"Londonda musulmon bo‘lish oson emas"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Eng katta musulmon jamoasi Londonning shimoliy-g‘arbiy Kilburn tumanida istiqomat qiladi.

Ikki bolaning onasi Asma Shayx ham ulardan biri.

Oilaviy tijoratlari bor: Kilburndagi do‘konda islomiy kiyim-bosh sotishadi.

Uning aytishicha, musulmonlar bilan bog‘liq biror bir mojaro yuz bersa, savdolari ham o‘tirib qoladi.

"Bu – odatga aylanib qolgan. Deylik, Xudo ko‘rsatmasin, kimnidir boshini tanasidan judo etishsa, 7 iyul yoki 11 sentyabrdagi kabi hujumlar yuz bersa, savdomiz o‘ladi-qoladi. Odamlarning yana bizga ishonib, do‘konimizga qaytishlari uchun muayyan vaqt lozim bo‘ladi. Biz ham ularni tushunishga harakat qilamiz, nima qilaylik...", - deydi Asma xonim.

Lekin, uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bu kabi voqealardan faqat tijoratlar ziyon ko‘rmaydi.

Asma xonim, o‘z navbatida, Londonda musulmon bo‘lish oson emas, deydi.

"Misol uchun do‘stlarimning mashinalarini rasvo qilib ketishgan. Vulichdagi bir mash‘um hodisa ortidan, menikining g‘ildiraklari ostiga mix qo‘yib ketishgan. O‘shanda to‘rtta g‘ildiragi ham yorilib ketgandi. Mashinamning old oynasiga esa, "Uyingga qayt", deb yozib ketishgandi", - deydi u.

Bugun Londonda musulmonlarga munosabat qanday, Asma xonim, deb so‘rarkanman:

"Men o‘zimni hech qachon bamaylixotir his qilolmayman. Har doim hushyor bo‘laman. Odamlarga ham o‘ylab gapiraman. Salom-alik qilishga ham hadiksirab turaman. Kimdir salomimga olsa, meni qabul qildi deb, quvonib ketaman", - deydi u.

London poytaxt politsiyasining aytishicha, o‘tgan yili musulmonlarga qarshi jinoyatlar 65 foizga ortgan.

Bu kabi hujumlarning aksariyati esa, islomiy libosda bo‘lgan xotin-qizlarga qarshi qaratilgan.

Shuning uchun ham, ayrim muslimalar nima kiyish, niqobda yurish-yurmaslikdan ham hadiksirab qolishgan.

"Ayrim dugonalarim niqoblaridan voz kechishgacha borishdi. Chunki hammasining ham mashinasi yo‘q. Odamlar olayib qarashgani uchun esa, jamoat naqliyotlarida niqob bilan yurishdan qo‘rqishgan", - deydi u.

Lekin Asma xonim o‘zi hech qachon bunday qilmasligini aytadi.

"Odamlar meni qabul qilishmaydi yoki hujumga tutishadi deb, nega men o‘z hayotimni tubdan o‘zgartirishim kerak. Men hech qachon bunday qilmayman, hijobimdan voz kechmayman", - deydi u.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02