General Do‘stum "Tolibon bilan muloqotga tayyor"

Qudratli o‘zbek generali bu haqda Afg‘oniston yangi prezidentining 1-muovini sifatida bayon qildi.

Prezident saroyida so‘zlarkan, janob Do‘stum Afg‘onistonni hozirgi vaziyatdan qutqarish lozimligini ta‘kidladi.

Agar, Afg‘onistonning yangi prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzay izn bersa, bu ishga hozirning o‘zidayoq kirishishi:

"Tolibon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga shay" ekanini aytdi.

General janoblariga ko‘ra, Afg‘onistonda uzoq yillik urushlarga nuqta qo‘yishning vaqti yetgan:

"Toliblar bilan muzokaralar olib borish kerak. Agar, doktor sohib(Ashraf G‘ani Ahmadzay - BBC izohi) menga ijozat bersa, men toliblar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib boraman. Nima qilasiz? Kimni o‘ldirmoqchisiz? Qariyb o‘ttiz yildan beri urush bo‘ladi, ikki millionga yaqin inson o‘ldi. Lekin urushlar hanuz tinmaydi. Prezidentimizni ham taniysiz, Lo‘gardan, pashtun. Sarvar Donishni ham taniysiz, hazoralardan, bir huquqbon. General Do‘stumni ham taniysiz, bir dehqonning bolasi. Hech biri xorijdan kelgan emas", - deb aytgan Abdulrashid Do‘stum.

Afg‘oniston shimolida katta qudratga ega bo‘lgan bu siyosatchining ta‘kidlashicha, urushlardan hech bir ish chiqmagan va endigi yo‘l faqat sulhu madora bo‘lishi kerak.

Janob Do‘stum, o‘z o‘rnida, butun Afg‘oniston bo‘ylab barqarorlikni qaror toptirish uchun jiddiy chora-tadbirlarga qo‘l urishini ham va‘da qilgan.

Bu - O‘zbek generalining Afg‘oniston yangi prezidentining 1-muovini sifatida bayon qilgan ilk so‘zlari bo‘ladi.

Janob Do‘stum o‘z chiqishida Afg‘onistonda chuqur ildiz otgan korruptsiya muammosiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Agar, so‘nggi yillarda Afg‘onistonda o‘tkazilgan ayrim so‘rov natijalariga tayanilsa, korruptsiya - Afg‘oniston xalqi to‘qnash kelib turgan eng asosiy muammo bo‘ladi.

Yangi vitse-prezident esa, Afg‘onistonda ushbu illatga butkul barham berish uchun xalq vakillari va diniy ulamolarni yangi hukumat bilan hamkorlik qilishga chaqirgan.

O‘z boshqaruvlari davrida korruptsiya bo‘lmasligi kerakligi, aks holda buning uyatli bir ish bo‘lajagini aytgan.

Ulamolarni o‘z ta‘sirlaridan foydalanib, ushbu muammoga qarshi samarali kurashda bahamjihat bo‘lishga da‘vat qilgan.

Do‘stum va saylovlar

General Abdulrashid Do‘stum Afg‘onistonning asosan o‘zbeklar yashovchi va O‘zbekiston bilan chegaradosh shimolidagi eng qudratli muxolif siyosatchilardan biri sanaladi.

Ammo o‘zbek generali bu galgi saylovlarda o‘z nomzodini prezidentlikka ilgari surmaslikka qaror qilgandi.

Buning o‘rniga, asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilgan Ashraf G‘ani Ahmadzayning 1-muovini sifatida ishtirok etgandi.

Janob Do‘stum ilk bosqichi 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar arafasida g‘olib chiqqan taqdirlarida, Afg‘onistonga tinchlik keltirishga ko‘zlari yetishini bayon qilgandi.

General janoblari BBC bilan suhbatida bu masalada ish faqat diplomatiya bilan bitmasligi va qat‘iyat ham lozim bo‘lishini ta‘kidlagandi.

