Afg‘oniston: "Ayollarni zo‘rlaganlar" qatl etildi

Image copyright EPA
Image caption Afg‘onistonda ayollarni zo‘rlash keng tarqalgani aytiladi

Afg‘onistonda to‘rt ayolni guruh holida zo‘rlagan besh shaxs qatl etilgan.

Butun Afg‘onistonni larzaga solgan mazkur hodisaga sobiq prezident Homid Karzay ham munosabat bildirib, beshovlonni qatl etishga chaqirgandi.

Afg‘on rasmiylari aybdorlarning barchasi Kobul sharqidagi Puli Charxi qamoqxonasida qatl etilganini aytganlar.

Boshqa bir jinoyatda aybdor deb topilgan boshqa bir shaxs ham qatl etilgan.

Afg‘on rasmiylari xalqaro inson haqlari tashkilotlarining aybdorlarni qatl etmaslik haqidagi chaqiriqlarini e‘tiborsiz qoldirganlar.

Afg‘onistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik keng tarqalgan esa-da, muxbirlarga ko‘ra, ko‘p hollarda zo‘ravonliklar e‘tibordan chetda qoladi.

To‘rt ayol politsiya libosini kiygan besh shaxs tomonidan Kobul yaqinidagi Pag‘mon mintaqasida avgust oyi boshida zo‘rlangan edi.

Mahkamaga taqdim etilgan ko‘rsatmalarga ko‘ra, politsiya libosini kiygan va qurollangan yetti shaxs 23 avgust kuni erta tongda Pag‘mon viloyatida Kobul tomon borayotgan avtomobillarni to‘xtatganlar.

Ular to‘rt nafar ayolni mashinalardan kuch ishlatib tushirganlar, ularni talaganlar, kaltaklaganlar va so‘ngra zo‘rlaganlar.

Tajovuzga uchraganlardan bir ayol homilador bo‘lgani xabar qilinadi.

Ushbu hodisa afg‘on jamoatchiligi orasida keskin noroziliklarni uyg‘otgan, aksariyat jinoyatchilarni qatl etishni talab qilgandi.