O‘zbek hukumati o‘zbek jihodchilari borasida nega jim?

O‘zbekiston hukumati, xususan, qo‘shni qirg‘iz hukumatiga solishtirilsa, o‘z fuqarolarining Iroq va Suriyadagi jihodga qo‘shilishlari borasida biron rasmiy munosabat yo murojaat bilan chiqmayapti.

Shu kunlarda O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zini Islomiy Davlat deb atagan jihodchilar guruhiga o‘z dastagini izhor qildi.

Biroz avval Suriyaning Raqqa shahridagi havo hujumlarda 17 O‘zbekiston fuqarosi o‘ldirilganini xabar qilindi.

Sentyabr oxirida chop qilingan videoda aftidan Suriyada bo‘lgan yosh jihodchi o‘zbek yigitlar ruscha so‘zlarni aralashtirib gapirgan holda o‘z vatandoshlarini jihodga chorlaydilar.

O‘zbek jihodchilarning safi boyib borar ekan, O‘zbekiston rahbariyati nima uchun jim? BBC bu savol bilan O‘zbekiston prezidentining sobiq maslahatchisi, siyosatshunos Rafik Sayfullinga bog‘landi.

Sayfullin: An‘anaga binoan, O‘zbekistonda bizning respublikamizdan yiroqda bo‘layotgan hodisalarni rasmiy tarzda yoki jamotchilik uchun sharhlashmaydi. Buning sabablarini tushunsa bo‘ladi, chunki har qanday sharh yoki baho berish harakatini o‘sha yurtlardagi vaziyatga ta‘sir qilish harakati deya talqin qilishlari mumkin. Shuning uchun ham, O‘zbekiston, xususan Iroq va Suriyada kechayotgan voqealarga aralashmayapti. Lekin, xavotir mavjud. O‘zbekiston hukumatiga ham, jamoatchilikka ham Islomiy Davlat amalga oshirayotgan bezoriliklar yoqmayapti. Bizdagi sa‘y harakatlar asosan xuddi shunday voqealar o‘zimizning O‘zbekistonda qaytarilmasligini ta‘minlashga qaratilgan. Dunyodagi har qanday ziddiyat O‘zbekistonda o‘rganib chiqiladi, tadqiq va tahlil qilinadi, lekin, bu degani - o‘zbek hukumati ochiqcha munosabat bildirishga majbur degani emas.

BBC: Siz bu voqealar O‘zbekistondan yiroqda bo‘layapti deyapsiz. Lekin, uning O‘zbekistonga bog‘liqligini inkor qilmasangiz kerak. O‘tgan hafta O‘zbekiston Islomiy Harakati Islomiy Davlatni qo‘llashi haqida bayonot chiqardi.

Image copyright sayfullin
Image caption Rafik Sayfullin o‘zbek jangarilar O‘zbekistonda emas, balki horijda yollanishlarini aytadi

Sayfullin: Nima demoqchi bo‘layotganingizni tushunib turibman. Bular ma‘lum, O‘zbekiston Islomiy Harakatining mavqei ham ma‘lum. Bu harakat monolit, yaxlit tashkilot emas, balki tarqoqdir. Bu harakatga har qanday etnik guruhlar qo‘shilgan, uning tarqibida faqat o‘zbeklar bo‘lmasa ham, bari O‘zbekiston Islomiy Harakati deya taqdim qilinadi. Ular Islomiy Davlatni qo‘llashayotganining hech ajablanarli tomoni yo‘q. Siz haqsiz, bu muammo nafaqat bir mintaqaning muammosi, balki dunyo miqyosidagi muammodir. O‘zbekiston bu muammoning o‘ziga taalluqli bo‘lgan tomoniga katta e‘tibor qaratmoqda, uning bizning mintaqamizda paydo bo‘lmasligi yo‘lida ish olib borayapti. Men shu kunlarda Xitoydan qaytib keldim, u yerdagi hamkasblarim ham o‘z mamlakatlaridagi radikalizm va ekstremizm unsurlaridan jiddiy xavotirga tushganlar, chunki endi bu muammo ularga ham taalluqli. Xitoy ham bu muammoni yaqindan kuzatayapti, lekin ochiqcha bayonotlar bilan chiqishdan o‘zini tiyib turibdi.

BBC: Jihodchilar safi o‘zbek jangarilari bilan boyib borayotgani sir emas. Jihodchilar videolarida o‘zbekistonlik yigitlar hatto "razvedka", "podkrepleniye" degan ruscha so‘zlarni qo‘llab chiqishlar qilishayapti, ya‘ni ular aynan o‘zbekistonlik o‘zbeklar. Mana shu kabi jangarilarning oqimini to‘xtatish uchun O‘zbekistonning ichida qandaydir dasturi amal yo yangi strategiya ishlab chiqilganmi?

Sayfullin: Bu yerda bir aniqlik kiritish kerak. Ular aslida O‘zbekistondan ketishmayapti. Ular uchinchi davlatlardan ketishadi. Ularni Rossiyada yollash hollari ko‘p. Pokistonning radikal hududlaridagi o‘zbeklar ham shu oqim ichida bor. Ha, ular etnik o‘zbeklar va ehtimol, pasportlari ham O‘zbekistonniki. Lekin, bizda nazorat kuchaytirilgan. Bu yigitlar uchun ortga, O‘zbekistonga yo‘l yopiq. Ular o‘zlari amalga oshirayotgan noinsoniy harakatlari uchun bu yerda darhol hibsga olinadilar. Bu odamlar urush odamlari, ular u hududlarga odam o‘ldirish evaziga pul ishlash ilinjida yo‘l oladilar. Men ular chin dildan xudoga ishonadilar va o‘z e‘tiqodlari yo‘lida kurashadilar deb o‘ylamayman. O‘nlab yoshlar mana shu yo‘lda pul ishlayaptilar.

BBC: Lekin, ular baribir O‘zbekistondan chiqqan yoshlar. Bu yoshlar safi kengaymasligi uchun O‘zbekistonning o‘zida yoshlarga murojaat qilinayaptimi?

Sayfullin: Millionlab mehnat muhojirlari hozirda O‘zbekistondan tashqarida. Agar bir ming odam ichidan bir yaramas chiqsa va jangarilar ta‘siriga tushsa, demak, bu o‘nlab yoshlar degani. Bizda avvalambor chet mamlakatlar bilan aloqasi bo‘lgan yoki o‘zga mamlakatlarga ishga chiqayotgan fuqarolar bilan ish olib borish kerak. Va bu amalga oshirilayapti, maktablardan boshlab oliy o‘quv yurtlarigacha ma‘naviy va ma‘rifiy ishlarni olib borishayapti. Masjidlar rasman ko‘p ish olib borayaptilar, men masjidlarga borib turaman va Qurbon Hayit munosabati bilan masjid imomining ma‘ruzasini tingladim. Bu ma‘ruzalarda asl Islom nima ekani, u tinchliksevar din ekani, hamda Iroq va Suriyada yuz berayotgan hodisalar Islomga butkul yot narsalar ekaniga urg‘u berilayapti. O‘z navbatida, albatta maxsus davlat idoralari har qanday radikalizm bosh ko‘tarishini bartaraf qilish yo‘lida harakat qilayaptilar. Bizda, afsuski, yaxshi ta‘lim olmagan, sodda, ta‘sirchan yoshlar bor, lekin ayni damda hatto Angliyaning o‘zidan ham shu jihodchilar safiga borib qo‘shilayotganlar oz emas.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer