"O‘zbekiston jannatga o‘xshaydi"

Image copyright none
Image caption Sayyohlar O‘zbekistondagi tinchlik va obodlikni qayd etishadi

"O‘zbekiston hech qaysi davlatga o‘xshamas va yagona".

Elektron maktub yo‘llagan Bosid ismli o‘quvchimiz o‘z fikrini ana shunday ifodalagan. Aksar fikrlar xuddi shunga monand.

"Jannatga". Muslimbek Xudoyberdiyev bir so‘z bilan O‘zbekistonni ana shunday tasvirlaydi.

Shahlo Ikramova ismli o‘quvchimiz Hamid Olimjonnning "O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston, dostonlarda bitgan guliston..." satrlari bilan O‘zbekistonni tasvirlagan.

Ammo bu ayrimlarda istehzoli fikrlarni ham uyg‘otgan.

"Davlat organlarida qarindoshlaringiz bormi, ja sayrayabsiz" - deb unga javob yozgan Umid Kalimullin.

Ozarbayjondan Singapur qadar

Ayni damda, Ilhom Hojimurodov O‘zbekistonni Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi sobiq sho‘ro davlatlariga qiyos beradi.

O‘quvchimiz o‘z fikrini dalillamagan, ammo Ozarbayjonda Ilhom Aliyev prezidentlikni marhum otasidan meros olgan. Qozog‘iston esa sobiq SSSR davridan beri bir shaxs boshqaruvi ostida eng uzoq qolayotgan davlatlardan biri.

Image copyright none
Image caption Xalqaro Qullik Ko‘rsatkichiga ko‘ra, O‘zbekiston har paxta mavsumi Mavritaniyadan so‘ng jahonning ikkinchi yirik quldoriga aylanadi

Ba‘zi o‘quvchilarimiz o‘z fikrlarini batafsil izohlashga intilganlar.

"O‘zbekiston iqtisodiy ildamlashda Xitoy yoki Janubiy Koreyaga, milliylikni namoyon etib, taraqqiy etishiga qarasak, Yaponiyaga o‘xshashi mumkin" - qabilida fikr bildiradi Toshkentdan Madiyor.

Uning fikricha, qonun ustivorligi borasida O‘zbekistonni Singapur yoki Estoniyaga, korruptsiyaga qarshi kurash bobida esa Singapurga qiyoslash mumkin.

Zimbabve yo Shimoliy Koreya-chi?

Ma‘lumki, hozir jahonda O‘zbekiston haqida gap ketganida turli xil odam uni turli mamlakatga qiyoslaydi.

G‘arblik sayyohlar nazdida, O‘zbekiston tinch va barqaror, xalqi savodli va jozibador mamlakat.

Olimlar fikricha, bu yurt dunyo tarixi hamda ilm-fanida azaldan mustahkam o‘ringa ega mamlakatlar qatorida turadi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, shaxs va so‘z erkinligi qattiq cheklanayotgan O‘zbekistonni faqatgina Shimoliy Koreya yoki Turkmaniston kabi mustabid tuzumlarga qiyoslash mumkin.

Odamlarning uylari buzilib, yetarlicha tovon puli olisholmayotgani va ba‘zan ko‘chada qolishayotgani haqidagi xabarlar ortidan bu mamlakat Afrikaning Zimbabvesi kabi ekan-da, degan fikrlar ham aytila boshlangan.

Image caption O‘zbekiston zamini - qadimdan dunyo ilm-fani va tarixida muhim o‘ringa ega

Bir shaxsning uzoq yillik qattiqqo‘l boshqaruvi borasida gap ketganda esa qator tahlilchilar O‘zbekistonni dunyodagi eng zolim va yakkahokim tuzumlar qatoriga ham qo‘shishadi.

Xalqaro Quldorlik Ko‘rsatkichi tashkiloti esa har paxta mavsumi yuz minglab fuqarosini majburan paxtaga chiqaradigan O‘zbekiston toki terim tugaguncha, Mavritaniyadan keyin dunyoning ikkinchi yirik quldoriga aylanadi, deb xulosa qilgan.

Lekin o‘zbekistonlik tinglovchilarimiz bu fikrlarni tasdiqlashgani yoki ma‘qullashgani yo‘q.

