Bokuda muxolifatning yirik namoyishi

Ozarbayjon muxolifati yakshanba kuni poytaxt Bokuda so‘nggi yillardagi eng yirik siyosiy namoyishni o‘tkazdi.

"Demokratik kuchlar Milliy Kengashi" tashkil etgan namoyishda siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Ovro‘po Ittifoqi bilan integratsiya, shuningdek Prezident Ilhom Aliyevning iste‘fosi ham talab qilingan.

BBC O‘zbek xizmati Ozarbayjondagi yetakchi muxolifat partiyalaridan "Musavot" rahbari Orif Hojili bilan bog‘lanib, ozariy muxolifati bu kabi namoyishlar bilan nimaga erishmoqchi, deya so‘radi.

Janob Hojilining aytishicha, Ozarbayjonda hozir inson haqlari bilan bog‘liq vaziyat juda ham yomon.

"Yuzdan ortiq siyosiy mahbuslar mavjud. Ularning ko‘pchiligi "Xalqaro Amnistiya" tarafidan vijdon mahbuslari deb e‘lon qilgan. Yig‘ilish va mitinglar o‘tkazish erkinligi cheklanmoqda, erkin saylovlar yo‘q. Hukumat shahar markazida, maydonlarda namoyish o‘tkazishga ruxsat bermaydi. Kechagi namoyish yopiq joyda, stadionda o‘tkazildi. Shuning uchun Ozarbajon muxolifati fuqarolarning huquq va erkinliklari uchun kurashmoqda", dedi "Musavot" rahbari.

Bokudagi namoyishlar mobaynida ba‘zilarning qo‘llarida arabcha xat bitilgan qora bayroqlar paydo bo‘lganligini izohlar ekan, Orif Hojili buni rasmiylarning ig‘vosi sifatida talqin qildi.

"Bu hukumat tarafdorlarining odatdagi provokatsiyasi ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ozarbayjonda va ayniqsa, Bokudagi muxolifat namoyishida hech kim "Islomiy Davlat" terrorchi tashkilotining bayrog‘ini ko‘tarishi mumkin emas. Namoyish faollari qora bayroq ko‘targan bitta odamni ushlab, politsiyaga topshirdilar. Ammo undan keyin nima bo‘lgani menga qorong‘u", dedi muxolifat rahbari.

U muxolifat noyabr oyiga yana namoyishlar rejalaganini aytdi.

Oxirgi oylar davomida Ozarbayjonda qator mustaqil jurnalist va huquq faollari hisbga olinib, mahkamaga tortilgan.

Your contact details
Disclaimer