Britaniya parlamenti Falastin davlatini muhokama qiladi

Image copyright Press Association

13 oktyabr kuni Britaniya parlamenti Falastin davlatini tan olish masalasi bo‘yicha ovoz berishni mo‘ljallagan.

Britaniya parlamentidagi ushbu muhokama "tarixiy ovoz berish" deya ta‘riflanmoqda.

Ushbu ovoz berish ramziy bo‘lib, Britaniya hukumatining siyosatiga ta‘sir ko‘rsatmaydi, biroq xalqaro ta‘sirga ega bo‘lishi aytilmoqda.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, dushanba kuni ushbu masalani parlament a‘zolariga Leyboristlar partiyasidan Grexem Morris taqdim qiladi.

Taqdimnomani muxolifatdagi Leyboristlar partiyasining "soya hukumati" to‘la qo‘llab-quvvatlagan.

Britaniya parlamenti ushbu masalani Shvetsiya yangi hukumati Falastinni davlat sifatida e‘tirof etgani ortidan muhokamaga qo‘ygan.

O‘tgan hafta Shvetsiyada hokimiyatga kelgan markaz-so‘lchi hukumat Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan oldi.

Bu bilan Shvetsiya Falastinni rasman e‘tirof etgan Ovro‘po Ittifoqining uzoq muddatli a‘zosi bo‘ldi.

Shu paytgacha Falastinni dunyoning 130 tacha mamlakati tan olgan.

Shu haftada Frantsiya Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi, Falastinni davlat sifatida e‘tirof etish kelajakda ijobiy qadam bo‘ladi, deb aytgan.

Isroil xalqaro miqyosda Falastinni davlat sifatida tan olinishiga qarshilik ko‘rsatib keladi.

Isroilga ko‘ra, Falastinni davlat sifatida e‘tirof etishga hali erta va tan olish Isroil bilan Falastin o‘rtasidagi tinchlik jarayonini izdan chiqarishi mumkin.

Falastin rasmiylari esa tinchlik muzokaralari barbod bo‘lib kelayotgani sababidan ham xalqaro e‘tirofni qo‘lga kiritish yo‘llarini izlashga majbur bo‘lganlar.

Falastin rasmiylari ishonishicha, yanada ko‘p xalqaro miqyosdagi e‘tirof Isroilga nisbatan bosimni oshiradi.

Britaniyadagi Leyboristlar ikki marta - 2011 va 2012 yillari Falastinning Birlashgan Millatlar tashkilotida davlat sifatida tan olinishi so‘rab qilgan murojaati ortidan Britaniya hukumatini tan olishga chaqiriqlar bilan chiqqan edi.

2012 yilda BMT Bosh Assambleyasi Falastin maqomini ko‘targan, unga "a‘zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat" maqomi berilgan.

Ushbu qarorni Bosh Assambleyaning 138 a‘zosi yoqlab ovoz bergan, 41 mamlakat, shu jumladan, Britaniya ham betaraf qolgan.

10 oktyabr kuni Quddusi Sharifdagi uch Nasroniy cherkovi ruhoniylari Ovro‘po hukumatlariga ochiq xat e‘lon qilganlar, bu ochiq xatda Falastinni davlat sifatida, Sharqiy Quddusni esa uning poytaxti sifatida tan olishga chaqirganlar.

Maktubga Kataolik cherkovining Quddusdagi sobiq Latin patriarxi Maykl Sabbax, Yunon Ortodoks arxiyepiskopi Sebastiya va Lyuteran Jahon Federatsiyasi prezidenti yepiskop Munib Yunan imzo qo‘yganlar.

Quddusning joriy Latin patriarxi Fuad Tval ochiq maktubga imzo chekmagan.

Your contact details
Disclaimer