Yangi hisobot: Yashash uchun qayerga yetmaydi?

Image copyright AFP

Agar Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining xulosasiga tayanilsa, hozir yashash uchun Avstraliyaning Kanberra shahriga yetadigani yo‘q.

Ammo bu ham hali hammasi emas:

Har tomonlama odamlarning ko‘nglini topgan shahar sifatida Kanberra dunyoning qolgan barcha shaharlarini ortda qoldirgan bo‘lsa, bu borada mamlakat o‘laroq Avstraliyaning oldiga tushadigani ham topilmagan.

Bu kabi xulosaga kelish uchun tashkilotga a‘zo 34 davlatning ja‘mi 362 shahridagi shart-sharoit sinchiklab o‘rganib chiqilgan.

Yagona bir to‘xtamga kelish uchun odamlarning daromadi, ta‘lim olish, ishlash imkoniyatlari, xavfsizlik, tibbiy tizimning ahvoli va tevarak-muhiti qanday ekani kabi omillar inobatga olingan.

Insonlarning yashashi uchun zo‘r ekanlik bobida Kanberradan tashqari, Avstraliyaning Sidney, Melburn va Pert shaharlari ham yuqori o‘nlikka kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Iqtisodi dunyoda eng qudratlisi sanaluvchi butunboshli Amerika Qo‘shma Shtatlarini esa, yuqori o‘ntalikda faqat Nyu Hampshir va Minnesota namoyon etishgan, xolos.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, risoladagidek yashash uchun eng nobop deb topilgan 10 shaharning barchasi Meksikaning hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Davlatlarga kelganda ham bu borada Meksika peshqadamlik qilgan.

Undan keyingi o‘rinlarni Turkiya, Mojariston, Polsha va Slovakiya egallashgan.

Faqat o‘ziga a‘zo davlatlardagi vaziyat o‘rganilishi bois, Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining hisoboti keng qamrovli bo‘lmasligi mumkin.

Ammo, shunda ham, o‘nlab dunyo davlatlaridagi yashash darajasi tahlil qilinuvchi sanoqlilaridan biri hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotning xulosa qilishicha, Yillik Ichki Yalpi Mahsulot Ishlab Chiqarish ko‘lami kabi makro-iqtisodiy ko‘rsatkichlar oddiy odamlarning yashash shart-sharoitlarini haqqoniy va to‘lig‘icha ifodalay olmaydi.

"Odamlarning risoladagidek hayot kechirishlari uchun lozim bo‘lgan omillarni yaxshiroq ko‘rsatuvchi ma‘lumotlar esa, bu boradagi davlat siyosatining ishonchliligi va demokratiyaning hayotiyligi uchun muhim", - deyiladi hisobot so‘nggida.