U, "Prezidentning muovini bo‘lish bilan birga, o‘z politsiya, qurolli kuchlarimiz va boshqa generallar bilan hamkorlikda, ular bilan o‘z tajribalarimni o‘rtoqlashgan holda bunga muvaffaq bo‘lamiz", degan umidlarni izhor etgandi.

Abdulrashid Do‘stum ayni o‘sha suhbati chog‘ida ham korruptsiya muammosini alohida tilga olib o‘tgandi.

Do‘stum va Tolibon

Sobiq kommunist va afg‘on o‘zbeklari yetakchisi ham sanalgan Abdulrashid Do‘stum uzoq yillar Tolibonga qarshi urushib kelgan.

General Do‘stumning kuchlari xalqaro ittifoq kuchlarining dastagi bilan 2001 yilda Afg‘onistonda Tolibon tuzumini qulatishda ham muhim o‘rin tutgan.

Buning ortidan, yangi afg‘on hukumatidagi rasmiy amali u qadar baland bo‘lmasa-da, ammo amalda ta‘siri juda kuchli bo‘lgani e‘tirof etib kelingan.

Hali 2012 yilda "Milliy Islomiy Uyg‘onish" partiyasi rahbarining Tolibon bilan muzokaralarga rozi bo‘lgani haqida xabarlar o‘rtaga chiqqandi.

Buni o‘shanda BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida uning muovini ham tasdiqlagandi.

Ammo, oradan bir muddat o‘tib, janob Do‘stum Tolibon bilan qudrat bo‘lishish Afg‘onistonda yana fuqarolar urushini keltirib chiqarishi mumkinligi bilan ham ogohlantirgandi.

Ta‘kidlash joiz, bugunga kelib toliblar Afg‘onistonda qayta faollashishga muvaffaq bo‘lishgan.

Xorijiy ittifoq qo‘shinlari xuddi shu manzarada afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay, ortga safarbarlikni boshlab yuborishgan.

O‘tgan 13 yil badalida harakat bilan turli darajada tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari deyarli samara bermagan.

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar afg‘on tuprog‘ida xorijiy askar bo‘lar ekan, muloqotlarga bormasligini ta‘kidlab keladi.

Ammo yaqinda Natoning Afg‘oniston taqdiriga bag‘ishlangan Uels sammiti arafasida harakat xos bayonot bilan chiqib, sulhu madora istagida ekaniga ishora qilgandi.

O‘zbekiston esa, xorijiy qo‘shinlarning ommaviy safarbarligi ortidan, Afg‘oniston yana fuqarolar urushi gidobiga botishi, ekstremistik guruhlar va bangivor moddalar uyasiga aylanishidan xavotirda.

O‘zbek generalning so‘nggi so‘zlari Afg‘onistonning yangi prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzayning o‘zbek millati namoyandalari bilan Kobuldagi uchrashuvi chog‘ida yangragan:

Kobuldagi yig‘inda Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlaridan o‘zbek ziyolilari, mutaxassislar, yuqori martabali davlat arboblari va millat vakillari ishtirok etishgan.

Image copyright AP

Janob Ahmadzay yig‘in chog‘ida saylovlar chog‘ida ko‘rsatgan dastaklari uchun ularga o‘z minnatdorchiligini izhor qilgan, sof o‘zbek tilidagi qilgan kirish so‘zida ularni "g‘alaba" bilan qutlagan.

O‘z saylovoldi amaliyotlari chog‘ida Afg‘oniston o‘zbeklari va turkmanlariga bergan va‘dalarini to‘liq bajarishini aytgan:

O‘zbek va turkman tillarining rivojiga e‘tibor qaratishi, qator shimoliy viloyatlarni obod qilish, yangi suv to‘g‘onlari qurib, aholini suv toshqinlaridan himoya etishiga ko‘zi yetishini ta‘kidlagan.

Yig‘in ishtirokchilariga xavfsizlikni to‘la ta‘minlash va yangi sarmoyalar jalb etish yo‘lida ham jiddiy harakatlar qilishga so‘z bergan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Ashraf G‘ani Ahmadzay dushanba kuni rasman qo‘shni Afg‘onistonning yangi prezidenti etib qasamyodga keltirildi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02