Qirg‘izistonda Kobani himoyasiga namoyish

Yetmishga yaqin mahalliy kurdlar poytaxt Bishkekda namoyishga chiqib, xalqaro hamjamiyatdan Kobanidagi millatdoshlarini asrab qolishni talab qilishgan.

Maxsus fotoreportajimizda:

Hozirda "Islomiy Davlat" guruhi bilan "hayot-mamot" janglari kechayotgan Suriyaning Kobani shahridagi kurdlarning himoyasiga bag‘ishlangan namoyish Qirg‘iziston poytaxtidagi "Maksim Gorkiy" nomli xiyobonda bo‘lib o‘tgan.

Hozircha Markaziy Osiyoda birinchi bor kuzatilayotgan bu kabi namoyishga yetmishga yaqin mahalliy kurdlar chiqishgan.

Namoyishchilar Birlashgan Millatlar va boshqa xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, ularni Kobanidagi kurdlarga ko‘mak berishga da‘vat qilishgan.

O‘z o‘rnida, ular Qirg‘iziston hukumatini Suriya va Iroqning kattagina hududlarida o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" guruhini qoralashga ham chaqirishgan.

Bishkekda bo‘lgan muxbirlarimizga ko‘ra, bir necha soat davom etgan namoyish tinch yakunlangan.

Namoyishchilar o‘z talablari bitilgan murojaatnomalarini BMT, Olmoniya, Frantsiya, Turkiya, AQSh va Rossiya elchixonalariga yuborishlarini bildirishgan.

Image copyright AFP

Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, bir necha kundan buyon davom etayotgan janglar sabab, Kobanini ko‘pchiligi kurdlardan iborat 200.000 ga yaqin suriyalik tark etgan.

Shahar uchun olib borilayotgan janglarda kamida 400 insonning halok bo‘lgani ham aytiladi.

Bir necha haftadan buyon qamalda qolayotgan Kobanini qo‘lga kiritish "Islomiy Davlat"ga Turkiya chegarasiga yaqinlashish va o‘zaro chegaradagi kattagina hududni o‘z nazorati ostiga olishga imkon beradi.

Shu paytgacha imkonli bo‘lgan xabarlarda islomiy jangarilar shaharning qariyb uchdan bir qismini bosib olishgani aytilgandi.

Ammo, bugun ayon bo‘lishicha, AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarining davomiy havo hujumlari o‘z samarasini bergan.

"Islomiy Davlat" guruhi shu paytgacha egallagan mavqe‘laridan siljiy olmay qolgan.