"Islomiy Davlat" Kobane uchun janglarni davom ettirmoqda

Image copyright AFP
Image caption Kobane uch haftadan beri qamalda qolayotgandi

"Islomiy Davlat" guruhi jangarilari va Suriya kurdlari o‘rtasidagi janglar Kobane shaharchasining janubiy tumaniga ham yoyilgani xabar qilinadi.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar yetakchiligidagi ittifoq Suriya kurdlariga yordam berish uchun havo hujumlarini amalga oshirmoqda.

Ammo, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an havo hujumlari yetarli emasligi va Kobane "mag‘lubiyat arafasida" ekanini aytgan.

Suriya Inson huquqlari kuzatuv markaziga ko‘ra, so‘nggi to‘qnashuvlar ortidan "Islomiy Davlat" jangchilari janubiy tumandagi qator binolarni ishg‘ol qilishgan.

Ammo, tashkilot qaqshatqich janglar tufayli jangarilar sharqiy tumanlardan chekinishga majbur bo‘lgani borasida ham aytgan.

Shuningdek, Suriya Inson huquqlari kuzatuv markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, Suriya kurdlari tarafidan qo‘yilgan pistirmalarda "Islomiy Davlat"ga tegishli ko‘plab jangarilar nobud bo‘lishgan.

Avvalroq, jangarilar shaharning uchta tumani nazoratini qo‘lga kiritishi ortidan janglar sur‘ati dushanba kundagiga qaraganda pasaygani xabar qilingandi.

Guvohlar koalitsiya havo hujumlari bois qattiq portlash ovozlari quloqqa chalinayotgani va qalin tutun ko‘kka o‘rlayotganini aytishgan.

Hozirgacha Kobaneni aksari kurdlardan iborat 160, 000 dan ortiq suriyalik tark etgan. Suriya Inson huquqlari kuzatuv markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, Kobane uchun olib borilgan janglarda kamida 400 inson halok bo‘lgan.

Uch haftadan beri qamalda qolayotgan Kobane shaharchasini qo‘lga olish "Islomiy Davlat"ga Suriya-Turkiya chegarasining kattagina qismini nazorat qilish imkonini beradi.

Avvalroq, Kobanedagi mahalliy rasmiy Idriss Nassan BBCga shaharning "tez orada taslim bo‘lishi muqarrar" ekanligini aytgandi.

U "Islomiy Davlat" strategik ahamiyatga ega Mistenur tepaligini nazorat qilayotgani va qaqshatqich hujumga tutilayotganini tasdiqlagan. Kobane hozir uch tarafdan qamalda qolgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02