Masalan, Muhammad Usmonov ismli o‘quvchimiz O‘zbekistonni aslo Turkmaniston yoki Shimoliy Koreyaga o‘xshatmasligini bildirgan.

"Ularning tashqariga ketgan fuqarolari qaytib borisholmaydi-ku" - deb o‘z fikrni asoslagan Muhammad Usmonov.

"Turkmanlar esa nolimasa ham bo‘ladi, chunki ularda to‘kin-sochinlik".

"Ovro‘posi bizga yetsin-chi!"

O‘zbekistonlik o‘quvchilarda vatanparvarlik hissi yuqoriligi yaqqol ko‘rinadi. Ayni damda Sovet tashviqotidan meros qolgan zehniyat ham kuchli ko‘rinadi.

Image caption "Ovro‘posini O‘zbekistonning bitta qishlog‘iga ham almashtirmayman" - deb yozdi bir o‘quvchimiz

Masalan, el-yurt taraqqiyoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan tanqidiy fikrlar ko‘p hollarda qabul qilinmaydi. Ba‘zilar, hatto tanqidiy fikr bildirgan odamni vatanfurush yoki xoinga ham chiqarib qo‘ya qolishadi.

Bu esa hali yuz yildan ko‘proq vaqt oldin Sovet xalqi shuuri va fikrlarini shakllantirish uchun yaratilgan siyosiy vositaning hamon o‘zbek jamiyatida ishlayotganini ko‘rsatadi.

Ayni damda, fikrlar haqiqatan ham o‘zbeklarga xos vatanparvarlikka, el-yurtga va kindik qoni to‘kilgan tuproqqa sodiqlikni namoyon etadigan hissiyot va muhabbatga to‘liq.

"Evropa ham, Rossiya ham zerikarli, ular O‘zbekistonning bitta qishlog‘iga ham teng kelmaydi" - deb yozadi Asadbek Azim.

Ko‘pchilik O‘zbekistonda muayyan kamchiliklar borligini, ularni bartaraf etish uchun uzoq yillar kerak bo‘lishini qayd etishgan. Ammo bu O‘zbekistonni boshqa davlatlardan kam ko‘rishga asos bo‘la olmasligini urg‘ulaganlar.

"Kerak bo‘lsa, o‘sha rivojlangan davlatlarning O‘zbekistonga o‘xshashi uchun butun umri kamlik qiladi" - qabilida fikr bildiradi Eldor Vohidov.

Ayni damda bu mavzu qator bahslarga ham yetaklamoqda. Larisa Petrova ismli o‘quvchimiz ko‘plab o‘zbeklar Qozog‘istonga borib ishlamoqda va Qozog‘istonga yetishimiz uchun 100 yil kerak bo‘ladi, deb aytadi.

Ammo unga etiroz bildirgan o‘quvchilar boshqa davlatlarga borib ishlayotgan qozog‘istonliklar ham ko‘pligini ta‘kidlashgan.

"Vatan va hukumat bitta emas"

Image caption Ayrimlar nazdida, O‘zbekiston - ajoyib mamlakat, lekin hukumati - zulmkor

Ayrim o‘quvchilarimiz savolning qo‘yilishiga e‘tiroz bildirishgan va odamlar O‘zbekiston deganda, vatanni tushunishadi, deb ta‘kidlaigan. Ma‘lumki, sharqda vatan va ona muqaddas sanalib, ularni boshqalarga taqqoslash an‘ananasi yo‘q.

"Siyosatchisi kelib-ketadi, xalq qoladi. Vatan qoladi" - deb yozadi Aleks Mard ismli o‘quvchimip - "Siyosiy tizimni solishtirsa bo‘ladi. Lekin siyosiy tizim bu - O‘zbekiston degani emas-ku!!!!"

"O‘zbekiston deganda hamma Vatanini ko‘z oldiga keltiradi, davlat yoki siyosat arbobini emas".

Paxtakor Rango taxallusli o‘quvchimizning yozishicha, O‘zbekiston eng yaxshi mamlakat, ammo uni zolim hukumat boshqarmoqda.

O‘ziga Villi Va, deb nom qo‘ygan o‘quvchimizning fikricha, O‘zbekiston ajoyib mamlakat, faqat ba‘zi rahbarlari chatoqroq.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02