Avstraliya IDga qarshi harbiy amaliyotlarga safarbarlikni ma‘qulladi

Image copyright epa

Avstraliya hukumat qo‘mitasi "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi Amerika yetakchiligidagi harbiy amaliyotlarga qo‘shilishni ma‘qullagan.

Bosh vazir Toni Abbott "Islomiy Davlat"ni "dunyoga urush ochgan" "o‘lim mazhabi", deb atagan va uni shashtidan qaytarish shartligini aytgan.

Avstraliya IDga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etadi

"Islomiy Davlat" yoki ID Suriya va Iroqdagi yirik mintaqani nazorati ostiga olgan.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya ikki haftadan beri guruhning Iroq va Suriyadagi mavqelarini nishonga olmoqda. Bildirilishicha, Avstraliya Iroqdagi amaliyotlarda ishtirok etadi.

Payshanba kuni Turkiya parlamenti ham amaliyotlarga qo‘shilish uchun harbiylarni Iroq va Suriyaga safarbar etilishiga oid taklifni ma‘qullagan.

"Islomiy Davlat" jangarilari yaqinda Turkiya bilan chegaraga yaqinlashib kelishgan. Bu minglab kurd qochqinlarining Turkiya tarafiga qochib o‘tishlariga sabab bo‘lgandi. Turkiya shundoq ham milliondan ortiq Suriya qochqinlariga boshpana bermoqda.

BMTning aytishicha, jangarilar "larzaga soladigan sonda" inson huquqlarini poymol qiladigan amallarga qo‘l urishgan.

"O‘lim mazhabi"

Janob Abbottning bayonoti keng ko‘lamda kutilgandi. Ammo, unga ko‘ra, harbiy kuchlarga izn berishga jazm etish "hukumat uchun oson kechmagan" va "Iroq bu jangarilarga qarshi jangda yolg‘iz qolmasligi kerak".

Toni Abbotning aytishicha, hukumat qo‘mitasi Iroq harbiylariga yordam va maslahat berishi uchun maxsus kuchlarni safarbar etishga ham ruxsat bergan.

"Ha, bu jangovor safarbarlik, biroq Iroq xalqini va alal-oqibat, avstraliyalikni ID o‘lim mazhabining qotilona harakatlaridan himoya qilish uchun zarur insonparvarlik missiyasi", deb aytgan Avstraliya Bosh vaziri muxbirlarga qarata.

Abbott janoblariga ko‘ra, hukumatning hali harbiy aralashuvni Suriya hududi tomon kengaytirish rejasi yo‘q.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02