Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston saylovlari: "Eski hammom, eski tos..."

O‘zbekistonda siyosiy partiyalar tomonidan saylovchilarning partiyani qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini to‘plash jarayoni yakunlandi.

Dushanba kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham Markaziy saylov komissiyasiga parlament saylovida ishtirok etish uchun talab qilingan hujjatlarni taqdim qilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.

Shunday qilib, 21 dekabrga mo‘ljallangan parlament saylovlarida to‘rtta partiya - Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etishi mumkin.

Yangi tartib-qoidalarga ko‘ra, saylovlarda g‘olib chiqqan partiya mamlakatning ijroiya hokimiyat boshlig‘i, ya‘ni bosh vazir nomzodini ko‘rsatish haqiga ega bo‘ladi.

Kuzatuvchilarning aytishicha O‘zbekistondagi siyosiy sahna ko‘ppartiyaviy ekanligi da‘vo qilinsa ham, muxolif partiyalar mavjud emas.

O‘zbekistonlik tahlilchi Suhrob Ismoilov BBC bilan suhbatda demokratik jarayonda muxolifatning roli haqida gapirarkan, muxolifat "hukmron siyosiy kuchlarning jamiyatning manfaati uchun, umumxalq manfaati uchun samarali ishlashiga turtki berishi", "ularning o‘z faoliyatlari davomidagi kamchiliklariga e‘tibor qaratib turish"ga xizmat qilishini aytadi.

"O‘zbekistonda muxolifatning yo‘qligidan jamiyatga yetayotgan eng katta ziyon - siyosiy muqobillikning yo‘qligi. Ijroiya hokimiyat hamma jabhada davlat ideologiyasini to‘liq belgilaydi. Iqtisodda ham, tashqi, ichki siyosatda ham. Bu holat 20 yildan beri davom etyapti. Demak, muxolifatning yo‘qligidan yetayotgan zarar - siyosiy muqobillikning yo‘qligi, odamlar siyosiy qarashlariga qarab siyosiy partiyalarga qo‘shila olmasligi, o‘z qarashlarini siyosiy qarorlarda, qonunchilikni qabul qilish jarayonlariga olib chiqish imkoniyatlarining mavjud emasligi", deydi Suhrob Ismoilov.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda saylovchilar soni 20 million nafarga yetgan va ularning siësiy faol bo‘lib saylovda ovoz berishi kutilmoqda.

Tahlilchi Suhrob Ismoilovga ko‘ra, 21 dekabrda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan saylov jarayonining 2009 yilgisidan u qadar katta farq qiladi deb bo‘lmaydi.

"Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa ham, unaqa katta farq sezilmaydi. Bitta aytilgudek farqni ajratib ko‘rsatishimiz mumkin, bu yil birinchi marta O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra saylovlarda g‘olib chiqqan eng ko‘p ovoz to‘plagan partiya mamlakatning ijroiya hokimiyati boshlig‘i, ya‘ni bosh vazir nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lar ekan. Shu holat siyosiy kuzatuvchilar uchun jarayondagi yangilik bo‘lishi mumkin", deya o‘z fikrini bildiradi tahlilchi.