Suriya va Iroqdagi "Islomiy Davlat" nishonlariga qarshi hujumlar

O‘tgan hafta AQSh boshchiligidagi kuchlar ilk bor Islomiy Davlatning Suriya ichkarisidagi mavqelarini havodan hujumga tuta boshladilar. Bunga qadar guruhning Iroqdagi mavqelari nishonga olib kelingandi.

Suriyadagi dastlabki hujumlarda AQSh, Bahrayn, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Havo kuchlari Suriya ichkarisidagi 14 nuqtani nishonga olganlar.

Bu yerlarni 2013 yilda "Islomiy Davlat" nazorat ostiga olgandi.

30 sentyabr kuni esa bu hujumlarga Buyuk Britaniya Havo kuchlari ham qo‘shilishdi. Avvalroq Britaniya parlamenti bu kabi amallarni qo‘llab ovoz bergan.

Suriyadagi neft zaxirlari hujum ostida

AQSh prezidenti Barak Obama "Islomiy Davlatni" "parchalab tashlash" po‘pisasini qilgan ekan, 24 sentyabrga o‘tar kechasi Suriyadagi 12 neftni qayta ishlash inshootiga havodan hujum uyushtirildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bu inshootlar kuniga 300-500 barrelgacha neftni qayta ishlab chiqarib, "Islomiy Davlat"ga 2 million dollarga qadar moliya keltirmoqda edi.

Ushbu hujumlar natijasida "Islomiy Davlat"ning 14 jangarisi, shuningdek besh nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan.

Hozirga qadar bu kabi hujumlar 800 marotabadan ko‘proq amalga oshirildi.

Islomiy Davlat

Iroqdagi "Al Qoida" guruhidan yetishib chiqqan "Islomiy Davlat"ning paydo bo‘lishi butun mintaqadagi beqarorlikni kuchaytirib yubordi.

Shu yil iyun oyiga qadar guruh Suriya va Iroqning ko‘zga ko‘rinarli hududlarini bosib olib, Xalifalik e‘lon qildi. Ushbu Xalifalik hududi Suriyaning Halab shahridan tortib Iroqning Diyala shahriga qadardir.

Iroqning Mosul shahri Xavfsizlik kuchlari askarlarining qochib qolishi ortidan taslim bo‘ldi.

Falluja va Ramadi shaharlarini esa "Islomiy Davlat" o‘tgan yili dekabridayoq qo‘lga kiritgandi.

Hozirga qadar Islomiy Davlat hujumlaridan qochib 140 mingga yaqin qochqin Turkiya chegarasini kesib o‘tgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer