Eronlik Oyatullo: "Yomg‘ir so‘rab iltijo qiling"

Image copyright Getty

Eron matbuotining xabar berishicha, mamlakatda oxirgi vaqtlarda kuzatilayotgan qurg‘oqchilik tufayli yetakchi ruhoniylardan biri taqvodorlarni "yomg‘ir so‘rab, iltijo qilishga" da‘vat qilgan.

Qurbon Hayiti namoziga yig‘ilganlar o‘ngidagi va‘zida Oyatullo Muhammad Ali Muvohidiy Kermoniy Eron bo‘ylab har bir masjidda yomg‘ir so‘rab tilovat qilish kerakligi haqida aytgan.

Bu haqda IRNA agentligi xabar bermoqda.

Eronning yetakchi ruhoniylaridan bo‘lgan Oyatullo Tehron Universitetida yig‘ilgan namozxonlarga aytishicha, bu kabi tilovatlar "gunohkorlar mavjud bo‘lmagan vaziyatda taqvodorlar tomonidan amalga oshirilishi lozimdir".

Hozirda Eronning janubiy, sharqiy va markaziy hududlarida qurg‘oqchilik kuzatilmoqda.

Hukumat ushbu mintaqalarga Fors Ko‘rfazidan tuzdan tozalangan suvni yetkazish choralarini ko‘rmoqda.

Rasmiylar shuningdek Afg‘oniston va Tojikistondan suv olib kelish yo‘llarini ko‘rib chiqayotganliklarini ma‘lum qilishgan.

IRNA agentligiga ko‘ra, ayni vaqtda olimlar bulutlarni nishonga olib yomg‘ir keltirib chiqarish yo‘llarini izlashmoqda.

Lekin yomg‘irni keltirishda ibodat ne qadar samarali bo‘lishi savol ostida. Ob-havo bashoratlariga ko‘ra, Eron uzra yaqin kelajakda yomg‘ir kutilayotgani yo‘q.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer