Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Miyangiz ayolmi yo erkakmi?

Ko‘pchilik nazarida ayol va erkak miyasi o‘rtasida farq katta va bu ularning hatti-harakati hamda qobiliyatida ham akslanadi.

Deylik, ayollar ro‘zg‘ordagi barcha mayda ishlarni uddalash hamda bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishga qodir degan qarash kuchli. Erkaklar esa avtomashina haydash, ilm-fan bilan shug‘ullanish va yo siyosatni yurgizishda uquvli, deb ishoniladi.

Ammo so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, ayol va erkak miyasi o‘rtasidagi farq u qadar katta emas.

Ba‘zi hollarda esa, miya o‘zgarishlari jamiyat, atrof-muhit hamda tarbiya asosida yuzaga keladi.

Deylik, erkaklarning miya yarim sharlari old va orqa qismida o‘zaro jips bog‘liq bo‘lib, bu bir muammo yo masalani ilg‘ash hamda uni hal etish yo‘llarini ko‘ra bilish iqtidorini oshiradi.

Ayollar miya yarim sharlari esa turli joylarda o‘zaro tutashib ketgan va juda ko‘p bog‘langan. Bu esa ularning turfa ishlarni uddalay olishlari hamda ayni jarayonlarda o‘z his-hayajon va ehtiroslarini ham qo‘shishlariga yetaklarkan.

Tabiat yo tarbiyat?

Olimlarning aytishicha, miyadagi mazkur farqlar yosh bolalarda uchramaydi, balki o‘spirinlik payti shakllanadi.

Ammo ayni farqlar jamiyat va atrof-muhit ta‘sirimi yoki biologik jarayonmi - to‘la o‘rganilmagan.

Deylik, bolalarning o‘z jinsiga monand harakatlanishi oqibatida shakllanganmi yoki tabiiy ravishda balog‘atga yetish jarayonida miyadagi farqlar ham kattarib boradimi, degan savollar hamon ochiq.

Chunki ota-onalar o‘g‘il bolalarga o‘zlari bilmagan holda ko‘proq ma‘suliyat yuklashadi, ulardan olim va qahramon kutishadi. Shu bois o‘g‘il bola miyasi ham shunga mos shakllanishi mumkin.

Qiz boladan esa ko‘pincha oilani tutib turuvchi beka, tarbiyachi va zaifa bo‘lish kutiladi. Bu esa qiz bola miyasi taraqqiyotini belgilab berishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Ota-onalar hali o‘rmalaydigan o‘g‘il bolaga o‘ynash uchun avtomashina tutqazashadi. Qiz bolaga esa qo‘g‘irchoq berishadi.

Lekin maymunlarda o‘tkazilgan tajribaga ko‘ra, ikik jins o‘rtasidagi farqlar azaldan mavjud. Va ko‘p holatlarda jamiyat ta‘siriga bog‘liq emas.

Chunki insonlar foydalanuvchi avtomashina va yo qo‘g‘irchoq nimaligini bilmaydigan maymunlar ham "o‘z jinslariga mos" o‘yinchoqlarni xushlashdi.

Ayol maymunlar qo‘g‘irchoq o‘ynashdi, erkaklari esa avtomashinaga qiziqish bildirishdi.

O‘zbekona aytganda, "ota o‘g‘il", "ona qizim".

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02