"Ayol kishiga stadionga kim qo‘yibdi!.."

Image copyright BBC World Service

O‘z jamoasining mag‘lubiyatidan yonib, kuyib stadionni boshiga ko‘targan saudiyalik futbol muxlisasiga mamlakati erkaklarining munosabati ana shunday bo‘libdi.

Ijtimoiy muloqot tarmoqlarini qizitgandan-qizitgan voqeaning o‘zi esa, Osiyo Chempionlar ligasining yarim final uchrashuvida yuz beribdi.

Mezbon Birlashgan Arab Amirliklarining "Al-Ayn" jamoasi Saudiya Arabistonining kimsan "Al-Hilol"ini 2:1 hisobida mag‘lub etarkan, muxlisa qizginani ham tushunsa bo‘ladi.

Boshdan-oyoq qop-qora abayya yoki niqobda bo‘lgan qizginaning erkaklar to‘la stadiondan turib, sevimli jamoasi a‘zolariga musht do‘layishi aks etgan videotasvir esa, YouTube da allaqachon yarim millionga yaqin foydalanuvchining e‘tiborini o‘ziga jalb etib ulgurgan.

Videotasvirda, aslida, "Al-Ayn" jamoasi a‘zosi qanday qilib raqib o‘yinchisini chalib yiqitgani aks etgan.

Buning ortidan esa, yonib-kuyib "Al-Hilol"ga ishqibozlik qilayotgan qizgina kameraga tushib qolgan.

Saudiyalik erkak ishqibozlarni birinchi kadr emas, aynan yurtdosh muxlisalarining stadiondagi xatti-harakatlari g‘azabga keltirgan.

Ming futbol ishqibozi bo‘lmaydimi, Saudiya Arabistonining o‘zida xotin-qiz muxlisalarning erkaklar qatori stadionga borishlari taqiqlangan.

Ammo bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasining ikkita yarim final uchrashuvidan bittasi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tmadimi, stadionni to‘ldirgan erkaklar orasida bir emas, bir nechta saudiyalik futbol muxlisalarini ko‘rish mumkin edi.

Image copyright AFP

Saudiya arabistonilik erkak ishqibozlar bor qahru g‘azablarini YouTube dagi ana shu videolavha ostiga to‘kib solishgan.

Shuncha erkakning orasida bu qizgina nima qilib yuribdi, degan mazmundagi sharhlarning soni esa, o‘tgan bir necha kun ichida qariyb mingga yetgan.

Ularning birida, "Ayollar futbolga qiziqishmaydi, shunday bo‘lgach, bu qizgina stadionda nima qilib yuribdi", - deb bitilgan bo‘lsa, boshqasida, "Bu ayolning boshida erkagi yo‘qmi?! Ayol kishining o‘rni uyda", - deya dag‘dag‘a qilingan.

Norozi erkaklar aksariyatining aytishicha, xotin kishining stadionga borishi axloqsizlik va gunoh ishlarga sabab bo‘ladi.

G‘amxo‘rroqdek ko‘ringan boshqalarining nazdida esa, birgina o‘yinni stadiondan ko‘raman deb, xotin-qizlar o‘z sha‘n va or-nomuslarini xatarga qo‘yishlari mumkin.

O‘zi ham vaqtida sportchi bo‘lgan va hozir Saudiya Arabistonida ayollar sportini rivojlantirish yo‘lida ish olib borayotgan Lina al-Maina esa, erkaklarning bu kabi "g‘amxo‘rlik"lariga aqli yetmay, hayron ekanini aytadi.

"Xuddi xotin-qizlar bozor yoki ko‘cha-kuyda tegajoqliklarga uchramayotgandek!..Shunday ekan, stadionning nima farqi bor?", - deya u o‘z taajjublarini izhor etarkan, Lina, "nima uchun men erkaklarning qilmishlari uchun javob berishim kerak!", - deya xitob qiladi.

Ammo Lina asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, jamiyatdagi bu kabi qarashlar o‘zgarib borayotganini ham ta‘kidlaydi.

"Agar, o‘n yil burungi ahvol bilan taqqoslasak, hozir xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishlariga xayrixoh bo‘lgan erkaklarning soni anchagina", - deydi u.

Saudiya Arabistonidagi mahalliy nashrlarning yozishlaricha esa, hukumat hozir erkaklar ham boradigan stadionlarda xotin-qiz ishqibozlar uchun alohida bo‘limlar tashkil qilish masalasini taklif etmoqda.