"Hayit qilasizmi yo paxta terish kerakmi?" Sizning fikrlaringiz

Facebookdagi ijtimoiy minbarimizda bu hafta biz sahifamiz o‘quvchilaridan "Hayit qilasizmi yo paxta terish kerakmi?" degan savolni so‘radik. Ma‘lumki, dunyo musulmonlari o‘tgan hafta Qurbon Hayitini nishonlayotgan vaqtda O‘zbekistonda yuz minglab odamlar paxta terishga majburlandi.

Hayit bayrami munosabati bilan O‘zbekistonda dam olish kuni e‘lon qilinganiga qaramay, biz telefon orqali bog‘langan suhbatdoshlarimiz, xususan kollej o‘qituvchilari, o‘zlari, hamda kollej talabalari paxta terayotganlarini tasdiqlashdi.

Odatda, musumlonlar uch kun hayitni nishonlaydilar. Arafani ham qo‘shib hisoblaganda, to‘rt kunlik bayram sanaladi. Biroq, O‘zbekiston paxta mavsumini bu chetlab o‘tdi.

Diniy bu bayramning musulmonlar amal qilishi kerak bo‘lgan o‘z talablari bor. Biroq, paxta dalasida ularni bajarish imkonli bo‘lmasligi mumkin.

Mazkur mavzuga qator mushtariylarimiz o‘z munosabatlarini bildirishdi, ammo aytish joizki, paxtaga chiqish yo chiqmaslik tanlovi ko‘plab O‘zbekistonda yashayotgan mushtariylarimizda vatanparvarlik xissi bilan chambarchas bog‘liq. Ya‘ni, ko‘plarining nazdida, paxta terimiga bosh qo‘shmaslik bu vatan farovonligi yo‘lida amal qilmaslikka teng ko‘riladi.

Xususan, Dilshod Turg‘unov quyidagicha munosabat bildirgan:

"Hurmatli BBC xodimlari, biz O‘zbekiston fuqarolari o‘zligimizni, qadriyatlarimizni yaxshi bilamiz, xudoga shukur. Barcha qilinayotgan ishlar O‘zbekistonning gullab-yashnashi uchun, shunday ekan bu ezgu ishlarni Olloh qo‘llab-quvvatlaydi!"

Gulasal Sattarovaning yozganlari ham shunga o‘xshash:

"Shu Vatanda rizqimizni topib yashayapmiz, boyligimizni yig‘ib-terib olishga yordam bersak, buning nimasi yomon? Xitoyda inqiroz bo‘lganda, odamlar uyidagi oltin taqinchoqlarini davlatga topshirishgan ekan. Bizniki hashar-ku. Noshukur bo‘lish musulmonlarga xos emas. Hurmatli BBC! Manimcha, siz xalqning ongini zaxarlamoqchisiz! Undan ko‘ra chiroyli bayram tabrigi bo‘lsa hammaning kayfiyatini ko‘tararmidingiz".

Bobur Jonibekov: "It huradi, karvon o‘tadi. Hech bir davlat bayramni yurtimizdagidek ajoyib o‘tkaza olmaydi", - deb sharh qoldirgan.

Normuhammad Irmatovga ko‘ra esa, paxta qiyinchiliklari davrida ham Islom talablarini bajarish mumkin. Uning sharhi quyidagicha:

"Men 10ta talabani bilardim. Paxta mavsumida yonma-yon paxta terardik. Ochig‘i irodasiga qoyil qolganman. Besh vaqt namoz o‘qirdi, tushlikkacha normani bajarib, peshinni shiyponda o‘qirdi. Savol: Kimning undan nimasi kam yo ortiq?"

Asiya al-Astani ismli mushtariy esa BBC ko‘targan mavzu asosli ekanini aytgan. U shunday yozadi:

"BBC, juda o‘rinli savol qo‘yibsiz. Albatta, hamma odam qanaqa bayram bo‘lsa ham, oila a‘zolari bilan nishonlashi kerak va buni xohlaydi. Ammo..., o‘zbek millati rosa yuvoshsizlar-da, din tarafidan bu yaxshi hosiyatdir, lekin inson huquqi birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak."

Dilnoza Inog‘amova ham BBC mavzusini qo‘llab-quvvatlab, quyidagini yozib qoldirgan:

"Bizning kasalxonada 20 kunga paxtaga olib ketishlaridan tashqari har shanba va yakshanba kunlari kunlik paxta terimga olib ketishadi. Bugun meni chaqirtirishib hayitning birinchi kuni kunlik paxtaga borasiz deb e‘lon qilishdi. Prezidentimiz bu kunni dam olish kuni deb e‘lon qilishi paxta terimiga ta‘sir qilmaganiga hayronman".

Your contact details
Disclaimer