Nega qozoq yoshlari o‘z jonlariga qasd qilishmoqda?

Image copyright Thinkstock
Image caption Qozog‘iston sobiq Sovet o‘lkalari orasida o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi

Qozog‘iston cobiq Covet o‘lkalari ichida o‘smir qizlarning joniga qasd qilishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.

Qizlarning o‘z joniga qasd qilishiga asosiy sabab qilib zo‘ravonlik ko‘rsatilmoqda.

Mutaxassislar Qozog‘istonning iqtisodiy jihatdan jadallik bilan rivojlanishi ham yosh qizlar o‘rtasida joniga qasd qilish hollarining ortishiga sabab bo‘layotganini aytmoqda.

UNICEF o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Qozog‘istondagi 50-60 foiz qizlar oila, maktab va boshqa jamoat joylarila turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka duch keladi.

43% qizlar maktablardagi psixologik zo‘ravonlikdan aziyat chekshinini ma‘lum qilgan.

O‘smir qizlar asosan o‘zini osish, yuqori qavatdan sakrash, dori ichish va shox tomirlarni kesish orqali joniga qasd qilishi ma‘lum bo‘lgan.

Qozog‘istondagi Teng huquqlar va teng imkoniyatlar instituti mamlakatdagi o‘smir qizlar orasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib, ularni o‘z joniga qasd qilishiga qanday omillar undayotganini o‘rganishga harakat qilgan.

Institut prezidenti Margarita Uskembayeva sabablarning boshida qizlarga nisbatan zo‘ravonlik turganini aytadi.

"Birinchi o‘rinda qizlarga nisbatan zo‘ravonlik asosiy sabab bo‘lib chiqdi. Qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bir necha turga bo‘lamiz. Bular jinsiy, jismoniy, psixologik va iqtisodiy zo‘ravonlik", - deydi Margarita Uskembayeva.

Mutaxassisga ko‘ra, keyingi sabab qizlarning ota-onasi bilan bo‘lgan munosati deb topilgan.

O‘smir qizlarning uydagilar bilan munosabatdagi qiyinchiliklar ularning o‘z joniga qasd qilishga olib kelib kelar ekan.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari ichida iqtisodiyoti jadallik bilan o‘sayotgan eng ilg‘or davlat hisoblanadi.

Mutaxassilar, qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, aynan iqtisodiy rivojlanish sur‘atining yuqoriligi ham o‘smir qizlar o‘rtasida joniga qasd qilishning ko‘pligiga bevosita bog‘liqligini ta‘kidlashadi.

"Mamlakatimiz oldinga shunday iqtisodiy siltandiki, buning bahosi qizlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish bilan to‘lanishi mumkin. Chunki hayot surati va darajasi ham ko‘tariladi. Hayotning sifat me‘yorlari o‘zgaradi. Albatta, uning hammasi o‘smir qizlar o‘rtasidagi joniga qasd qilish holatida o‘z aksini topadi", - deydi Margarita Uskembayeva.

Qozog‘iston o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha ilk marta birinchi o‘rinni egallagani yo‘q.

2005 yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan tadqiqotlar ichida Qozog‘iston doim oldingi o‘rinlarni egallab keladi.

Hukumat o‘z fuqarolari erta o‘limidan xavotirlanadi.

Biroq, ushbu soha mutaxassislari ko‘ra, davlat joniga qasd qilishning oldini olish uchun yetarli chora ko‘rmayotir.