"Jihodiy kelinlar" yoki sof islomiy hayot orzusi

Хадича Даре
Image caption Xadicha Dare Abu Bakrga turmushga chiqishdan oldin g‘arblik mahbusni qatl etgan ilk mujohid ayol bo‘lish orzusini bildirgan edi

Maktab o‘quvchisi Yusro Huseyn, universitet talabasi Aqso Mahmud hamda egizaklar Salmo va Zahro Halanelarning g‘oyib bo‘lgani haqidagi xabarlar Britaniyada musulmon ayollarning radikallashayotgani borasidagi xavotirlarni kuchaytirib yubordi.

Britaniyadan 50 ila 60 nafar orasida yosh ayolning Turkiya orqali Suriyaga o‘tib Islomiy Davlatga (ID) qo‘shilgani taxmin qilinadi.

Suriyaga yetib borgach ular Qo‘shma Shtatlar, Avstriya, Fransa, Niderlandiya, Kanada, Norvegiya va Shvetsiyadan kelganboshqa ayollarga qo‘shildi.

Xo‘sh, nega G‘arb davlatlaridan bo‘lgan ayollar ID saflariga qo‘shilmoqda?

Yusro Huseynning radikallashgani yoda Suriyaga safar qilgani aniq bo‘lmasa-da, politsiya bu ehtimolni istisno etmaydi.

Ko‘plab boshqa ayollar haqidagi hikoyalar esa Twitter, tumblr, LinkedIn va ask.fm kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan.

Bu hikoyalardan ijtimoiy tarmoqlar ta‘siri salmoqli ekani ma‘lum bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayollarga Suriyaga borish masalasida yo‘riqlar va maslahatlar beriladi.

ID targ‘iboti markazida esa Islomiy hayot va jihodni ulug‘lash turadi.

Dastlab ko‘p sonli ayollar Suriyaga ID saflarida jang qilayotgan erlari yoniga yo‘l oldilar.

Misol uchun, London janubida yashagan Xadicha Dare IDning shvetsiyalik jangchisi Abu Bakrga turmushga chiqishga rozi bo‘lishi ortidan Suriyaga safar qilgan.

Ungacha Xadicha Twitter orqali g‘arblik mahbusni qatl qilgan ilk mujohid ayol bo‘lish istagini bildirgandi.

"Jihodiy kelinlar"

Ko‘p hollarda oila qurish istagi muhim rol o‘ynaydi.

Ammo ba‘zida internet tarmoqlari vositasida Suriyaga sayohat rejasi tuziladi.

Ayollar web saytlar orqali Suriyaga borgan paytlari ularni kutib oladigan va boshqalar bilan tanishtiradigan shaxslarni osonlik bilan topib olishadi.

So‘nggi paytlarda g‘arb matbuoti Suriyaga borib, ID jangchilarga turmushga chiqqan ayollarga nisbatan "jihodiy kelinlar" atamasini qo‘llay boshladi.

Qizlari Suriyaga ketgan Fransadagi oilalarga suriyalik erkaklar qo‘ng‘iroq qilib, farzandlari qo‘llarini so‘rashgan.

ID jangchilarining ijtimoiy tarmoqdagi hisoblariga esa turmush qurish taklifi bitilgan sanoqsiz nomalar kela boshlagan.

Massachutes Universitetining Terrorizm va Xavfsizlik Tadqiqotlari Markazidan Mia Blumning yozishicha, ayollarga "toza" Islomiy Davlat aholisini oshirishda "bola zavodi"sifatida qarashadi.

Ammo, bu yosh ayollar o‘z jufti halolini topishni istamaydi degan ma‘noni anglatmaydi.

"Jihodiy kelin" g‘oyasi hikoyaning bir qismi,xolos.

Ayollarni Suriyaga yo‘l olishga undagan boshqa bir jihat ham bor.

Ayollar jihod va yangi Islomiy Davlat qurilishida ishtirok etish orzusida IDga qo‘shilmoqdalar.

Zo‘ravonlik va oilaviy hayot

Image caption Politsiya Yusro Huseyn Suriyaga o‘tib ketganini taxmin qiladi

ID rahbari haqiqiy Islomiy Davlatni qurishda birgina mujohidlarga tayanib qolgani yo‘q.

U shifokorlar, muhandisu quruvchilarni ham harakat saflariga chaqirdi.

Muslimalarni bunday siyosiy loyihaga qo‘shilishlari zamirida shariat asosiga qurilgan tuzumda yashash orzusi yotadi.

Bunday yangi "davlat"da ayollarga turli vazifalar yuklatilgan.

Misol uchun, Suriyaning Raqqa shahrida ayollar al-Xansa nomli guruhga qo‘shilishlari mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, britaniyalik ayol asos solgan va faqat ayollardan tashkil topgan ushbu guruh "axloq politsiyasi" vazifasini bajaradi.

Internetda yelkalariga avtomatlar osgan, "shahidlik belbog‘i"ni taqqan yoda tanasidan judo qilingan boshni ko‘tarib turgan ayollar suratlari tarqalgan.

Ammo, shu bilan birga, ular taom pishirishadi, uy yumushlarini bajarishadi, bir-birlari bilan davra suhbatlari qurishadi, farzandlariga qarashadi va enagalik qilishadi.

Zo‘ravonlik va oilaviy hayotning bunday qorishmasi ko‘pchilikka xush kelmasligi mumkin.

Umm al-Baro nomi bilan tanilgan malayziyalik shifokor ayol yanvar oyida Twitter orqali mana bu so‘zlarni yozgandi: "Bo‘ynimda stetoskop, yelkamda Kalashnikov. Shahidlik eng buyuk orzum".

Bunday shiorlar ba‘zi muslimalarni ID tomon tortishi mumkin.

Ammo undan itarib tashlovchi omil ham bo‘lishi mumkin.

Sodda romantizm

Mujohid ayollar ijtimoiy tarmoqlarda bir holatni alohida ta‘kidlashadi: G‘arb davlatlari muslimalarga o‘z fuqarosi sifatida qaramaydi.

Misol tariqasida Suriyada yashayotgan holland ayoli Xadicha bitiklarini keltirish mumkin: "Men doimo shariat hukmron bo‘lgan tuzumda yashashni orzu qilardim. Ovro‘poda, bu hech qachon bo‘lmaydi".

Ayollar G‘arbning tanazzulga yuz tutgani, musulmonlarga cheklovlar haqida gapirishadi (misol uchun, Fransada burqaning taqiqlanishi), va siyosiy tuzumni tanqid qilishadi.

Biroq, paradoks shundaki, ayollarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari Qur‘on oyatlari bilan bezatilgan esa-da, ularning ko‘pchiligi Suriyadagi mojaro haqida yoki shariat qonunlari haqida chuqur ma‘lumotga ega emaslar.

G‘arb davlatlaridan IDga qo‘shilish uchun Suriyaga safar qilgan ayollarning hikoyalari ular olgan qarorlar ortida siyosiy va shaxsiy sabablar qorishmasi yotganini namoyon etadi.

Ammo, shu bilan birga, ularni sodda romantizm bilan ham izohlash mumkin.