Inchondagi hijob mojarosi qanday yakun topdi?

Image copyright Reuters

Aynan qatarlik basketbolchi qizlarning boykoti sabab, keyingi Osiyo O‘yinlarida hijob ortiq muammo bo‘lmasligi mumkin.

Bu haqda Inchonda bo‘lib o‘tgan XVII Yozgi Osiyo O‘yinlarining yakuniy kunida Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti bayon qildi.

O‘tgan hafta Mo‘g‘ulistonga qarshi o‘yinlari oldidan qatarlik basketbolchi qizlarning hijoblari kattagina mashmashalarga sabab bo‘lgandi.

Xalqaro basketbol tartib-qoidalariga mos kelmasligi aytilib, ulardan boshlaridagi hijoblarini yechib qo‘yishlari so‘ralgandi.

Bunga ko‘nmagan qatarlik basketbolchi qizlar o‘z noroziliklarining ifodasi sifatida O‘yinlarni muddatidan oldin tark etishgandi.

Sportchi qizlarning o‘yinga bosh kiyimi va soch bezaklari bilan tushishlari esa, Xalqaro Basketbol Federatsiyasi tomonidan man etib qo‘yilgan.

Basketbol Osiyo O‘yinlarida bu kabi taqiq kuchda bo‘lgan yagona sport turi hisoblanadi.

Osiyo Olimpiya Kengashi Prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabahning ta‘kidlashicha, bu – adolat va tenglik kabi Olimpiya g‘oyalariga tamom teskari bir holatdir.

"Hijob bilan bog‘lik mojaro meni ranjitdi. Hijob din emas, madaniyatga bog‘liq. Ustiga ustak, Olimpiya dasturidagi basketboldan tashqari qolgan barcha sport turlarida hijobga ruxsat bor", - deb aytgan Shayx Ahmad muxbirlarga.

Image copyright BBC World Service

Osiyo Olimpiya Kengashi prezidentining so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, mavjud taqiq boshqa musulmon davlatlaridan bo‘lgan xotin-qiz basketbol terma jamoalarining ham O‘yinlarda ishtirok etishlariga to‘sqinlik qilgan.

Shayx Ahmad bunga misol qilib Qatardan tashqari, yana Afg‘oniston va Eronni ham tilga olib o‘tgan.

Ammo, prezident janoblariga ko‘ra, hijobga qo‘yilgan taqiq masalasida allaqachon Basketbol Uyushmalari Xalqaro Federatsiyasi bilan muzokaralar olib borishgan.

Unga ko‘ra, ushbu muloqotlari ortidan, hijob muammosining yechimi yo‘lida ijobiy qadam qo‘yildi, deb bemalol aytish mumkin.

"Menimcha, biz bu masalada til topisha olamiz. Xalqaro Basketbol Federatsiyasi, hozircha, klublar o‘rtasidagi ayrim musobaqalarda hijobga izn berib ko‘radi va keyin buni birato‘lasiga ma‘qullaydi", - deb aytgan Shayx Ahmad.

So‘nggi yillarda muslima sportchi qizlarning hijoblari qizg‘in muhokama mavzusiga aylangan.

Muslima sportchi qizlar aynan hijoblari sabab jahon chempionati yoki Olimpiada kabi turli xalqaro nufuzli turnirlarda huquqlari kamsitilayotganidan shikoyatdalar.

Deylik, 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida Saudiya Arabistoni dzyudochisi Vijdon Ali Siroj Abdulrahim Shaherkaniyning hijobda tatamiga chiqishiga ruxsat berilishini talab qilgandi.

Ularning bu talabi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, Xalqaro Dzyudo Federatsiyasi alal-oqibat saudiyalik sportchi qizning maxsus hijobda bellashishiga ruxsat bergandi.

Image copyright EPA

Janubiy Koreyaning Inchon shahrida bo‘lib o‘tgan bu yilgi Yozgi Osiyo O‘yinlari esa, kecha shanba kuni rasman o‘z poyoniga yetdi.

O‘zbekistonlik sportchilar O‘yinlarni 9 ta oltin, 14 ta kumush va 21 ta bronza, ja‘mi 44 ta medal bilan yakunlashdi.

Medallar jadvalida esa, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 37 davlat orasidan 11-o‘rinni egallashdi.

Markaziy Osiyo davlatlari nazarda tutilganda, ja‘mi 84 ta medal bilan qo‘shni Qozog‘iston eng yaxshi natija qayd etdi.

Ular medallar jadvalida yuqori to‘rtlikka kirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Tojikiston bitta oltin, bitta kumush, uchta bronza, Qirg‘iziston 2 ta kumush, to‘rtta bronza, Turkmaniston 1 ta kumush, beshta bronza va Afg‘oniston bitta kumushu bitta bronza medali bilan uyga qaytadigan bo‘lishdi.

Qit‘aning Olimpiadasiga tenglashtiriluvchi Osiyo O‘yinlari har to‘rt yilda bir o‘tkaziladi.

Unda 45 Osiyo davlatidan 9.000 dan ortiq sportchi 36 sport kurash turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02