ragan. Bu ham o‘z rolini uynagan, deb o‘ylayman. Chunki ular dadamning irodasini sindirmoqchi bo‘lishgan... Borib-borib, ruhan bo‘lmasa ham, jismonan dadamni sindirishgan.

BBC: Ya‘ni dadangiz ruhan hanuzgacha juda kuchli deb aytmoqchimisiz?

Oygul Bekjon: Qanday aytsam bo‘ladi... Oxirgi marta onam bilan ko‘rishganida u hamma qizlari bilan diydorlashishni istashini aytgan. Dadam uzoqqa bormayman, o‘lib qolaman, deb o‘ylagan. Shuning uchun onamdan tergovchidan ruxsat olishga harakat qilishni so‘ragan. Bu so‘zlarni dadam ikki yil oldin, maxfiy suddan so‘ng aytgandi.

BBC: Siz dadangiz qamoqdan chiqishiga ishonasizmi?

Oygul Bekjon: Biz hamisha shunday kun keladi, deb ishonishni istaymiz. Faqat shu umid bilan yashayapmiz. Umid bir paydo bo‘ladi, bir so‘nadi, lekin hech qachon o‘lmaydi!. Qachondir vaziyat o‘zgarishiga, hozirgi holat abadiy davom etmasligiga ishonaman. Men bunga ishonishni juda xohlayman...

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02