Kobani hayot-mamot jabhasiga aylangan

Image copyright Reuters

Turkiya chegarasiga yaqin Suriyaning Kobani shahrini o‘z nazoratiga olishga intilayotgan "Islomiy Davlat" jangarilariga qarshi havo hujumlari davom ettirilishiga qaramasdan, tunda jangarilar shaharning yana ikki tumanini qo‘lga kiritganlar.

Kurd shahri himoyachilarining aytishlaricha, "Islomiy Davlat" jangarilari og‘ir qurollarni ishga solgan holda hujumlarini yangilaganlar.

Tanklar vositasidagi hujumlar natijasida Kobanining ikki tumani ustidan nazorat sunniy jangarilar nazoratiga o‘tgan.

Ayni paytda AQSh rasmiylari havo hujumlari bilan Kobani shahrini ushlab qolish imkonsiz ekanini tan olganlar.

Pentagon rahbariyati "Islomiy Davlat" jangarilari Kobani hamda uning atrofidagi hududlarni o‘z qo‘liga kiritishi imkoniyati katta deb hisoblaydi.

Chindan ham strategik muhim Kobani ustidan nazorat Suriya-Turkiya chegarasidagi katta hudud ustidan nazoratni qo‘lga kiritishni anglatadi.

Uch haftadan ziyod vaqtdan buyon Kobani shahri uchun janglar davom etmoqda.

Shu vaqt mobaynida kamida 400 kishi halok bo‘lgan.

160 mingdan ortiq Suriya kurdlari Turkiyaga qochib o‘tishga majbur bo‘ldilar.

Turkiya o‘zining Suriya bilan chegarasiga ulkan qo‘shinini tashlagan, o‘z sarhadlarida bufer hududni tashkil qilish maqsadida ekanini aytmoqda.

Turkiya Suriya osmonida parvozlar taqiqlangan hudud barpo etish taklifini ilgari surmoqda.

Frantsiya Turkiyaning ushbu g‘oyasini dastaklashini bildirgan.

Biroq Bashar al-Assad hukumatining Suriya osmonida parvozlarni amalga oshirish ruxsatini olgan AQSh ushbu taklifni o‘ylab ko‘rish lozimligini aytmoqda.

Turkiyaning o‘zida esa kurdlar Turkiya hukumatining Kobani shahrini muhofaza qilish uchun chora ko‘rmayotganidan g‘azabga kelganlar.

Bir necha kunlik norozilik namoyishlari 21 insonning umriga zomin bo‘lgan.